Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari 2017-2022 yillarda amalga oshirilgan faol islohotlar jarayonida Andijon viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi asosiy o‘zgarishlarni tahlil qildi.
2017-2022 yillarda Andijon viloyatida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. So‘nggi olti yilda viloyat yalpi hududiy mahsuloti joriy baholarda 19,8 trln so‘mdan 54,5 trln so‘mga (real bahoda 41,1 foiz o‘sish) ortdi. Bu, o‘z navbatida, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM hajmini 15 mln so‘mdan ziyodga ko‘payishini ta’minladi. Mazkur davrda aholi soni 10,3 foizga oshib, qariyb 3,3 mln kishini tashkil etdi.
Viloyatda sanoat salohiyatidan samarali foydalanish va yangi zamonaviy ishlab chiqarish kuchlarini barpo etish natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 13,3 trln so‘mdan 54,1 trln so‘mga yoki 1,9 baravarga oshdi. Shu bilan birgalikda viloyat YaHMning tarkibida sanoat va qurilish tarmog‘ining ulishi 18,1 foizdan 29,0 foizga ko‘paydi. Bu esa, hudud iqtisodiyotini diversifikatsiyalash va hududni rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
Qishloq xo‘jaligini isloh qilish va qulay agrobiznes muhitini yaratish orqali sohada ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 21 foizga oshdi. 2017 yilda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 16,0 trln so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 37,4 trln so‘mga yetdi.
Zamonaviy maishiy xizmatlarga bo‘lgan talabni to‘liq qondirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida bozor xizmatlari hajmi o‘tgan davr mobaynida 1,8 baravar ko‘payib, 2022 yilda 17,6 trln so‘mga yetdi.
Tashqi savdoni erkinlashtirish, tadbirkorlik sub’yektlarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan choralar natijasida so‘nggi 6 yil davomida viloyatning eksporti hajmi 5 baravarga ortdi va 2016 yildagi 266 mln dollardan 1,2 mlrd AQSh dollariga ko‘paydi.
Ushbu davr mobaynida viloyatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar 5,4 mlrd dollar investitsiyalar o‘zlashtirish imkonini berdi. Natijada, faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 2017 yildagi 35,4 mingdan 2022 yilda 49,2 minggacha ko‘paydi yoki 1,4 baravarga oshdi.
Infratuzilmani rivojlantirish sohasida 2017-2022 yillarda 35,1 km gaz quvurlari va 2 043 km suv ta’minoti tarmoqlari yotqizildi, 20,5 km yangi avtomobil yo‘llari ishga tushirildi. Shu davr mobaynida 244 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Viloyat aholisi mamlakat aholisining 10 foizini tashkil etadi, viloyat hududi esa respublika hududining atigi 1 foiziga teng. Shu bois ko‘p qavatli uylar qurish orqali aholining o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, o‘tgan olti yil davomida viloyatda 6 868,6 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 24,8 ming o‘rin, maktablarda 59,7 ming o‘rin, shifoxonalarda 4,4 ming yangi o‘rin barpo etildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish