Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan yillik Makroiqtisodiy sharh tayyorlandi.
Makroiqtisodiy sharh Markazning muntazam nashri hisoblanadi. Unda O‘zbekistondagi makroiqtisodiy vaziyatning tezkor tahlili taqdim etilib, qisqa muddatli istiqboldagi rivojlanishi bo‘yicha baholashlar keltiriladi.
Nashrda yalpi ichki mahsulot, sanoat, investitsiyalar, iste’mol xarajatlari, inflyasiya, foiz stavkalari, kreditlash, ichki va tashqi savdo, davlat byudjeti xarajatlari va daromadlari, siklik moslashtirilgan byudjet balansi kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilingan.
Sharh milliy iqtisodiyot rivojlanishining holati va asosiy tendensiyalarining monitoringi, shu jumladan, qisqa muddatli iqtisodiy istiqbollarini shakllantiruvchi pul-kredit va fiskal sohalardagi davlat siyosati masalalarini qamrab oladi.
Sharhning maqsadi makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va milliy iqtisodiyotning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish shartlarini ta’minlash bo‘yicha iqtisodiy siyosat sohasidagi rivojlanish istiqbollarini baholashdan iborat.
O‘zbekiston YaIM o‘sishi 2023 yilda 6,0%ni tashkil qildi. O‘sish drayveri sifatida investitsiyalar 22,1%ga o‘sib, 30 mlrd dollarga yetdi. Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 56,2%ga o‘sib, 14,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YaIMga nisbatan tashqi savdo balansining manfiy saldosi 15,1%ni va konsolidatsiyalashgan byudjet defitsiti 5,5%ni tashkil qildi.
Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024 yilda iqtisodiy o‘sish 5,8% atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunda aholi iste’moli va investitsiyalar o‘sishi mos ravishda 4,8% va 7,6%ni tashkil etadi.
Sharhining asosiy xulosalari:
- investitsiyalar o‘sishining tezlashishi 2023 yildagi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biri bo‘ldi. Xususan, 2023 yilda jami 352,1 trln so‘m (30 mlrd doll) investitsiyalar amalga oshirilgan bo‘lib, real hisobda 22,1%ga o‘sdi;
- Markazning Iste’molchilar kayfiyati indeksi natijalari ham iqtisodiyotda optimistik kayfiyat yuqori ekanligini ko‘rsatgan. Aholi xarajatlari ko‘payishini, shu jumladan, ularga ajratilgan kreditlarning o‘sishi bilan izohlash mumkin. Xususan, 2023 yilda aholiga 100,2 trln kredit berilgan bo‘lib, 2022 yilga nisbatan 1,5 baravar ko‘paygan;
- tarmoqlar kesimida YaIM o‘sishiga eng katta hissani ishlab chiqarish, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi hamda boshqa turdagi xizmat ko‘rsatish tarmoqlari qo‘shdi;
- 2023 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari o‘sishi 12,3%ni tashkil qilib, nominal YaIM o‘sishidan (19%) past kuzatilgan. 2024 yilda ham nominal YaIM o‘sishi (22,1%) byudjet daromadlari o‘sishidan (16,8%) yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
- konsolidatsiyalashgan byudjet xarajatlari 379,2 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 35,6%ni tashkil qildi. 2023 yilda xarajatlar o‘sishi sekinlashib, 17,9%ni tashkil qildi;
- 2023 yil kreditlar qoldig‘i o‘sishi o‘tgan 2 yilga solishtirganda biroz tezlashib, 20,9%ga yetgan.
- 2023 yilda tashqi savdo aylanmasi 62,6 mlrd - eksport 24,4 mlrd va import 38,1 mlrd dollarni tashkil etdi. 2022 yilga nisbatan eksport 23,8%, import 24,0%ga o‘sdi.
- 2018-2023 yillarda YaIM dollar hisobida 1,7 baravarga ortgan bo‘lsa, ushbu davrda oltinsiz eksport 1,5 baravar, import 2 baravar ko‘paygan. 2023 yilda savdo balansi manfiy saldosi 13,7 mlrd dollarga yoki YaIMga nisbatan 15,1%ga yetdi;
- mamlakat savdo shartlarida pasayish davom etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich 2023 yilda 1,2%ga yomonlashgan bo‘lsa, 2018 yildan beri 12,4%ga pasaygan.
2023 yilning yanvar-iyun oylari uchun Makroiqtisodiy sharhni yuklab olish
2023 yilning yanvar-sentyabr oylari uchun Makroiqtisodiy sharhni yuklab olish
2023 yilning yanvar-dekabr oylari uchun Makroiqtisodiy sharhni yuklab olish
Izoh qoldirish