15 oktyabr kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan qatlam bilan ishlash tizimi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” doirasida qilingan ishlarning sarhisobiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Savdo-sanoat palatasi rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Brifingda 2017-2021 yillarda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida amalga oshirilgan islohotlar, ularning natijadorligi, 2017-2021 yillarda bank tizimida amalga oshirilgan asosiy islohotlar, Byudjet ochiqligi, Ijtimoiy himoya, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, Biznesni qo‘llab-quvvatlash va uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasida ko‘rilgan asosiy choralar to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.
Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev aholini yillar davomida qiynab kelgan naqd pul muammosi yechimi qanday amalga oshirilgani va qanday natijalarga olib kelgani borasida aytib o‘tdi.
“Ichki valyuta bozori va naqd pul muomalasidagi muammo va to‘siqlar yillar davomida inflyasiyaning yuqori ikki xonalik son darajasida shakllanishiga olib kelish bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan.
2017 yilda pul-kredit siyosatini rivojlantirishda inflyasion targetlash rejimini joriy qilishga qaratilgan tayyorgarlik ishlari boshlandi hamda iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash Markaziy bankning asosiy vazifasi etib belgilanishi, pul-kredit siyosatini rivojlantirishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Mamlakatda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida 2020 yildan pul-kredit siyosatini inflyasiyani targetlash rejimiga o‘tkazishning aktiv fazasi boshlanib, 2021 yilda inflyasiya darajasini 10 foiz, 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyasion maqsadgacha (targetgacha) pasaytirish belgilandi.
Bunda, pul-kredit siyosatini inflyasion tergetlash rejimiga muvofiqlashtirish maqsadida zamonaviy pul-kredit instrumentlari to‘plami joriy etildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, inflyasiya darajasini 2017 yil oxiridagi yillik 18,8 foizdan 2020 yil oxirida yillik 11,1 foizgacha pasaytirishga erishildi”, deydi Behzod Hamrayev.
Hududlardagi asosiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bu ishsizlik, daromadlarning poytaxtga nisbatan pastligi, kambag‘allik. Ushbu muammolarga yechim albatta tadbirkorlikni rivojlantirish. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi Adham Ikramov 5 yilda bu masalada amalga oshirilgan ishlar borasida aytib o‘tdi.
“Tadbirkorlik faoliyatida tekshirishlar o‘tkazishga moratoriy e’lon qilinishi, valyuta siyosatining erkinlashtirilishi, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini isloh qilinishi, soliq yuki va soliq turlarining qisqartirilishi, litsenziya va ruxsatnoma berishning soddalashtirilishi, tashqi iqtisodiy faoliyat erkinlashtirilishi, viza rejimining soddalashtirilishi va qo‘shni davlatlar bilan aloqalarning tiklanishi – bular biznesni qo‘llab-quvvatlash va uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasida ko‘rilgan asosiy choralar bo‘ldi.
Shu bilan birga tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasining kuchaytirildi, tadbirkorlarning biznes loyihalarini amalga oshirish uchun moliyaviy ko‘mak dasturlari joriy etildi”, deydi Adham Ikramov.
Shuningdek, brifing ishtirokchilarining “Oxirgi yillarda kambag‘allik tushunchasi, bu mavzu atrofidagi fikrlar bot-bot qaytarilmoqda. Oldinlari bu muammo haqida gapirish hattoki ta’qiqlangan edi. Bugun esa ochiq aytilishiga sabab nima? Balkim kambag‘allar soni ko‘payib ketayotganidandir, balkim bozor iqtisodiyotiga o‘tish va liberallashtirish siyosati kambag‘allar haqida alohida qayg‘urish kerakligini bildirar? – degan savollariga Moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isakov javob berdi.
“2020-2021 yillarda respublikada kambag‘allikni qisqartirish vositalarining asosiy strategik yo‘nalishlari amaliyotga joriy etildi. Birinchidan, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishning institutsional asoslari yaratilib, kambag‘allikni qisqartirish masalalarini muvofiqlashtiruvchi vazirlik hamda ushbu yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boruvchi ilmiy markaz tashkil etildi.
Ikkinchidan, pandemiya sharoitida ehtiyojmand aholini moddiy va nomoddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joylardagi 4 ta sektor, mahalla organlari, keng jamoatchilik vakillari hamda deputatlar bilan birgalikda kambag‘al va moddiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxati - “Temir daftar” tizimi tashkil etildi.
Uchinchidan, Jahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi kabi xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari asosida Vazirlar Mahkamasining “Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi”, – deya ta’kidladi Odilbek Isakov.
Ushbu brifingni o‘tkazishdan maqsad, tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan qatlam bilan ishlash tizimi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” doirasida qilingan ishlarning sarhisob qilishdir.
Izoh qoldirish