Obid Xakimov: O‘zbekiston 2030 yilgacha belgilangan majburiyatni oldindan bajardi (+video)

Obid Xakimov: O‘zbekiston 2030 yilgacha belgilangan majburiyatni oldindan bajardi (+video)

Namanganda «Kambag‘allikdan farovonlik sari» III xalqaro forumi o‘tkazildi. Unda 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar, jumladan, Islom taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, BMT tuzilmalari, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Xalqaro mehnat tashkiloti rahbarlari hamda bir qator davlatlar delegatsiyalari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum ochilishida ishtirok etib, nutq so‘zladi va xalqaro hamkorlar hamda nufuzli mehmonlarga samimiy minnatdorlik bildirdi. Tadbirning asosiy maqsadi — kambag‘allikni qisqartirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalari bo‘yicha samarali xalqaro muloqot maydonini yaratishdan iborat.

Forum doirasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov O‘zbekiston24 telekanalining “Tahlilnoma” ko‘rsatuviga intervyu berdi. Uning ta’kidlashicha:

“Butun dunyo 2030 yilgacha absalyut kambag‘allikni qisqartiramiz degan katta maqsad qo‘ygan. Bu borada Barqaror rivojlanish maqsadlari qabul qilingan bo‘lib, ularning eng birinchisi – absalyut kambag‘allikni butunlay bartaraf etishdir. O‘zbekiston ham ushbu harakatga qo‘shilgan. Agar bu maqsadlar 2015 yilda tasdiqlangan bo‘lsa, mamlakatimiz 2018 yilda yangi islohotlar jarayonida o‘z oldiga BRM bo‘yicha majburiyatlarni belgilab oldi. Shu asosda 2030 yilgacha kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirishni maqsad qilgan edik.”

Bu fikrlar O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan bir safda harakat qilayotganini va milliy islohotlar global maqsadlar bilan uyg‘un ekanini ko‘rsatadi.

“Biroq, 2020 yilda yirik kambag‘allik dasturini boshlaganimizda, hatto milliy mezon ham mavjud emas edi. Shu bois Jahon banki bilan hamkorlikda milliy kambag‘allik mezoni ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, 2020 yilda aholining 23 foizi kambag‘allik chizig‘idan pastda yashardi. Bugungi kunga kelib, bu ko‘rsatkich 2024 yil yakunida 8,9 foizga, 2025 yilning yarim yilligida esa 6,8 foizga tushdi. Demak, O‘zbekiston 2030 yilgacha belgilangan majburiyatni oldindan bajardi. Endi esa 2030 yilgacha absalyut kambag‘allikni butunlay bartaraf etish bo‘yicha yangi maqsad qo‘ydik.”

Bu jarayon mamlakatda nafaqat amaliy islohotlar, balki samarali hisobot tizimi yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda kambag‘allikni o‘lchashning aniq milliy mezonlarini joriy etdi va qisqa vaqt ichida katta natijalarga erishdi.

“Shuningdek, iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga to‘xtalsak, 2017 yilda yalpi ichki mahsulotimiz aholi jon boshiga 1600 dollar bo‘lgan bo‘lsa, bugun 3100 dollarga yetdi. 2026 yilda 100 milliard dollar YaIMga erishish maqsad qilingan edi, ammo bu natijaga allaqachon – 2024 yilda erishildi. Hozirgi ko‘rsatkich 115 milliard dollarga yetdi.”

Bu raqamlar iqtisodiy o‘sishning barqarorligi va islohotlarning samaradorligini yaqqol namoyon etadi. O‘zbekiston belgilangan maqsadlarni muddatidan oldin bajarayotgani mamlakat taraqqiyotining tez sur’atlarda ketishiga dalildir.

Forum ishtirokchilari ta’kidlaganidek, 2030 yilga qadar dunyo miqyosida belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xalqaro hamkorlik va tizimli choralar muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston esa o‘zining amaliy islohotlari va iqtisodiy o‘sish sur’atlari bilan ushbu maqsadlarga munosib hissa qo‘shmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar