2023 yil 12 dekabr kuni Progressiv islohotlar markazi tomonidan “Kelajakni loyihalash: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida rivojlanishning muhim istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Konferensiya mamlakatdagi transformatsiya jarayonlari, mavjud muammolar, rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlarini texnologiya va geosiyosiy voqelikning global tendensiyalarini hisobga olgan holda ekspertlik muhokamasi uchun ochiq maydonga aylandi.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jadallashgan va O‘zbekiston yangi taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘ymoqda, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ta’limiy, ilmiy muhitning o‘zi esa ancha murakkab va serqirra bo‘lib bormoqda. Bu o‘rinda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining qabul qilinishi va “inson – jamiyat – davlat” tamoyilga asoslangan islohotlar falsafasining keyingi evolyusiyasi tabiiy ko‘rinadi. Uning kun tartibiga milliy iqtisodiyot va iqtisodiy o‘sishni transformatsiya qilish, inklyuziv va barqaror jamiyat qurish, samarali energetika tizimini yaratish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish kabi vazifalar kiritilgan.
Tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuxamedov o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Markaz eksperti ta’kidlangandek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishida jami 17 ta maqsadlar belgilangan. Jumladan kelgusi 7 yillikda iqtisodiyotimizni 2 barobar oshirib, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshirish maqsad qilingan.
“Iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha taniqli ekspertlarning fikricha, mavjud salohiyatni inobatga olgan holda O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi o‘n yilliklarda mintaqadagi eng rivojlangan iqtisodiyotni qurishi va nafaqat o‘zi balki qo‘shni davlatlarni ham o‘rta rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishi mumkin.
Ushbu maqsadlar uchun 2030 yilgacha 250 milliard dollar investitsiyalarni talab etadi. Bundan 110 milliard dollarni xorijiy investitsiyalar hisobiga, 40 mlrd dollarni – davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb etish ko‘zda tutilgan” – deydi Muhsinjon Xolmuxamedov.
O‘zbekistonda o‘zgarishlar markazida inson, uning huquq va qonuniy manfaatlari turibdi. Inson kapitaliga, bilim va innovatsiyalarga yo‘naltirilgan investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri, uning raqobatbardoshligini oshirish va mamlakatni barqaror rivojlantirish sharti sifatida qaralmoqda.
“Butun dunyoda tobora dolzarb bo‘lib borayotgan “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning drayveri bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan keng foydalanish keskin oshiriladi. Bu borada, 2030 yilga kelib 118 milliard kilovatt soat energiya ishlab chiqarilsa, shundan qayta tiklanuvchi energiya manbalari 25 ming mega-vattga, ularning ulushi esa hozirgi 14 foizdan 40 foizga yetkaziladi. 2024 yildan boshlab sanoatda “yashil sertifikat”lar bozori yaratiladi, avtobuslar harakati ekologik toza elektr yoki gaz yoqilg‘isiga to‘liq o‘tadi hamda barcha yangi uylar va asbob-uskunalarga energiya tejash talablari kiritiladi”, – deydi ekspert.
Tabiiy va energiya resurslaridan barqaror va samarali foydalanishga asoslangan “yashil” iqtisodiy o‘sishning Milliy strategiyasi atrof-muhit ifloslanishini minimal darajaga tushirish orqali tabiiy ofatlar hamda iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirishga qaratilgan. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga “yashil” texnologiyalarning joriy etilishi aholi turmush sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada, shaharlarda yashash yanada yoqimli va qulay bo‘ladi, hayot sifati, uning davomiyligi oshadi, chaqaloqlar o‘limi kamayadi va hokazo.
“Iqtisodiyotimiz energiya sig‘imkorligini oshirish, bir birlik energiya resursi evaziga 2 karra ko‘proq qiymat yaratish vazifasi belgilangan. Bu degani kelgusida energetika sohasini ham jadal rivojlantirib aholi va sanoatga barqaror va sifatli energiya bilan ta’minlash shu jumladan toza energiya manbalarini kamida 40 foizga yetkazish marralari belgilab olingan.
Buning uchun, albatta yuqori energiya sig‘imkor sohalar, xususan raqamli texnologiyalar, fintex, moliyaviy xizmatlar kabi yangi tarmoqlarni rivojlantirish zarur. Xususan, IT sektordagi o‘zgarishlarni ko‘radigan bo‘lsak, hozirda ushbu soha qariyb 1 mlrd dollarlik marralarni zabt etilgan bo‘lsa kelgusi 7 yilda ushbu ko‘rsatkichni kamida 5 karra oshirish istiqbollari mavjud”, – deydi M.Xolmuxamedov.
Shu bilan birga, aholi daromadlari o‘rtasidagi keskin tafovutlarni oldini olish, hududlarda barqaror ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik harakatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali yangi o‘rta sinf qatlamini kengaytirish va eng asosiysi aholi farovonligini ta’minlash ham eng muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.
“Mamlakatimizda, 2021 yili kambag‘allik darajasi 17%ni tashkil etgan bo‘lsa, birgina o‘tgan yilning o‘zida yaratilgan imkoniyatlar evaziga jami 1 mln nafarga yaqin fuqarolarimiz kambag‘allikdan chiqarilib o‘tib ushbu ko‘rsatkich 14% ga tushdi. Ta’kidlash joizki, 2026 yilga qadar kambag‘allikni 8,5 foizga, 2030 yilga qadar esa keskin qisqartirish va 7%ga tushirish choralari ko‘riladi. Bunda, oilaviy tadbirkorlik asosida bandlikni ta’minlashda oddiy “qo‘l mehnati”dan – sanoatlashgan ishlab chiqarish bosqichiga o‘tish, uskuna sotib olish uchun imtiyozli kredit miqdorini 100 mln so‘mgacha oshirish maqsadlari belgilangan.
Shu bilan birga, Yoshlar orasida ishsizlik darajasini 14 foizdan 6 foizga kamaytirish. Ushbu maqsadlarda, 2030 yilga qadar har bir hududning demografik, tabiiy, infratuzilmaviy xususiyatlariga ko‘ra mehnat bozoriga ilk marotaba kirib kelayotgan 1 mln nafar yoshlar uchun munosib daromad manbaiga ega bo‘lishlari uchun har tomonlama sharoit yaratiladi”, – deydi ekspert.
Izoh qoldirish