Jizzax viloyatida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi natijalar

Jizzax viloyatida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi natijalar

Ushbu tadqiqot aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar, Milliy statistika qo‘mitasi ochiq ma’lumotlari hamda mahalliy hokimlik ma’lumotlari asosida amalga oshirildi.

Muhim ko‘rsatkichlar

2025 yilda Jizzax viloyatida 5 700 xonadonni o‘z ichiga olgan 134 ta turar-joy binolari barpo etilmoqda. Ularda avtomatlashtirilgan isitish tizimlari, LED yoritish vositalari, quyosh panellari va issiqlikni tejovchi zamonaviy materiallardan samarali foydalanilmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda viloyatda aholi jon boshiga elektr energiyasi iste’moli 1 376 kVt/soatni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 8-o‘rinni egalladi.

So‘rov natijalari uy-joylar maydonining o‘rtacha 128 m² ni tashkil etishini, aholi tomonidan uylarni zamonaviy ta’mirlash va energiya tejamkor uskunalar bilan jihozlash jarayoni tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatdi.

Quyosh energiyasi – yangi imkoniyatlar

Joriy yil may–iyul oylarida viloyatdagi davlat tashkilotlari va aholi xonadonlarida jami 5 MVt quyosh panellari o‘rnatildi. Shundan 2 MVt davlat muassasalari va ijtimoiy ob’yektlarga, 3 MVt esa aholi uy-joylariga to‘g‘ri keladi.

Quyosh panellari o‘rnatilgan xonadonlarda elektr energiyasi xarajatlari sezilarli darajada kamaydi. So‘rovlarda ishtirok etgan respondentlarning katta qismi kelgusida quyosh panellari va boshqa «yashil» texnologiyalarni joriy qilish niyati borligini bildirdi.

Xorij tajribasi

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, energiya samaradorligiga yo‘naltirilgan har 1 dollar sarmoya 3–5 dollar iqtisodiy samara keltiradi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasida aholining energiya tejamkor uylarda yashashini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar va subsidiyalar keng qo‘llanilmoqda. Germaniyada 2016 yilda boshlangan “Isitishni optimallashtirish” (Heizungsoptimierung), Chexiyaning "Yangi ekologik tejamkorlik" (Nova zelena usporam), Ukrainada 2014 yilda "Issiq kreditlar" (Teplі krediti) dasturlari shular jumlasidandir.

Xulosa

Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat aholi xarajatlarini qisqartirish, balki zamonaviy va barqaror infratuzilmani shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Energiya tejamkor texnologiyalar va quyosh panellari joriy etilishi mahalliy aholi hayoti sifatini oshirib, ekologik barqarorlikka hissa qo‘shmoqda.

Markaz tomonidan o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining zamonaviy energiya samarador yechimlarga qiziqishi ortib bormoqda va bu tendensiya viloyatda yangi «yashil taraqqiyot» bosqichini boshlab bermoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar