Kun tartibida – inson qadri, xalq roziligi

Kun tartibida – inson qadri, xalq roziligi

Deylik, Rishtonning Polvonobod qishlog‘ida 1960 yillarda qurilgan bir shiypon anchadan beri bo‘sh turgan edi. Shu qishloqlik tadbirkor Ikromjon Mamatqulov bu yerda davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida yangi bino qurish taklifi bilan chiqdi. Bu masala ham shu yerda o‘rganilib, hal qilingach, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Ayni paytda yangi binoni qurish ishlari boshlangan. Binoning asosiy qismida mahalla idorasi joylashsa, yerto‘lasida chevarchilik korxonasi tashkil qilinadi, bo‘shagan maydonda esa muzlatgichli omborxona bunyod qilinadi. Bu bilan mahallada o‘nta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bag‘dodlik 23 yoshli tadbirkor Sherzodbek Abduxalilov tumandagi kichik sanoat zonasida ixcham inkubatorlar, muzqaymoq, ko‘mir briketlari va kir yuvish vositalari tayyorlash uskunalari-yu dastgohlarini ishlab chiqarmoqda. Birgina “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida mamlakatimiz bo‘ylab 300 dona inkubator yetkazib berildi.

Bu yil yosh tadbirkor faoliyatini kengaytirish uchun bankdan kredit olmoqchi bo‘ldi-yu, ishi hadeganda bitavermadi. O‘sha kunlarda davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhi Farg‘ona viloyatida ommaviy qabullar o‘tkazdi-yu, bu masala qabulning o‘zida ko‘rib chiqilib, hal qilindi. Tadbirkorga yaqinda 350 mln. so‘m kredit berildi. Bu mablag‘ evaziga xorijdan tokarlik stanogi, payvandlash dastgohlari xarid qilindi. Ayni kunlarda yangi uskunalar mamlakatimizga olib kelinmoqda. Bu bilan qishloqdagi yana 12 nafar inson doimiy ishli bo‘ladi.

Qadimdan tadbirkorlari bilan mashhur Qo‘qon shahrida ham tadbirkorlar murojaatlarini hal qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani aholi bandligini ta’minlash, ishlab chiqarish ko‘lamini oshirish borasida yangi-yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Aytaylik, shaharning “Ashurali Zohiriy” mahallasi o‘ramida uzoq vaqtdan beri bo‘sh turgan yerlar mahallaning10 nafar tadbirkoriga ajratib berildi. Ular orasida Munavvar Ashurov ham bor. Bunga qadar xonadonida trikotaj mahsulotlari tayyorlab, yillar davomida bu ishning hadisini olgan tadbirkor yigit hozircha mahallasidagi 20 nafar xotin-qizni ishli-joyli qildi.

Munavvar Ashurov endi qo‘shimcha yer maydoni olib, yangi oilaviy korxona binosini barpo etdi. Qurilish ishlari yakunlanish arafasida. “Yakka tartibdagi tadbirkor” maqomi “oilaviy korxona”ga o‘zgartirilishi bilan 600 mln. so‘m kredit olinib, korxona jihozlanadi, ish boshlaydi. Bu bilan 20 ta ish o‘rni uch barobarga oshadi.

Murojaatlar asosida nainki tadbirkorlik, balki yo‘l, suv, elektr energiyasi kabi odamlar turmushidagi eng birlamchi masalalarga oid murojaatlar ham joyiga chiqib o‘rganilib, muammolar aholi va sektorlar bilan kengashilgan holda hal qilib berilmoqda. Deylik, Buvayda tumanining biroz chekkaroq, markazdan uzoqroq hududi – Cho‘taka mahallasida 30 yildan buyon ichimlik suvi muammo, ko‘chalar loy – chang edi. “Edi” deganimizki, shu paytgacha noravon ko‘chalardan 3 km. yo‘l bosib suv tashib ichgan cho‘takaliklar shu masalalarga yechim so‘rab murojaat qilgach, 900 ta xonadonni qiynab kelayotgan mazkur tizimli muammolarni hal qilish bo‘yicha mahalliy dasturlarga taklif tayyorlandi. Taklif loyihaga, loyiha dasturga aylandi. Bu masalani hal qilishning huquqiy-moliyaviy asosi paydo bo‘lgach, amaliy ishlar boshlandi.

Bu yil mahalliy dastur asosida 6 mlrd. so‘m evaziga hududni to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun ikki bosqichda ish boshlandi. Birinchi bosqichda Damariq qishlog‘idagi 400 ta xonadonga obi-hayot olib kelish uchun 6 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortish, 1 ta ichimlik suv qudug‘i qazish, 300 kubometrli suv saqlash ombori va yangi elektr transformatori qurish ishlari olib borilmoqda. Keyingi bosqichda esa qolgan 500 ta xonadonga ichimlik suvi tortib beriladi.

Quvasoy shahrining “Qal’acha” mahallasi aholisi murojaatlari asosida hududdagi 14 ta xonadonni ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi ham kun tartibida turgan edi. Bu bo‘yicha ham taklif tayyorlab berilgach, mahalliy dastur asosida ajratilgan 76 mln. So‘m evaziga 1,4 km tarmoq tortilib, 14 xonadonga obi-hayot kirib bordi. O‘rganishlar asosida hududdagi eskirgan simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilib, 450 metr elektr tarmog‘i tortilib, elektr ta’minotidagi masala ham ijobiy hal etildi.

Davlatimiz rahbarining “Ijtimoiy davlat” g‘oyasi, har bir ehtiyojmand insonni hech qanday istisnosiz ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tizimi murojaatlar bilan ishlash natijalarida ham aks etmoqda. Bu borada birgina misol – qo‘qonlik Ilhomjon Turdiyev hikoyasi yetti jondan iborat oila taqdiriga tutash. Ilhomjon aka ikki yil avval rafiqasini so‘nggi yo‘lga kuzatdi. Ikki farzandida nogironlik bor, bir qizi turmushidan ajrab, ikki farzandi bilan ota uyiga qaytgan. Boz ustiga nevaralardan biri ham tug‘ma nogiron. Yana bir o‘g‘li30 yoshga qarab ketyaptiki, uni uylash, oilali qilishga uy-joy muammo bo‘lib turgan edi. Sababi yetti jon 3 xonali kvartiraga tiqilib yashardi. Ayni masaladagi murojaat joyiga chiqib o‘rganilgach, ularga ijtimoiy uy ajratildi. Oila boshlig‘i ikki qizi va ikki nevarasi bilan yangi xonadonga ko‘chib o‘tdi.

O‘rni kelganda, aytish kerakki, yaqinda Qo‘qonning “Temir Malik” ko‘chasida qurib foydalanishga topshirilgan ko‘pqavatli uyning birinchi qavatidagi 8 ta xonadon nogironligi bor shaxslarga ajratib berildi.

Qo‘qonlik ikki farzandning otasi Ulug‘bek Yo‘ldoshev 16 yoshda yurak xastaligiga uchragan, nogironlik nafaqasi hisobiga kun kechirmoqda. Yurak jarrohligini o‘tkazishga esa, tabiiyki, imkon qilolmadi.Ayni shunday og‘ir pallada davlatimiz unga yordam qo‘lini cho‘zdi. Murojaati asosida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 40 mln. so‘m ajratilgach, murakkab yurak jarrohligi amaliyoti o‘tkazildi. Endi Ulug‘bek kundan-kun sog‘ayib bormoqda.

Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz! Murojaatlar asosida muammolarni hal qilish borasidagi Prezident Xalq qabulxonalarining barcha amaliy sa’y-harakatlari shu ezgu g‘oya ijobatiga xizmat qilmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar