Nizomga ko‘ra, davlat OTM, shu jumladan, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanadi.
Buning uchun magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan talaba xotin-qizlar 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasini qoplab berish yuzasidan (tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt to‘lovlari bundan mustasno) o‘zlari ta’lim oladigan muassasa rektori (filial direktori) nomiga 15 sentyabrgacha ariza bilan murojaat etadi.
Ushbu muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi. Arizalar 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, ro‘yxat shakllantiriladi.
2022 yilda umumlashtirilgan talabgorlar ro‘yxati 5 ish kunida to‘lov-kontraktlarni qoplab berish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga (2023 yildan OTMning idoraviy mansubligiga ko‘ra tegishli vazirliklar va idoralarga) yuboriladi.
Talabgorlarga to‘lov-kontrakt summasini qoplab berish to‘g‘risida joriy o‘quv yilining 15 oktyabriga qadar tegishli OTM rektori buyrug‘i qabul qilinadi.
Izoh qoldirish