Prezidentning 2022 yil 18 iyuldagi PQ-323-sonli qaroriga ko‘ra, to‘lov-kontraktda o‘qiyotgan xotin-qizlarga joriy yildan boshlab imtiyozli foizsiz ta’lim krediti beriladigan bo‘ldi.
Kimlarga beriladi?
- O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalari talabalariga (davlat, xususiy va xorijiy OTMlar filiallari);
- O‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilariga (texnikum, kasb-hunar kolleji va h.k.).
Qaysi ta’lim shakliga beriladi?
- Kunduzgi;
- Sirtqi;
- Kechki.
Masofaviy ta’limga berilmaydi. Quyidagilarga berilmaydi:
- super-kontrakt;
- qo‘shma ta’lim.
14 foizda berilar ekan-ku, nega foizsiz deyilyapti?
To‘g‘ri, ta’lim krediti aslida 14 foizlik stavkada beriladi. Ammo bu foiz qismini xotin-qizlar to‘lamaydi, davlat to‘lab beradi. Aniqrog‘i Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan qoplanadi. Xotin-qizlar faqat ta’lim kreditining asosiy qismini to‘laydi xolos.
To‘lash qachondan boshlanadi?
Ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab (ya’ni olti oy o‘tib) 7 yil davomida qaytariladi. Masalan, 7 mln so‘m ta’lim krediti olinsa, o‘qishni tugatgandan so‘ng, 6 oy o‘tgach 7 yil mobaynida oyma-oy 83 ming so‘mdan to‘lab boriladi.
Qanday hujjatlar kerak?
- bankka ariza;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
- ta’lim muassasasi bilan to‘lov-kontrakt shartnomasi;
- talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida ta’lim krediti qaytarilishining ta’minoti bo‘yicha hujjat.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.
Xotin-qizlarga ta’lim krediti berish bo‘yicha ayrim savollarga Xushnudbek.uz kanalida quyidagi javoblar berilgan:
- Ushbu ta’lim krediti barcha kursdagilar beriladi, birinchi kursmi, uchinchi kursmi, farqi yo‘q (ikkinchi kurs-chi, to‘rtinchi kurs-chi, deb so‘ramang, ularga ham beriladi. E, ana boring, beshinchi kursga ham beriladi);
- Ushbu ta’lim kreditini olish uchun yosh chegarasi belgilanmagan, yuqoridagi postda aytilgan talabalarga to‘g‘ri keluvchi istalgan yoshdagi xotin-qizlar olishlari mumkin;
- Ushbu ta’lim krediti bir yil uchun beriladi, 4 yillikni umumlashtirib olib bo‘lmaydi. Lekin uni bir necha marta olish mumkin, bunga cheklov yo‘q. Ya’ni birinchi kursda olganlar, ikkinchi kursda yana olishlari mumkin;
- Ushbu ta’lim kreditini oiladagi bir necha qiz farzandlar ham olishi mumkin, bitta oilaga faqat bir kishi degan cheklov yo‘q (faqat rasmiy daromadi bor kafil topilsa bo‘ldi);
- Ushbu ta’lim krediti super-kontrakt, qo‘shma ta’lim va ikkinchi mutaxassislik uchun berilmaydi;
- Ta’lim krediti faqat to‘lov-kontrakt summasi miqdorida beriladi. Masalan, aslida bir yillik kontrakt 10 mln so‘m bo‘lsa, 15 mln so‘m kredit olib bo‘lmaydi.
Tahrirlandi: davlat OTMlardagi magistratura uchun bunaqa kredit berilmaydi, chunki joriy yildan boshlab davlat OTMlarida magistraturada o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontraktlari davlat byudjetidan to‘liq to‘lab beriladi. Birinchi kurslarga ham, ikkinchi kurslarga ham. Ammo nodavlat OTMlarning magistraturasida o‘qiyotgan qizlarning kontraktlari to‘lab berilmaydi. Shu sababli ular foizsiz ta’lim krediti olishlari mumkin.
Yigitlarga ham ta’lim krediti beriladi, faqat ular uchun foizsiz emas, balki Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida (hozir 16% — 2022 yil 19 iyul holatiga) beriladi.
Ta’lim krediti olinganda uni to‘lash uchun sarflangan mablag‘lar daromad solig‘idan ozod etiladi. Masalan, talabaning ota-onasi ta’lim kreditini to‘lash uchun oylik ish haqidan pul o‘tkazsa, unda o‘sha to‘langan qismi bo‘yicha oyligidan 12% pul qaytarib beriladi.
Izoh qoldirish