Mahalla vakillari va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida COVID-19ning O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari to‘g‘risidagi so‘rov natijalari sarhisob qilindi

Mahalla vakillari va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida COVID-19ning O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari to‘g‘risidagi so‘rov natijalari sarhisob qilindi

2020 yil 11 noyabr kuni «O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» hamda «COVID-19 pandemiyasining O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari”: mahalla vakillari va tadbirkorlik sub’yektlari orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma tadqiqotlar natijalarini ko‘rib chiqish maqsadida, shuningdek, bularning natijalari bo‘yicha eng maqbul harakatlarni muhokama qilish uchun raqamli videoanjuman bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM), Jahon banki, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi va BMTTD tomonidan tashkil etildi.

COVID-19 pandemiyasi va u bilan bog‘liq karantinga nisbatan O‘zbekistondagi umummilliy javob choralarini takomillashtirish maqsadida BMTTD ITIM hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda oilalar uchun ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarning, shuningdek, kichik va o‘rta korxonalar uchun o‘rnatilgan cheklovlarning tahlilini amalga oshirdi.

Bugungi raqamli videoanjumanning maqsadi ushbu natijalarni qaror qabul qiluvchi mansabdor shaxslarga va ommaviy axborot vositalariga taqdim etishdan, shuningdek, aniqlangan ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha kelgusi qadamlarni belgilab olishdan iborat edi. Mazkur ma’lumotlar COVID-19 oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan kelajakdagi siyosiy mexanizmlar va qonunchilik hujjatlari uchun asos bo‘lib xizmat qilishi lozimligi, shuningdek, ulardan O‘zbekistonning pandemiyadan so‘ng kelgusi tiklanishida foydalanish kerakligi borasida takliflar bildirildi.

Jahon bankining mahalla raislari o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovnomasi metodikasi va vazifalari Jahon iqtisodiyoti bo‘yicha katta iqtisodchi, Markaziy Osiyoda kambag‘allik va tenglik dasturlari rahbari Uilyam Zays tomonidan taqdim etildi. Jahon bankining mahalla raislari o‘rtasida iqtisodiy ta’sir bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovining asosiy xulosalarini Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining bosh ilmiy xodimi Baxtishod Hamidov taqdim etdi. Rivojlanish strategiyasi markazi rahbari Furqat Yunusov mahalla raislari o‘rtasida ijtimoiy ta’sir o‘tkazish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalarini taqdim etdi. BMT Taraqqiyot Dasturining samarali boshqaruv klasteri rahbari Kamila Muxamedxanova COVID-19 ning rivojlanish va aholining zaif qatlamlariga ta’siri bo‘yicha mahalla vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari to‘g‘risida taqdimot qildi. BMT Taraqqiyot Dasturi maslahatchisi Yuliy Yusupov inqirozning dastlabki bosqichida COVID-19 ning kichik va o‘rta biznesga ta’siri haqida gapirdi. Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni kamaytirish vazirligi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nurbek Yo‘ldoshev kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha strategik vazifalar haqida so‘zlab berdi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining bo‘lim boshlig‘i Ug‘iloy O‘razova "temir daftar" reyestriga kiritilgan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash haqida gapirdi. COVID-19 inqirozidan chiqishda bandlik muammolarini hal qilish Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining vakili tomonidan taqdim etildi.

COVID-19 pandemiyasining uy xo‘jaliklariga bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri bo‘yicha tadqiqot 2020 yilning may-iyun oylarida amalga oshirildi va uning davomida O‘zbekistonning barcha hududlaridagi mahalla rahbarlari bilan so‘rovnomalar o‘tkazildi. So‘rovnomalarda 3670 respondentlar ishtirok etdi. Jumladan, mahalla raislari (84,7%), ularning o‘rinbosarlari (12,8%) va mahalla faollari (2,5%), shulardan 62,9% qishloq mahallalari vakillaridir. Tadqiqot natijalariga ko‘ra pandemiya kambag‘al oilalarning ko‘payishiga, ayniqsa, shahar hududlarida, olib keldi.

Eng ko‘p zarar ko‘rganlar – kam ta’minlangan oilalar (48% respondentlar tomondan qayd etildi, ayniqsa, Namangan va Samarqandda), ko‘p bolali oilalar (40% respondentlar tomondan qayd etildi, ayniqsa, Toshkent viloyatida) va qaytib kelgan mehnat muhojirlari mavjud oilalar (55% respondentlar tomondan qayd etildi, ayniqsa, Jizzax va Qashqadaryoda). Ushbu salbiy oqibatlar ichiga asosan daromadlarning pasayishi va ishni yo‘qotish kiradi, bunga tegishli ravishda 74% va 58% respondentlar ishora qildilar.

Mazkur tadqiqot shuni ko‘rsatdi-ki, oziq-ovqat to‘plamlarini tarqatish kabi ayollar va keksalar uchun ko‘proq zarur bo‘lgan moddiy yordam ko‘ngilli ko‘mak berishdan ko‘ra muhimroq deb hisoblandi.

Ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ichiga quyidagilar kiritildi:

- Xususiy sektorni zaruriy mahsulotlarni import qilish yoki mahalliy darajada ishlab chiqarishga rag‘batlantirish maqsadida iqtisodiy va ijtimoiy siyosat choralarini o‘zgartirish;

- Mahallalarda kichik xususiy korxonalarni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar va xotin-qizlarni oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga rag‘batlantirish;

- Zaruriy yordamni olishda xotin-qizlar uchun yengillik yaratish, shuningdek, ularni tashvishlantiruvchi masalalar tinglanishini ta’minlash;

- COVID-19 kasalligidan davolangan odamlar tomonidan xatar yo‘qligini ommaviy axborot vositalari ta’kidlab turishini ta’minlash.

Bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan so‘rovnomada, butun O‘zbekiston bo‘ylab tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘tkazilgan 887ta suhbat asosida, COVID-19 pandemiyasining mamlakat darajasida kichik va o‘rta korxonalarga ta’siri o‘rganildi. So‘rovnoma davomida aniqlanishicha, turizm, mehmonxona va umumiy ovqatlanish sohalariga mansub kichik va o‘rta korxonalar hamda Sirdaryo, Namangan, Navoiy viloyatlarida, Toshkent shahrida va Qoraqalpog‘istonda joylashgan korxonalar eng ko‘p zarar ko‘rdilar, ayni vaqtda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklaridagi korxonalar eng kam talafot ko‘rdilar.

Pandemiya davrida eng ko‘p qiyinchiliklarga uchragan korxonalar qatoriga ish jarayonlarini ko‘chirish imkoniyati yo‘qligi yoki internetga ulanish imkoni yohud kerakli uskunalar mavjud emasligi sababli masofaviy ishlay olmagan korxonalar kirdi.

Mazkur ikkinchi tadqiqot bo‘yicha hisobotda berilgan tavsiyaga ko‘ra, kichik va o‘rta korxonalarga ko‘rsatilayotgan yordam o‘z ichiga korxonalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, soliq yukini kamaytirish, kredit foizlarini pasaytirish uchun institutsiyaviy muhitni yaratish orqali moliyaviy ko‘makdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda masofaviy ishga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash kabi chora-tadbirlarni qamrab olishi lozim.

11 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoanjuman davomida ushbu tadqiqotlarning uslubiyatlari va natijalari taqdim etildi, shuningdek kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha batafsil strategik maqsadlar, jumladan yordamga ko‘proq muhtoj bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash ("temir daftarlarda" ko‘rsatilganidek), va ishsizlik muammosini hal etish uchun vositalardan foydalanish to‘g‘risida ma’lumot berildi. Barcha ishtirokchilar O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy tiklanish sur’atini jadallashtirish uchun yangi qonunchilik va siyosatni ishlab chiqishda ushbu tadqiqotlarning natijalaridan foydalanish borasida o‘z qiziqishlarini bildirdilar.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar