Bugun yurtimizning qaysi hududiga bormang, muhtasham sport saroylari, zamonaviy talablar darajasida bunyod etilgan stadionlar, sport zallariga ko‘zingiz tushadi. Bu komplekslar doimo yoshlar bilan gavjum va ularda uch bosqichli uzuluksiz tizim – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Albatta, eng chekka hududlardan ham iqtidorli bolalarni tanlab olib, ularni professional yondashuvlar asosida tarbiyalash bu sohani yanada rivojlantirish, yangi chempionlarni kashf qilish orqali xalqaro arenalarda O‘zbekiston bayrog‘ini yanada balandroq ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda keyingi yillarda sport-ta’lim muassasalarini ko‘paytirib, ularning faoliyatini yaxshilash, bolalarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, bu ishlarga professional sport ustalarini jalb qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda 2020-2024 yillarda bosqichma-bosqich 23 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablarini qurish va ularning 68 ta filiallarini tashkil etish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 14 martdagi gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina hamda boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorlari ham bu borada yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Afsonaviy sportchi Oksana Chusovitina maxsus sport maktabi ochilayotgani bejiz emas. Chusovitina ilk bor 1992 yilda Barselona Olimpiadasida ishtirok etgan bo‘lsa, o‘shandan buyon uzluksiz sakkiz marta ushbu nufuzli musobaqada qatnashdi. Bu dunyo sporti tarixida haqiqatan betakror holat bo‘lib, o‘zbek sportchisining Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilganidan haqli ravishda faxrlansak arziydi.
Olimpiya, jahon va Osiyo o‘yinlarining bir necha bor g‘olibi, ko‘plab xalqaro musobaqalar sovrindori Bahodir Jalolov nafaqat o‘zbek boksi rivojiga, balki dunyoda ushbu sportning yanada ommalashuviga katta hissa qo‘shayotgan sanoqli sportchilardan biridir. Bugun minglab yoshlar aynan ushbu faxrni sportchimiz kabi bokschi bo‘lishni orzu qilib, sport maktablariga kelayotgani ham B.Jalolovga berilgan bahodir.
Qarorda Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov sport mahorat maktablarining asosiy vazifalari, moliyalashtirish manbalari belgilandi. Ularni zarur sport anjomlari va uskunalar bilan jihozlash, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnika hamda o‘quv-mashg‘ulot bazalarini yaratish uchun davlat byudjetidan har bir maktab uchun jami 25 milliard so‘m ajratiladi. Chuningdek, maktablarda ishlaydigan xodimlarning mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan amalga oshiriladi.
2022-2023 o‘quv yilidan faoliyatini boshlaydigan zamonaviy gimnastika maktabi Toshkent shahrining Mirobod tumani, Sarako‘l ko‘chasi, 24 m-uy manzilida, boks maktabi esa Yunusobod tumani, 9-mavzeda joylashgan 259-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi hududida tashkil etiladi. Gimnastika maktabining umumiy kontingenti jami 165 nafarni tashkil etib, ular 1-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi. Boks maktabining kontingenti esa jami 175 nafarni tashkil etib, maktabga asoasan 5-11-sinf o‘quvchilari qabul qilinadi.
Maxsus sport maktablarini tashkil qilishdan bosh maqsad turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalar – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqa sport turnirlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishga qodir xalqaro miqyosdagi sportchilarni tayyorlashdir. Bu sa’y-harakatlar yaqin yillarda o‘z natijasini ko‘rsatishi turgan gap. Chunki Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov kabi sportchilar qo‘lida tahsil olgan shogirdlar albatta, xalqaro arenalarda ustozlari kabi katta natijalarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston nomini yanada dunyoga tanitishga harakat qilishiga shubha yo‘q.
Laziz Hasanov,
Xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashi deputati, O‘zbekiston tayekvon-do (ITF) Milliy assotsiatsiyasi prezidenti
Izoh qoldirish