Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sportni ommalashtirish, sport ta’limini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda so‘nggi besh yilda sportni rivojlantirishga qariyb 4 trillion so‘m yo‘naltirilib, 118 ta yangi yirik sport ob’yektlari foydalanishga topshirilgani va 110 ta ob’yekt rekonstruksiya qilingani ta’kidlandi.
Joriy yilda sport sohasiga 2 trillion 300 milliard so‘m (2017 yildan 5 baravarga ko‘p), shundan sport ta’lim muassasalari uchun 1 trillion 200 milliard so‘m ajratildi.
Ilk bor barcha mahallalardagi yoshlar yetakchilari, maktablarning jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va sport maktablari trenerlari ishtirokida yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha yangi besh bosqichli musobaqalarga start berildi.
Aprel-may oylarida musobaqalar bilan 3 milliondan ziyod yoshlar qamrab olindi.
“Lekin, sportdagi natijalar yaratilgan sharoitlarga hali mos emas”, - dedi davlat rahbari.
Sport maktablari bilan olimpiya zaxiralari kollejlari va oliy sport mahorati maktablari o‘rtasida seleksiya borasida uzviy “zanjir” yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.
Misol uchun, respublikadagi 279 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabining 190 tasida 36 ta olimpiya sport turidan bor-yo‘g‘i 10 tasi o‘rgatiladi.
Oqibatda, xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun davlat barcha tashkiliy va moliyaviy sharoitlarni yaratib berayotganiga qaramasdan, Osiyo va jahon olimpiya sporti bo‘yicha chempionatlarida 5-6 nafardan sovrindor chiqmoqda, xolos.
6 ta oliy sport mahorati maktabi, 32 ta olimpiya sport federatsiyasi olimpiya zaxiralari kollejlari bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygan.
Kollejlardagi 9 mingga yaqin sportchilarning 21 foizi milliy terma jamoaga kira olgan, xolos.
“Vaholanki, milliy terma jamoa tarkibini aynan shu kollejlardan chiqqan sportchilar tashkil etishi kerak emasmi? Bu masala qaysi viloyat hokimini qiynayapti?
Birorta viloyat, tuman yoki shahar hokimi sportning barcha turlari bo‘yicha tizimli ishlashni yo‘lga qo‘ya olgani yo‘q”, dedi Prezident.
Sidney va Rio Olimpiadalarida shuhrat qozongan Andijon, Buxoro va Farg‘ona boks maktablari bugungi kunga kelib natija ko‘rsatmay qo‘ygani ta’kidlandi.
O‘tgan yili 352 ta respublika musobaqasi o‘tkazilgan bo‘lsa-da, birorta hududda tuman bosqichi, 158 tasida esa viloyat bosqichi tashkil etilmagan.
“Sport vazirligini yangidan tashkil etib, vazir va o‘rinbosarlariga aniq vazifalarni qo‘yganman. Endi sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi", dedi Prezident.
Eng avvalo, yoshlarni bolalikdanoq sportga jalb qilish va iqtidorli sportchilarni tayyorlash borasidagi yondashuvlar o‘zgartiriladi.
Yangi tizim Buxoro viloyati misolida tushuntirildi. Jumladan:
- har bir mahallada ikkita mavsumda (aprel-iyun, sentyabr-dekabr) musobaqalar tashkil etilib, yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar sport bo‘limi va yoshlar yetakchisi tomonidan elektron ro‘yxatga kiritiladi;
- bu yoshlar viloyatdagi 19 ta sport maktabining maxsus guruhlarida (8 oygacha) murabbiylar bilan bepul shug‘ullanadi;
- maxsus guruhlardagi professional sportga salohiyati bor yoshlar yo‘nalishiga ko‘ra viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabga qabul qilinadi (suzish, yakkakurash, o‘yin turlari va yengil atletika, badiiy gimnastika);
- sport maktabi trenerlarining ish haqi 35 foizga oshiriladi. Bundan tashqari, yaxshi natija ko‘rsatgan maktab direktorlari, trenerlar va boshqa mutaxassislarga qo‘shimcha 50 foizgacha ustama to‘lanadi;
- jamoaviy sport turlari bo‘yicha hududiy chempionatlarda sportchilari g‘olib bo‘lgan trenerlarga 5 foiz, respublika chempionatida – 20 foiz ustama beriladi;
- viloyatdagi sport maktablari ixtisosligiga qarab olimpiya sport turlari bo‘yicha bazaga aylantiriladi.
Yig‘ilishda Sportni rivojlantirish vazirligiga:
- 279 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablaridagi shart-sharoitlar va trenerlarning malakasini joyiga borib o‘rganish hamda ularni olimpiya sport turlariga ixtisoslashtirish;
- har bir sport maktabini o‘z hududidagi mahalla, maktab va texnikumlar bilan bog‘lab, ularda kamida 1 tadan olimpiya sporti to‘garaklarini tashkil etish;
- yil yakunigacha sportchilarni mahalladan boshlab tanlab olish bo‘yicha elektron platformani ishga tushirish;
- natija ko‘rsatgan mahallalarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
- sport maktablarini tibbiy asbob-uskunalar, dori darmon va sport kiyimlari bilan ta’minlash uchun joriy yilda 35 milliard so‘m ajratish;
- 1 sentyabrgacha maktab, sport maktabi, kollej va oliygohlarning zallarini noolimpiya sport turlari klublariga bepul berish tartibini joriy etish topshiriqlari berildi.
Umuman, vazirlik va viloyat hokimlari yoshlarning 43 foizi (6 milliondan ortiq) ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shartligi ko‘rsatildi.
Prezident yoshlarning sport maktablari bilan qamrovini 1,3 baravarga oshirib, 520 ming nafarga yetkazish vazifasini qo‘ydi.
Bundan tashqari, 69 ta tumandagi sport maktablarida kamida 20 ta, 47 tasida 15 ta, qolgan 91 tasida 10 ta olimpiya sport turlariga tayyorlashni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yil yakunigacha 508 ta mahallada ko‘p funksiyali sport maydonchalarini qurishga ko‘rsatma berildi.
“Yana bir bor ta’kidlayman, yil yakuniga qadar 6 million nafar yoshlarni ommaviy sport bilan qamrab olish – bu siyosat.
Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, ishlarni yaxshi boshladi.
Bugungi selektordan ayniqsa tuman-shahar hokimlari va sektor rahbarlari xulosa qilib, ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi kerak. Bu borada so‘rov doimiy va qattiq bo‘ladi”, dedi Prezident.
Yig‘ilishda sportchilarni professional tayyorlash tizimi ham to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
“Respublika va Chirchiq shahar olimpiya zaxiralari kollejlaridan boshqa birorta sport kolleji o‘z natijasi bilan maqtana olmaydi.
Sababi, yoshlar terma jamoalarining bosh trenerlari aynan shu 2 ta kollejda faoliyat yuritadi va sport federatsiyalari ham faqat ular bilan ishlashga o‘rgangan”, dedi davlat rahbari.
Misol uchun, Samarqand olimpiya kolleji sport gimnastikasi, taekvondo va stol tennisi bo‘yicha so‘nggi 3 yilda musobaqalarda sovrinli natija ko‘rsatmagan. Vaholanki, kollejda ushbu sport turlari bo‘yicha 23 nafar sportchi, 3 nafar trener mavjud.
Shuningdek, hozirda olimpiya zaxiralari kollejlariga 14 yoshdan yuqori o‘smirlar qabul qilinayotgani, oqibatda yoshlarni Olimpiada o‘yinlariga tayyorlash 7-8 yil kech boshlanayotgani qayd etildi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganildi. Shu asosda sportchilarni professional tayyorlash bo‘yicha quyidagi tizim joriy etiladi:
- kollejlar har bir viloyatda olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sifatida tashkil etiladi;
- markazlar huzurida 5-9-sinflar uchun Olimpiya maktablari, 10-11-sinflar va 1-2-kurslar uchun Olimpiya va paralimpiya kollejlari bo‘ladi;
- bolalar va o‘smirlar sport maktabida yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar Olimpiya maktabiga qabul qilinib, ta’lim oladi va chuqurlashtirilgan sport bilan shug‘ullanadi;
- ixtisoslashgan sport maktablari bitiruvchilari kollejlarga 1-kursga qabul qilinib, tayyorgarlikning uzluksiz tizimi yaratiladi;
- Sport vazirligi huzurida ilg‘or trener va xorijiy ekspertlardan iborat Murabbiylar kengashi tashkil etilib, musobaqalarda eng yuqori natijaga erishgan sportchilarni kollejlarga saralab oladi;
- kollej bitiruvchilari Oliy sport mahorati institutiga qabul qilinadi.
Yig‘ilishda umumrespublika sport musobaqalari “tuman – viloyat – respublika” zanjiri asosida tashkil etilishi belgilandi. Bundan buyon:
- birlamchi saralash bosqichidan o‘tmagan sportchilar viloyat va respublika bosqichida ishtirok etmaydi;
- milliy terma jamoalarga barcha bosqich musobaqalarida ishtirok etib g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan yoshlar saralab olinadi;
- har yili mahalla va muassasalar jamoalari ishtirokida ko‘p bosqichli Hokim kubogi tashkil qilinadi.
Xalqaro tajriba va standartlar asosida sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar o‘tkazish tartibi ishlab chiqiladi.
Prezident sport sohasidagi ilmiy salohiyatning amaldagi holati ham talab darajasida emasligini tanqid qildi.
“Birorta sport turi bo‘yicha mahalliy olimlar tomonidan na metodika, na dastur ishlab chiqilgan.
Sport diyetologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, sport muhandisligi, kardiomashg‘ulotlar bo‘yicha bizda umuman mutaxassislar tayyorlanmaydi.
Bugungi kunda sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda”, dedi Prezident.
Jismoniy tarbiya va sport universiteti, respublika malaka oshirish hamda sport ilmiy-tadqiqot institutlarining roli umuman sezilmayotgani qayd etildi.
Shu bois mutasaddilarga:
- olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorlash, ularni sog‘lom ovqatlantirish dasturlarini ishlab chiqish;
- kelgusi o‘quv yilidan boshlab Jismoniy tarbiya va sport universitetida sport diyetologiyasi, muhandisligi va kardiomashg‘ulotlar, Tibbiyot akademiyasida sport meditsinasi va farmakologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
- yiliga kamida 20 nafar mahalliy trener, sport shifokori va boshqa mutaxassislarni xorijda malaka oshirish tizimini joriy etsin;
- Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uni takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitildi.
Izoh qoldirish