Markaziy bank 2020 yilda o‘zbekistonliklar qancha valyuta sotib olgani bo‘yicha ma’lumot taqdim etdi

Markaziy bank 2020 yilda o‘zbekistonliklar qancha valyuta sotib olgani bo‘yicha ma’lumot taqdim etdi

2020 yilda ichki valyuta bozorining barcha segmentlarida, xususan, amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi va bozor ishtirokchilari sonida o‘sish kuzatildi.

Ichki valyuta bozoridagi operatsiyalarning umumiy hajmi 19,5 milliard AQSh dollarini tashkil etib, 2018 va 2019 yillarga nisbatan mos ravishda 1,7 va 1,3 barobarga o‘sdi, deb xabar bermoqda Markaziy bank axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, 2020 yilda yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab 2019 yilga (13,7 milliard AQSh dollari) nisbatan 12 foizga o‘sib, 15,4 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Valyuta bozorida chet el valyutasining asosiy qismi (60 foizi) ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 21 foizi – xalq iste’moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 15 foizi – xorijiy kreditlarni so‘ndirish, 1 foizi – xorijiy investorlar daromadlari repatriatsiyasi va qolgan 3 foizi – boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.

Markaziy bank axborotiga ko‘ra, 2020 yilda ichki valyuta bozorida chet el valyutasini xarid qilgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar soni 16 foizga ko‘payib, dekabr oyida 8,9 mingtani tashkil etdi (2019 yilning dekabr oyi – 7,6 ming).

Jismoniy shaxslar tomonidan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali 2020 yilda sotilgan chet el valyutasi miqdori esa 4,6 milliard AQSh dollarini (2019 yil – 3,8 mlrd AQSh doll., o‘sish 21 foiz), sotib olish hajmlari 4,1 milliard AQSh dollarini (2019 yil –1,8 mlrd AQSh doll., o‘sish 2,3 barobar) tashkil etdi.

Xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valyuta mablag‘lari hajmi 6 milliard AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkich doirasida shakllandi.

Markaziy bank vakilining ma’lumotiga ko‘ra, pandemiya tufayli davlatlar chegarasini bosib o‘tishdagi qiyinchilik sabab ko‘plab pul oqimlari rasmiy sektorda aks etgan. Shu tufayli 2020 yilda xalqaro pul o‘tkazmalar hajmi 2019 yildagi raqamlardan katta farq qilmadi.

Bosh regulyator uchun 2021 yilda ham valyuta siyosatini erkinlashtirish jarayonini davom ettirish muhim hisoblanadi. Shu yili valyuta kreditlari ulushini hozirgi 50 foizdan 45 foizga, ya’ni kamida 2 milliard dollarga pasaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar