2022 yil yanvar-iyun oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 316,3 trln. so‘mni tashkil etgani holda, 2021 yilning mos davriga nisbatan 36,4 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.
Jumladan, bank kassalariga naqd pul tushumlari 152,3 trln. so‘mni, o‘z navbatida, chiqim qilingan naqd pullar 164,0 trln. so‘mni tashkil etdi.
1-rasm. Naqd pul tushumlari hajmi va tarkibi dinamikasi (2020-2022 yillarning yanvar-iyun oylari) mlrd.so‘mda
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida bank kassalariga jami naqd pul tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32,0 foizga oshgan bo‘lsa, savdo va xizmatlar sohasidan tushumlar 25,0 foizga (14,3 trln.so‘m) va bank xizmatlaridan naqd pul tushumlari 53,4 foizga (17,6 trln.so‘m) oshdi. Natijada, jami tushumlar tarkibida savdo va xizmatlar sohasidan tushumlar ulushi 2,6 foizli bandga kamaydi.
2022 yilning 6 oyida savdo va xizmatlar sohasidan jami tushumlar 114,7 trln. so‘mni tashkil qilib, shundan, 62,5 foizi (71,7 trln.so‘m) naqd shaklda, 37,5 foizi (43 trln.so‘m) terminallar orqali bank hisobraqamlariga kirim qilindi. O‘tgan yilning shu davrida mos ravishda 64 foizi (57,4 trln.so‘m) naqd shaklda, 36 foizi (32,2 trln.so‘m) terminallar orqali bank hisobraqamlariga kirim qilingan.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida bank kassalaridan (shu jumladan, bankomatlardan) berilgan naqd pullar 2021 yilning mos davriga nisbatan 40,8 foizga (47,5 trln.so‘m) oshishi kuzatilgan bo‘lsa, ushbu o‘sishning asosiy qismi bank kartalaridan naqd pul yechish hajmi 22,2 trln. so‘mga (52,7 %) hamda banklar tomonidan naqd chet el valyutasini sotib olish uchun 13,6 trln. so‘m (43,7%) oshishi hisobiga yuzaga keldi.
2-rasm. Banklardan naqd puldagi chiqimlar hajmi va ularning maqsadlari bo‘yicha tarkibiy dinamikasi (2020-2022 yillarning yanvar-iyun oylari) mlrd.so‘mda
Shuningdek, joriy yilning birinchi yarim yilligida bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 80,6 foizga (102,3 trln.so‘mga) oshib, 229,2 trln. so‘mni tashkil qildi.
Ushbu mablag‘larning 80,1 trln.so‘mi - pensiya, nafaqa va ish xaqi to‘lovlari, 67,9 trln.so‘mi - xalqaro pul o‘tkazmalar bo‘yicha va kartadan kartaga o‘tkazmalar, 47,1 trln.so‘mi - naqd pulda va omonat hisobvaraqlardan bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu davrda bank kartalaridagi 64,3 trln. so‘mlik (28,1 foiz) mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.
Shundan, bankomatlar orqali 50,4 trln. so‘mlik va bank kassalari orqali 13,9 trln. so‘mlik naqd pullar yechilgan.
3-rasm. Bank kartalariga kelib tushgan mablag‘lar va ularni naqdlashtirish hajmlari dinamikasi (2020-2022 yillarning yanvar-iyun oylari) mlrd.so‘mda
Banklarga tushgan naqd pullarning ularga bo‘lgan talab o‘rtasidagi farq Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha naqd pullarni chiqarish orqali ta’minlab borildi.
Jumladan, Markaziy bank tomonidan joriy yilning 6 oyi mobaynida muomalaga qo‘shimcha 11,8 trln. so‘m naqd pullar chiqarildi va 1 iyul holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 25,6 foizni tashkil etdi.
4-rasm. Muomaladagi naqd pullarning pul massasidagi ulushi dinamikasi
Izoh qoldirish