MChJlarga ham obligatsiya chiqarishga ruxsat berilishi mumkin

MChJlarga ham obligatsiya chiqarishga ruxsat berilishi mumkin

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi korporativ obligatsiyalar chiqarishni cheklovchi normalardan voz kechish va ma’suliyati cheklangan jamiyatlarning obligatsiyalar chiqarishiga ruxsat berish tarafdori. Agentlik tomonidan ushbu masalada tayyorlangan qonun loyihasi hozirda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga kiritildi.

Hozirgi vaqtda korporativ obligatsiyalarni faqat aksiyadorlik jamiyatlari va tijorat banklari chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, obligatsiyalar chiqarish bo‘yicha emitentga qo‘yilgan qonuniy talablar uni moliya jalb qilishda hatto ko‘pgina aksiyadorlik jamiyatlari uchun ham keraksiz vositaga aylantirib qo‘ygan.

Xususan, hozirgi vaqtda, "Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida" gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3, 5 va 6-moddalariga muvofiq, obligatsiyalarni aksiyadorlik jamiyatlari faqat o‘z ustav kapitali hajmi doirasida va uch yillik ijobiy moliyaviy faoliyati va reytingi mavjud bo‘lgan taqdirdagina chiqara oladi.

Shuningdek, "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida" gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 30-moddasiga ko‘ra obligatsiyalar umumiy qiymati kompaniyaning ularni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadagi kapital miqdoridan oshmasligi lozim doirasida obligatsiyalar chiqarilishini cheklashlar belgilangan.

Garchi korporativ obligatsiyalar bank kreditiga nisbatan qo‘layroq alternativa bo‘lishi lozimligiga qaramasdan, bunday tartib ushbu vositaga murojaat qilishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar sonini sezilarli darajada cheklab qo‘yadi.

Ushbu holat, o‘z navbatida, so‘nggi yillarda muomalada bo‘lgan korporativ obligatsiyalar soni va hajmining keskin pasayishiga olib keldi. Xususan, 2010-2018 yillar davomida muomaladagi korporativ obligatsiyalar soni 41 tadan 17 donagacha, ularning umumiy qiymati esa 512 mlrddan 198 mlrd so‘mgacha kamaydi – bu muomalada mavjud aksiyalar umumiy qiymatining atigi 0,002 foizini tashkil etadi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yuritadigan ma’suliyati cheklangan jamiyat (MChJ) ko‘rinishidagi 148 mingdan ortiq korxona mavjud. Aksariyat aksionerlik jamiyatlariga qaraganda ko‘proq investitsiya jalb qilishga qodir ushbu korxonalarning barchasida bank kreditidan boshqa o‘z biznesini moliyalashtirishga alternativa yo‘q. Korporativ obligatsiyalar esa MChJlar uchun xuddi shundan alternativaga aylanishi mumkin.

Shu munosabat bilan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda quyidagilar taklif qilinadi:

1. Mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga (MChJ) tashqi auditorlik, moliyaviy hisobot, ma’lumotlarning oshkor etilishi va aksiyadorlik jamiyatlari uchun talab qilinadigan boshqa talablar qo‘yilgan holda obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish.

2. Chiqarilayotgan obligatsiyalar hajmini kompaniyaning ustav kapitali doirasida belgilash, ularni chiqarishda garov talab qilinishi, uch yillik ijobiy moliyaviy hisobot va reytinglarga ega bo‘lish talablarini olib tashlash.

2. Talablarning mavjud tendensiyalarga tez moslashishi va o‘larga o‘z vaqtida o‘zgartirish va to‘ldirishlar kiritib borish maqsadida korporativ obligatsiyalar chiqarish shartlarini va talablarni belgilash vakolatini Qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga (Kapital bozorini rivojlantirish agentligi) berish.

"Obligatsiyalar bozori biznes uchun moliyalashtirishni jalb qilishda munosib alternativa bo‘lishi, aholi va investorlar uchun esa bo‘sh mablag‘larini investitsiya qilishida foydali vosita bo‘lishi kerak. Obligatsiyalarni chiqarishda keraksiz cheklovlarning bekor qilinishi biznesni rivojlantirish yoki qayta tashkil etish uchun qo‘shimcha mablag‘ga muhtoj ko‘plab kompaniyalarning imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Korporativ obligatsiyalar chiqarish kredit bank resurslarini jalb qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan kompaniyalar uchun yagona alternativa bo‘lishi mumkin, masalan, garov ta’minoti yo‘qligi yoki etishmasligi tufayli", - dedi Agentlikning kapital bozorini tahlil qilish va qonunchilikni takomillashtirish boshqarmasi rahbari Tursun Maxkamov.

Shuningdek, ushbu qonun loyihasida xolding kompaniyalarini soliqqa tortish tartibiga qo‘shimchalar kiritish taklif etiladi. Xususan, sho‘’ba korxonalarining dividendlari sifatida olingan mablag‘larni, shuningdek, xoldinglarning sho‘ba korxonalari aksiyalarini (ulushlarini) sotishdan tushgan pul mablag‘larini Xoldingning umumiy daromadi sifatida ko‘rib chiqmaslik taklif etiladi.

Xolding kompaniyalari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish nafaqat milliy xolding kompaniyalariga bo‘shatilgan mablag‘larni ishlab chiqarishning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga yo‘naltirish, balki o‘z mablag‘larini respublikamiz hududidan boshqaradigan va boshqaradigan xolding kompaniyalar sonini oshirishga ham yordam beradi.

Ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilashga, respublika iqtisodiyotiga aholi va investorlarning bo‘sh mablag‘larining keng va faol jalb qilinishiga xizmat qiladi va shu bilan real sektor korxonalarining davlat kafolati va bank kreditlariga bog‘liqligini kamaytiradi (bank sektoriga yuk kamayadi), shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki kamayadi.

Shuningdek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi Jahon bankining "Biznes yuritish" (Doing Business) hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini oshirishga xizmat qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar