2025 yilda 1975 yil 2 yanvar kuni tashkil etilgan Butunjahon turizm tashkilotining 50 yilligi nishonlandi. Turizm tashkiloti o‘zining ellik yilligi munosabati bilan so‘nggi yarim asrda xalqaro turizmning asosiy tendensiyalari tahlil qilingan, turizmning inqirozlarga chidamliligiga baho berilgan, shuningdek, o‘tgan yillar davomida sayyohlar oqimi geografiyasining o‘zgarishi baholangan ixtisoslashgan hisobotni e’lon qildi. Mazkur yubiley hisobotining asosiy jihatlari ushbu maqolada tahlil qilinadi.
Butunjahon Turizm Tashkiloti (YuNVTO; ingl. United Nations World Tourism Organization), xalqaro tashkilot, turizm va sayohatlar sohasida BMTning ixtisoslashgan muassasasi. Dastlab Butunjahon turizm tashkiloti (BTT) nomi bilan atalgan, uning birinchi Bosh Assambleyasi 1975 yil may oyida Madridda bo‘lib o‘tgan va keyinchalik tashkilot Kotibiyati shu shaharga joylashtirilgan.
2003 yilda BTT Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan muassasasi maqomini oldi va shundan keyin UNWTO (YuNVTO/VTOON) deb atala boshladi. Tashkilot a’zolariga 156 ta mustaqil davlat, shuningdek, xususiy sektor, ta’lim muassasalari, turizm assotsiatsiyalari va mahalliy turizm boshqarmalari nomidan qariyb 500 ta affilirlangan a’zolar kiradi.
Xalqaro turizmning o‘sish trayektoriyasi
So‘nggi ellik yil ichida xalqaro turizm tub o‘zgarishlarni boshdan kechirib, nisbatan tor ixtisoslashgan xizmatlar tarmog‘idan global ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim drayverlaridan biriga aylandi. Turizm, ayniqsa, dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida tarmoq asosini tashkil qilgan kichik va o‘rta korxonalar uchun bandlik, tadbirkorlik faolligi va valyuta tushumlarining muhim manbaiga aylandi.
Xalqaro turizmning o‘sishi demografik, iqtisodiy, texnologik va institutsional omillar, jumladan, aholi sonining o‘sishi va mobilligi, daromad darajasining ortishi, transport va raqamli infratuzilmaning rivojlanishi, shuningdek, xalqaro safarlarni soddalashtirish bo‘yicha faol davlat siyosati bilan bog‘liq bo‘ldi. Natijada bugungi kunda turizm jahon xizmatlar bozori tuzilishiga, iqtisodiy diversifikatsiya jarayonlariga va mintaqaviy rivojlanishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
1975 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda xalqaro sayyohlik tashriflari qariyb yetti baravar – 222 mln.dan 1,5 mlrd. turistik sayohatga oshdi. Bunday dinamika davriy tashqi shoklar va inqirozlarga qaramay, global turizm talabi barqaror va uzoq muddatli o‘sganidan darak beradi.
Yanada sezilarli o‘sish xalqaro turizm daromadlari liniyasi bo‘yicha kuzatildi. Real qiymatda (valyuta kurslari o‘zgarishi va inflyasiyani hisobga olgan holda) xalqaro turizm tushumlari 1975 yildagi 41 mlrd. dollardan 2025 yilda qariyb 1,9 trln. dollargacha, ya’ni 11 baravardan ziyodga oshdi (indeksatsiyani hisobga olganda). Bu nafaqat sayyohlar soni oshayotgani, balki har bir sayohatning iqtisodiy qiymati ortib borayotganini aks ettiradi.

Turizmdan eksport daromadlari, jumladan, xalqaro tushumlar va transportda yo‘lovchi tashish 50 mlrd. dollardan 2,2 trln. dollargacha o‘sdi. Natijada jahon bo‘yicha tovarlar va xizmatlar eksportida turizmning ulushi 1975 yildagi 5 foizdan 2025 yilda 6 foizgacha oshdi va 1990-yillarning o‘rtalarida qariyb 8 foizga yetdi.
Turizmning jahon iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi tarmoqning YaIMga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hissasining o‘sishida ham o‘z tasdig‘ini topdi. Turizmning jahon YaIMiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hissasi 2008 yildagi 2,6 trln. dollardan 2024 yilda 3,6 trln. dollargacha oshdi, bu jahon YaIMining 3,2 foiziga teng.

Xalqaro turizm rivojini tezlashtirgan omillar
Texnologik va institutsional o‘zgarishlar xalqaro turizmning jadal o‘sishida muhim rol o‘ynadi. Bu, eng avvalo, turizm xizmatlarini raqamlashtirish, jumladan, internetning tarqalishi, onlayn bron qilish, elektron chiptalar va raqamli to‘lovlardir. Onlayn turizm agentliklarining paydo bo‘lishi bozor tuzilmasini tubdan o‘zgartirib, tranzaksiya xarajatlarini kamaytirdi va turizm xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Sohaga aviatsiya transportining rivojlanishi, ayniqsa, loukoster-tashuvchilar sonining o‘sishi va samolyotlarning yoqilg‘i samaradorligi oshishi sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Bu xalqaro sayohatlarni keng aholi qatlamlari uchun yanada qulayroq qildi. Yana bir muhim omil viza rejimlarining soddalashtirilishi va elektron vizalarning joriy etilishi bo‘ldi va bu sayohat uchun ma’muriy to‘siqlarni sezilarli darajada kamaytirdi.
Mamlakatlarning turizm infratuzilmasini rivojlantirish, milliy brendlarni shakllantirish va xalqaro bozorlarda turizm yo‘nalishlarini faol targ‘ib qilish bo‘yicha maqsadli sa’y-harakatlari ham muhim rol o‘ynadi. Xalqaro tajriba aynan institutsional islohotlar byudjet xarajatlari nisbatan past bo‘lganda eng katta samara berishini ko‘rsatdi.

Inqirozlarning ta’siri va turizm sektorining barqarorligi
Tahlil ko‘rsatganidek, xalqaro turizm kuchli tiklanish qobiliyatiga ega. Iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy mojarolar, moliyaviy o‘zgarishlar va epidemiyalar, odatda, turizm faolligining qisqa muddatli pasayishiga olib kelgan.
Hatto 1970-yillar oxiridagi neft inqirozlari, Fors ko‘rfazidagi urush, 2001 yil 11 sentyabrdagi terroristik hujumlar va 2009 yilgi global moliyaviy inqiroz kabi voqealar ham xalqaro sayyohlar oqimining 1-4 foizga pasayishiga olib kelgan, lekin ulardan keyin tez tiklanish kuzatildi.
COVID-19 pandemiyasi bundan mustasno bo‘lib, 2020 yilda xalqaro sayyohlar oqimining mislsiz darajada 72 foizga pasayishiga olib keldi. Biroq, 2024 yilga kelib xalqaro turizm inqirozdan oldingi darajaga qaytdi va 2025 yilga kelib 2019 yilgi ko‘rsatkichlardan oshdi.
Pandemiya tajribasi turizm bozorlarini diversifikatsiya qilish, ichki turizmni rivojlantirish va tarmoqni qo‘llab-quvvatlash uchun inqirozga qarshi mexanizmlarni yaratish zarurligini tasdiqladi.
Turizm oqimini diversifikatsiya qilish va 2030 yil uchun prognoz
So‘nggi 50 yil ichida xalqaro turizm geografiyasi sezilarli transformatsiyaga uchradi. 1975 yilda Yevropa va Amerika barcha xalqaro tashriflarning 92 foizini jam qilgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu mintaqalarning umumiy ulushi 66 foizgacha kamaydi.
Eng jadal o‘sishni Osiyo-Tinch okeani mintaqasi namoyish etgan bo‘lib, unda sayyohlar kelishi 30 baravardan ziyodga oshdi. Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. Yevropa eng yirik turizm mintaqasi bo‘lib qolmoqda, lekin uning nisbiy ulushi sekin-asta kamayib bormoqda.
Shu bilan bir qatorda, turizm yo‘nalishlari diversifikatsiyasi kuzatilmoqda. Dunyo bo‘yicha eng yirik o‘nta turizm mamlakatining ulushi 1980 yildagi 61 foizdan 2024 yilda 40 foizgacha tushdi. Pandemiyadan keyingi davrda bir qator mamlakatlar eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etishdi.
UN Tourism prognoziga ko‘ra, 2030 yilga kelib tashrif buyurgan xalqaro sayyohlar soni 2 mlrd. kishiga yetadi, bu o‘rtacha yillik o‘sish qariyb 5 foiz darajasida bo‘lishini nazarda tutadi. Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar, eng avvalo, Osiyo mamlakatlari hamda aholining faollashib borayotgan harakatchanligi o‘sishning asosiy drayverlari bo‘ladi.
Prognozlarga ko‘ra, turizm tajribasini raqamlashtirish, sun’iy intellekt, mobil ilovalar va elektron vizalardan foydalanish orqali sayohat uchun to‘siqlarni kamaytirish davom ettiriladi. Shu bilan birga, geosiyosiy beqarorlik, inflyasiya, iqlim o‘zgarishi va ehtimoliy yangi epidemiologik xatarlar bilan bog‘liq xavflar saqlanib qolmoqda.
O‘zbekistonning BTT bilan hamkorligi
O‘zining tarixiy yodgorliklari va tabiiy salohiyati tufayli jahonning muhim turizm markazlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Butunjahon turizm tashkiloti bilan uzoq va samarali hamkorlik qilib, 1993 yilda unga a’zo bo‘ldi.
Quyidagi qabul qilingan muhim hujjatlar ushbu hamkorlikning natijasi bo‘ldi: 1994 yilda 19 ta mamlakat Buyuk Ipak yo‘lida turizmni rivojlantirish to‘g‘risida Samarqand deklaratsiyasini imzoladilar; 1999 yilda Turizm va madaniy merosni asrash to‘g‘risida Xiva deklaratsiyasi imzolandi; 2002 yilda Ipak yo‘li bo‘ylab turizm to‘g‘risida Buxoro deklaratsiyasi imzolandi. 2004 yilda San-Marinoda O‘zbekiston hukumati va Butunjahon turizm tashkiloti o‘rtasida Samarqandda Buyuk ipak yo‘li bo‘yicha mintaqaviy ofisni ochish to‘g‘risida bitim imzolandi.
2023 yil oktyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va BTTning “Ipak yo‘lida turizm” brendini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlari yuqori baholandi. Yubiley sessiyasi davomida Samarqand shahrida Xalqaro turizm akademiyasi va “Ipak yo‘li” tematik ofisi ham ochildi.

O‘zbekiston uchun xulosalar
Yubiley hisobotida aniqlangan uzoq muddatli tendensiyalardan kelib chiqib, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish xalqaro turizmning umumiy strategik kontekstiga mos ravishda olib borilmoqda, degan aniq xulosaga kelish mumkin.
O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xalqaro sayyohlar soni doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatimiz 2019 yildagi 50-o‘rindan 2024 yilda 38-o‘ringa ko‘tarildi va bu xalqaro sayyohlarning qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
2025 yilda O‘zbekistonga xorijdan rekord darajada 11,7 mln. sayyoh tashrif buyurdi (yillik o‘sish 46,8 foiz). Turizm xizmatlari eksporti 4,8 mlrd. dollarga yetdi. Eng ko‘p sayyohlar Qirg‘iziston (3,3 mln.), Tojikiston (2,7 mln.), Qozog‘iston (2,7 mln.), Rossiya (984,4 ming) va Afg‘oniston (476,7 ming) mamlakatlaridan kelgan.
O‘zbekiston shuningdek, turizm oqimlarini yangi, o‘ziga xos va madaniy jihatdan boy yo‘nalishlar tomon siljitishga oid global trendga ob’yektiv jihatdan muvofiq. Bu hududiy turizm zonalarini faol targ‘ib qilish hamda madaniy, tarixiy, ekologik va gastronomik turizmni rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
Yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida xorijiy sayyohlar oqimini keskin o‘stirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. 2030 yilga kelib, turizmning O‘zbekiston YaIMidagi ulushi 3,5 foizdan 7 foizga, xorijiy sayyohlar soni esa 11 mln.dan 20 mln.gacha oshishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan, O‘zbekistonning butun jahon taniydigan turizm brendini shakllantirish, milliy turizm mahsulotlarini ommalashtirish uchun zamonaviy vositalarni joriy etish va mamlakatni xalqaro turizm bozorida nufuzli yo‘nalishga aylantirish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan.
Xalqaro turizmning o‘zini oqlagan tajribasidan kelib chiqib, turizm xizmatlarini yanada raqamlashtirish, vizasiz va soddalashtirilgan viza rejimlarini kengaytirish, loukoster-aviaqatnovlarni rivojlantirish hamda turizmni transport va hududiy siyosat bilan integratsiyalash O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlar bo‘lishi kerak.
Turizm xizmatlari va mahsulotlarini diversifikatsiya qilish, investitsiyalarni jalb qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali turizm tarmog‘ining yalpi ichki mahsulotga qo‘shadigan hissasini oshirish rejalashtirilgan. Yana bir strategik maqsad turizm eksportini yiliga 6 mlrd. dollardan ortiqqa oshirishdir.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, O‘zbekistonning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga quyidagi chora-tadbirlar orqali erishish mumkin:
- ustuvor turizm hududlaridan birida (Samarqand, Buxoro yoki Xorazm viloyatlari) “aqlli turizm zonasi” (Smart Tourism Zone) yaratish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish va keyinchalik uni boshqa hududlarda bosqichma-bosqich ommalashtirish;
- turizm xizmatlarini raqamlashtirish, “aqlli” turizm zonalarini rivojlantirish, turizm oqimlarini boshqarish va marketingda sun’iy intellektni joriy etish kabi ustuvor yo‘nalishlar aniq belgilangan “Raqamli va barqaror turizm – 2030” milliy strategiyasini ishlab chiqish;
- yetakchi turizm davlatlari va xalqaro tashkilotlar (UN Tourism, Yaqin Sharq, Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari) bilan xalqaro institutsional hamkorlikni kengaytirish;
- sayyohlar uchun viza va chegara tartiblarini soddalashtirish mexanizmlarini rivojlantirishni, shu jumladan, elektron vizalar va vizasiz rejimlarni kengaytirishni davom ettirish.
Bundan tashqari, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti “Raqamli turizm”, “Turizm hududlarini boshqarish” va “Turizm destinatsiyalari marketingi” yo‘nalishlarida tayyorlov va malaka oshirish dasturlarini joriy etishi, shuningdek, innovatsion turizm modellari va turistik zonalarni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq.
Furqat Islomov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №4/2026
Izoh qoldirish