O‘zbekiston uy-joy bozori aprel oyida mo‘’tadillashdi

O‘zbekiston uy-joy bozori aprel oyida mo‘’tadillashdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil aprel oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorining yangilangan sharhini taqdim etdi.

Mart oyida uy-joy bozoridagi faollikning yuqori bo‘lishi, asosan, apreldan joriy etilgan eskrou hisob-kitob tizimi bilan bog‘liq.

Oy davomida uy-joy bo‘yicha 23,3 mingta bitim rasmiylashtirildi. Bu o‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan 4,7%ga kam.

Yil boshidan buyon uy-joy oldi-sotdi bitimlari hajmi 125 mingtadan oshdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 34,8%ga ko‘p.

Hududlar kesimida

Savdolar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Sirdaryo viloyatida qayd etildi. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida viloyatda bitimlar soni 50%ga oshdi. Andijon viloyatida o‘sish 42%ni tashkil etdi. Toshkent shahrida esa yil boshidan buyon uy-joy savdosi 46%ga ko‘paydi.

Uy-joy bozoridagi faollik qurilish hajmining oshishi bilan ham bog‘liq. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, 15,9 mln kv.m uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 2,8% yuqori.
Shu bilan birga, hududlar o‘rtasida uy-joy qurilishi hajmi bo‘yicha farq saqlanib qolmoqda. Xususan, 2025 yilda Sirdaryo viloyatida 136,1 ming kv.m uy-joy foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 1,33 mln kv.mni, Toshkent shahrida esa qariyb 1 mln kv.mni tashkil etdi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, eng yuqori qurilish hajmi Toshkent viloyatida kuzatildi. Bu yerda foydalanishga topshirilgan uy-joylar maydoni qariyb 2 mln kv.mga yetdi.
Sirdaryo viloyatida uy-joy savdosining oshishiga qurilish hajmining ko‘payishi ham ta’sir qilmoqda. Yil oxiriga qadar hududda 3,5 mingta yangi xonadon foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Umuman olganda, joriy yilda O‘zbekiston bo‘yicha 140 mingta yangi turar joyni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 8,5%ga oshdi. Narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Sirdaryo viloyatida 20%, Surxondaryo viloyatida 16,5% va Buxoro viloyatida 16,3%ni tashkil etdi.

Joriy yil boshidan buyon ham ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda. Yanvar–aprel oylarida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘rtacha 2,9%ga o‘sdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo viloyatida 7,4%, Samarqand viloyatida 6,3% va Xorazm viloyatida 6,2% darajasida qayd etildi.

Hududlar kesimida narxlar darajasidagi farq saqlanib qolmoqda. Eng qimmat bozor hanuz Toshkent shahri bo‘lib, aprel oyida ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun taxminan 1 150 dollarni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati qariyb 900 dollar va Toshkent viloyati 690 dollar bilan qayd etildi.

Toshkent shahrida birlamchi va ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar dinamikasi

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy narxlari mo‘’tadil o‘smoqda. Birlamchi bozorda esa o‘sish sur’ati nisbatan yuqori.

Yillik hisobda ikkilamchi uy-joy bozorida bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 6,1%ga oshdi. Narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Mirzo Ulug‘bek tumanida 9,2%, Mirabod tumanida 9% va Chilonzor tumanida 8,3%ni tashkil etdi.

Birlamchi uy-joy segmentida narxlar o‘sishi ikkilamchi bozorga nisbatan yuqoriroq bo‘lmoqda. O‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 8,8%ga oshdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Yunusobod tumanida 17,3%, Mirzo Ulug‘bek tumanida 16,8% va Bektemir tumanida 11,3% darajasida qayd etildi.

Toshkent shahrida ijara narxlari dinamikasi

Aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun taxminan 9,2 dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,1% yuqoridir.

Ijara narxlarining eng yuqori darajasi Toshkentning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda. Xususan, Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 11 dollar atrofida shakllangan.

Shu bilan birga, yillik hisobda ijara narxlarining eng yuqori o‘sish sur’atlari Yashnobod tumanida 18,2%, Bektemir tumanida 16,7% va Yunusobod tumanida 14,3% darajasida qayd etildi.

Shu tariqa, Toshkent shahrida ijara bozori uy-joy sotuv bozoriga nisbatan tezroq o‘sishda davom etmoqda. Bir yil davomida o‘rtacha ijara narxlari 9,1%ga oshgan bo‘lsa, uy-joy narxlarining umumiy indeksi 7,6%ga o‘sdi.

Metodologik izoh

Bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar uy-joy operatsiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga oid ma’muriy ma’lumotlar asosida shakllantirilgan. Hududlar bo‘yicha ikkilamchi bozor narxlari ochiq e’lonlar asosida viloyatlarning ma’muriy markazlari kesimida hisoblangan. Bunda alohida keskin qiymatlarning ta’sirini kamaytirish maqsadida 1 kv.m uchun median narx qo‘llanilgan.

Toshkent shahri bo‘yicha ikkilamchi va birlamchi bozorlardagi narxlar dinamikasi uy-joy xususiyatlaridagi farqlarni hisobga oluvchi gedonik metodologiya asosida hisoblangan. Ijara bozori bo‘yicha ma’lumotlar ochiq e’lonlarga asoslanib, shahar tumanlari kesimida 1 kv.m uchun median ijara qiymati sifatida hisoblab chiqilgan.

Jaloliddin Usmonov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

tel: (78) 150 02 02 (417)

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar