Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Chimmos” MFY)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Chimmos” MFY)

– Faoliyatingiz nimadan boshlandi? Ushbu vazifaga qanday keldingiz (oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz)?

– Oliy ma’lumotim haqida gapiradigan bo‘lsam, Toshkent arxitektura va qurilish institutini qurilish mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaganman. Mehnat faoliyatimni Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qo‘shrabot tuman kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida boshlaganman. Keyinchalik Qo‘shrabot tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limida obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha guruh rahbari vazifasida faoliyat yuritdim. 2022 yilning 11 yanvaridan e’tiboran “Sorigul” mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi etib tayinlandim. Mazkur MFY tugatilganligi munosabati bilan, 2025 yildan boshlab faoliyatimni “Chimmos” MFYda hokim yordamchisi sifatida davom ettiryapman. Tumanning turli idoralarida orttirgan ko‘p yillik mehnat tajribam bugungi kundagi mas’uliyatli vazifalarimni samarali bajarishimda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

– “Chimmos” mahallasining portretini qanday tasvirlagan bo‘lardingiz? Mahallada kimlar istiqomat qiladi, nimadan daromad topadi (u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari, yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz)?

– “Chimmos” MFYda 25,5 km ichki yo‘llar mavjud. Mahallamizning asosiy drayveri uzumchilik va chorvachilik hisoblanadi. Hududimizda 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktab, 1 ta umumta’lim maktabi, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, “IT shaharchasi” hamda oilaviy shifokorlik punkti faoliyat yuritadi.

Ishlab chiqarish sohasida esa “Zarafshon tekstil” MChJga qarashli 500 o‘rinli tikuvchilik fabrikasi hamda xitoylik investorlar tomonidan barpo etilgan mahalliy xomashyo – granit toshlariga ishlov berish sexi muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda. Bugungi kunda mahalladagi 509 ta xonadonda 558 ta oila istiqomat qiladi va aholining umumiy soni 3010 nafarni (shundan 1354 nafari xotin-qizlar) tashkil etadi.

Mahalladagi aholining asosiy qismi korxona va tashkilotlarda ishlaydi. Shu bilan birga, tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi, ikki yuzdan ziyod kishi uzumchilik, uch yuzga yaqini chorvachilik bilan band. Mavsumiy ishlarda yuzdan ortiq fuqaro mehnat qilsa, yuzdan ziyod ayol tikuvchilik bilan mashg‘ul.

– Yo‘l boshida nima eng qiyin bo‘ldi va siz uni qanday yengdingiz?

– Yo‘l boshidagi eng katta qiyinchilik – odamlar ishonchini qozonish va ularning muammolariga to‘g‘ri yechim topish edi. Buning uchun aholi bilan ochiq muloqot qildim, har bir murojaatni joyiga chiqib o‘rgandim. Muammolarni idoralar bilan birgalikda hal qilish orqali natijalarga erisha boshladik va shu barobarida menga nisbatan ishonch orta bordi.

– Siz bevosita tanishish, so‘rov va o‘rganishlar o‘tkazish orqali mahallaning ahvolidan doimiy ravishda yaqindan xabardor bo‘lib turasiz. O‘rganishlar natijasida “Chimmos” MFYda qanday iqtisodiy imkoniyatlar aniqlandi, qanday o‘sish drayverlari tanlandi, nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi va hozirda nimalar qilinmoqda?

– Mahallabay ishlash tizimi doirasida xonadonbay so‘rovnomalar, infratuzilmani o‘rganish va individual muloqotlar orqali aholi muammolarini bevosita aniqlanadi. Bu jarayon birinchi navbatda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlikni kamaytirish va mahalla infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan “mahalla yettiligi” faoliyatining asosi hisoblanadi. Mavjud imkoniyatlarni o‘rganish natijasida mahallamizning iqtisodiy drayveri sifatida uzumchilik va chorvachilik yo‘nalishlari tanlab olingan. Hozirgi paytda mahallamizdagi 90 foiz xonadon aholisi uzumchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ayni paytda biz ularga har tomonlama ko‘maklashyapmiz. Asosiy e’tiborimiz uzumchilikning samaradorligini oshirishga qaratilgan. Shu maqsadda yangi navli uzum navlari ko‘chatlari olib kelinib ekilmoqda. Bu esa kelajakda aholimiz daromadini yanada oshirishga hissa qo‘shadi.

– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? O‘tgan vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi?

– Mahalla aholisini tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida 2025 yilda 10 nafar ishsiz fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT) sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ushbu tashabbus natijasida hududimizdagi yo‘l bo‘ylarida bir qator maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari, xususan, savdo do‘konlari, hunarmandchilik ustaxonalari hamda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va yuvish majmualari barpo etilib, hozirda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Shu bilan birga, mahallada mehnatga layoqatli aholi qatlami salmoqli ekanligini inobatga olib, uy sharoitida kichik ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Ayni paytda mazkur yo‘nalishdagi mavjud imkoniyatlar chuqur tahlil qilinib, dastlabki pilot loyihalarini amaliyotga joriy etish ustida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Yuqorida aytganimdek, hudud uzumchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, 20 dan ortiq xususiy tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Faqat 2025 yilning o‘zida 90 nafar ishsiz fuqaroning 50 nafarga yaqini doimiy ishga joylashtirildi. Qolganlariga esa 650 mln. so‘m imtiyozli kredit berilib, tadbirkorlikni boshlashiga ko‘maklashildi.

– Biror ehtiyojmand oila yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, ularning hayotida aniq o‘zgarish qilgan holatni keltirib o‘ta olasizmi?

– Mahallamizdagi boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalardan birida yashovchi ayolning tikuvchilikka bo‘lgan qiziqishi qo‘llab-quvvatlandi. Dastlab u kasb-hunar kurslariga jalb etildi hamda unga imtiyozli kredit olishda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, faoliyat yuritishi uchun mahalla binosidan maxsus xona ajratib berildi. Natijada ushbu fuqaro o‘z ishini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yib, yana ikki nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlashga erishdi. Olib borilgan bunday amaliy ishlar samarasida mazkur oila bugungi kunda barqaror daromad manbaini yaratib, to‘liq o‘zini o‘zi ta’minlash darajasiga chiqdi.

– 2025 yil oxirida “Chimmos” MFYda IT-shaharcha barpo etilgandi. Yangi maskan mahalla yoshlarining o‘qish va kasbga o‘rganishiga qanday yordam bermoqda?

– “Chimmos” mahallasidagi “IT-shaharchasi”da ta’lim jarayoni ilg‘or xorijiy tajribalar asosida yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda bu yerda 6 nafar malakali mutaxassis tomonidan 216 nafar mahalliy yoshlarga dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi hamda ingliz va boshqa chet tillari bepul o‘rgatilmoqda.

Ushbu maskan 2022 yilda Nurobod tumanining Oqsoy mahallasida respublikamizda ilk bor amalga oshirilgan “IT-Village” konsepsiyasi doirasida barpo etilgan bo‘lib, 35 sotix maydonni egallaydi va eng so‘nggi texnologiyalar bilan to‘liq jihozlangan. Markazga o‘quvchilar 12 yoshdan qabul qilinadi va dastlabki sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan iqtidorli yoshlar maxsus IT kurslariga saralab olinadi.

Bugungi kunga qadar 110 nafar o‘quvchi kompyuter savodxonligi yo‘nalishini muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Bunday zamonaviy sharoitlarning yaratilishi uch mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan hududdagi ijtimoiy muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, yoshlarning kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchini yanada mustahkamlamoqda.

Chimmosdagi “IT-shaharcha” mahalla yoshlarining taraqqiyot drayveriga aylanishiga ishonaman! Umuman olganda, aholi salohiyatini yuzaga chiqarish – muqarrar yuksalish kafolati!

– Hududingiz aholisi orasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?

– Mahallamizda hozirgi kunda kambag‘allik darajasi 1.3 foizni tashkil etadi. Kambag‘al oilalarga imtiyozli kreditlar, kasb-hunarga o‘qitish hamda ishga joylashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari kambag‘al oilalarning daromadi oshirilsa, bunday oilalar yanada kamayadi. 2026 yil yakuniga qadar “Chimmos” MFYda kambag‘al oilalar qolmasligiga ishonaman.

– Odamlar sizni ko‘proq qaysi muammolar bo‘yicha izlashadi? Misol keltira olasizmi?

– Mahallamiz aholisi asosan imtiyozli kreditlar olish orqali tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda tomorqa yerlaridan samarali foydalanish masalalarida ko‘mak so‘rab murojaat qiladi. Kelib tushayotgan ushbu talab va takliflarni ijobiy hal etish maqsadida, mavjud barcha imkoniyat hamda resurslarimizni to‘liq safarbar etishga alohida e’tibor qaratamiz.

– Ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha mahallada qanday innovatsion yondashuvlardan foydalanildi?

Ishsizlikni qisqartirishda samarali bo‘lgan innovatsion yondashuvlar – xonadonbay aholi salohiyatini o‘rganish, malakali kasb-o‘qitish kurslarini tashkil etish va aholini kichik tadbirkorlikka yo‘naltirishdan iborat. Shuningdek, mahallalarda kooperativ va hamkorlik platformalarini joriy qilish orqali mahsulot va xizmatlarni bozorga chiqarish imkoniyatlari yaratildi. Bu choralar fuqarolarni o‘zini o‘zi ta’minlaydigan darajaga chiqarishda aniq samara berdi.

– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?

– Hokim yordamchilari faoliyatini takomillashtirish uchun aholi bilan muloqotni raqamlashtirish va ma’lumotlarni tizimli yig‘ish muhim. Shu bilan birga, kasbga o‘qitish va tadbirkorlik dasturlarini mahallalarda samarali yo‘naltirish, imtiyozli kredit va subsidiyalarni aholiga tezkor yetkazish kerak.

Hokim yordamchisi sifatida menga elektron tizimlar, ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha treninglar va mahalladagi imkoniyatlarni tezkor baholash uchun zarur resurslar yordam bersa, ish samaradorligini sezilarli oshirish mumkin, deb o‘ylayman.

– Agar sizda byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallangizda qaysi loyihani amalga oshirgan bo‘lardingiz?

Agar byudjet, vaqt va resurslarga cheklov bo‘lmasa, mahallamizda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni bir vaqtda ta’minlaydigan integratsiyalashgan loyihani amalga oshirgan bo‘lardim. Bu loyiha doirasida kichik tadbirkorlik va uy sharoitida ishlab chiqarishga zamonaviy markazlar ochiladi, aholi kasb-o‘qitish va malakani oshirish kurslariga yo‘naltiriladi, bolalar va yoshlar uchun ta’lim va sport infratuzilmasi yaratiladi. Shu orqali aholi daromadini oshirish, ishsizlikni qisqartirish va umumiy hayot sifatini yaxshilash mumkin bo‘lardi.

– O‘zbekiston Prezidentining mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan tashabbusi “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida ishlash tizimiga o‘tish uchun poydevor bo‘ldi. Siz hokim yordamchisi sifatida ushbu islohotning mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ahamiyatini qanday baholaysiz? Ilgarigi yondashuvlar bilan solishtirganda, ish uslubida qanday prinsipial o‘zgarishlar bo‘ldi?

– Tan olish kerak, ilgarigi yondashuvda mahalladagi islohotlar bo‘yicha tashabbuslar asosan yuqori pog‘onalardan kelib, mahalla ko‘proq ijrochi vazifasini bajarardi. Joriy tizimda esa mahalla islohotlarning asosiy boshlang‘ich nuqtasi sifatida shakllandi, desam, adashmayman. Bunda har bir xonadon alohida o‘rganilib, muammolar joyida aniqlanadi va shu asosda qarorlar qabul qilinadi. Bu esa vaqt hamda resurslardan samarali foydalanish imkonini berib, umumiy natijadorlikni oshirmoqda.

Ish uslubidagi muhim o‘zgarishlar haqida gapiradigan bo‘lsak, kabinet asosida ishlashdan bevosita xonadonlar bilan ishlashga o‘tildi, shuningdek, yangi tizimda muammolarni vaqtincha yengillashtirish emas, balki ularni uzoq muddatli hal etish ustuvor yo‘nalishga aylandi.

Natijada mahallada bandlik, ijtimoiy yordam va infratuzilmaga oid masalalar tezkor hamda aniq manzilli hal etilmoqda. Eng muhimi, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchi ortib, mahalla amalda fuqarolar manfaatlarini ifoda etuvchi muhim bo‘g‘inga aylandi.

– O‘tgan yilda mahallangizda mahallabay tizimi doirasida qaysi aniq masalalar hal etildi? Xususan, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash yoki xonadonlar bilan ishlash yo‘nalishlarida qanday natijalarga erishildi?

– O‘tgan yilda mahallabay tizimni joriy etishdagi asosiy vazifa muammolarni aniqlashdan tortib, ularni barqaror yechimga olib kelishgacha bo‘lgan to‘liq mexanizmni ishga tushirishdan iborat edi. Shu jihatdan olganda, mahallamizda qator aniq va amaliy natijalar qayd etildi.

Jumladan, bandlik sohasida ishsiz fuqarolar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning bilim va ko‘nikmalariga mos ravishda ishga joylashtirish, kasbga o‘qitish yoki mustaqil bandlikni ta’minlash choralari amalga oshirildi. Shu bilan birga, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish orqali qator oilalarga doimiy daromad manbalari yaratildi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida esa kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz qariyalar hamda ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi fuqarolar aniqlanib, ularga nafaqa, moddiy ko‘mak va zarur ijtimoiy xizmatlar manzilli yetkazildi. Har bir xonadon kesimida holat o‘rganilib, alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi, ijro jarayoni muntazam nazorat qilindi va muammo to‘liq hal etilmaguncha yakunlangan deb hisoblanmadi. Bularning bari mahalladagi islohotlar samaradorligini sezilarli darajada oshirdi.

– Joriy yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ushbu islohotning milliy darajada institutsionallashganini ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan, sizning oldingizga qo‘yilgan ustuvor vazifalar va asosiy yo‘nalishlar nimalardan iborat? Joriy yilda mahalla aholisi infratuzilmani rivojlantirish va aholi bilan manzilli ishlash borasida qaysi o‘zgarishlarni eng avvalo his qilishi kerak, deb o‘ylaysiz?

– Joriy yildagi ish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

- daromadli bandlikni ta’minlash – har bir ishsiz fuqaro uchun uning salohiyatiga mos ish o‘rni yoki barqaror daromad manbasini yaratish;

- kam ta’minlangan oilalarni boqimondalikdan chiqarish, ularni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb etish;

- yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi va ijtimoiy faolligini oshirish;

- mahalla infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, ya’ni yo‘l, suv, elektr, gaz va internet ta’minotida tizimli yechimlar joriy etish;

Bir so‘z bilan aytganda, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”dagi asosiy maqsad – mahallani faqat yashash hududi emas, balki inson qadri, barqaror daromad va munosib turmush ta’minlanadigan asosiy makonga aylantirishdan iborat.

– 2026 yilda o‘z oldingizga mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz? Siz ishlayotgan mahalla 5 yildan keyin qanday bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

2026 yildagi asosiy maqsadim – mahallamizda tadbirkorlik va uy sharoitida ishlab chiqarishni rivojlantirish, aholi uchun kasbga o‘qitish va malakani oshirish dasturlarini kengaytirish, ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish. Shu orqali aholi daromadini oshirish va ishsizlikni kamaytirishni mo‘ljallaganman.

Keyingi 5 yilda, ishonamanki, mahallamizda aholi o‘zini o‘zi ta’minlaydi, kichik tadbirkorlik faolligi sezilarli o‘sadi, yangi korxonalar va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari rivojlanadi, ijtimoiy va iqtisodiy muhit mustahkamlanadi.

Jamoliddin Turdimov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №4/2026

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar