Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

Osiyodagi neftni qayta ishlash zavodlari Yaqin Sharqdan neft yetkazib berish tiklanishi hisobiga qayta ishlash hajmini oshiradi (Reuters)

Kpler tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr oyida Yaqin Sharqdan (Erondan tashqari) xom neft va gaz kondensati eksporti haftasiga 18,11 mln tonnagacha tiklanib, 2026 yil fevral oyida mojaro boshlanishidan oldingi darajaga (18,22 mln tonna) yaqinlashdi.

Shu bilan birga, neftni qayta ishlash korxonalari faoliyatidagi muammolar sababli Yaqin Sharq mamlakatlaridan neft mahsulotlari eksporti mojarodan oldingi hajmning yarmidan ham kamligicha qolmoqda. Osiyodagi neftni qayta ishlash zavodlari qayta ishlash hajmini va yoqilg‘i eksportini oshirish orqali ushbu kamayishning o‘rnini qoplashi mumkin.

Energetika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, jahondagi neftni qayta ishlash quvvatlarining 37 foizi Osiyo hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025 yilda Osiyoga import qilingan xom neftning 60 foiziYaqin Sharq mamlakatlaridan yetkazib berilgan.

Xalqaro energetika agentligi baholashicha, neft yetkazib berish qisqarishi sababli 2026 yil aprel oyida Osiyodagi zavodlar neftni qayta ishlash hajmini sutkasiga 6 mln barrelga kamaytirgan. Yetkazib berishning tiklanishi zavodlarga ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish imkonini beradi.

Hindistonda neftni qayta ishlash quvvati sutkasiga 5,1 mln barrelni tashkil etadi. Xitoy esa dunyodagi eng yirik neftni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich sutkasiga 18,8 mln barrelga yetadi. Janubiy Koreya va Singapur ham neft mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish imkoniyatiga ega.

Yoqilg‘i narxlarining yuqoriligi neftni qayta ishlash korxonalari daromadliligini oshirmoqda. Yaqin Sharqdan neft yetkazib berish tiklanishi Osiyodagi zavodlarga yoqilg‘i ishlab chiqarishni ko‘paytirish va Yevropa, Afrika hamda Osiyoning boshqa mamlakatlariga eksport hajmini oshirish imkonini beradi.

Texnologik mahsulotlarga yuqori talab Xitoy eksportining o‘sishiga xizmat qildi (Financial Times)

Xitoy bojxona statistikasiga ko‘ra, 2026 yil sentyabr oyida mamlakat eksporti yillik hisobda 36,3 foizga o‘sib (avgustda 25 foiz), prognozdan (25,5 foiz) yuqori bo‘ldi. Bu fevral oyidan (39,6 foiz) buyon eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichidir. Import esa 31 foizga oshib (avgustda 28,2 foiz), prognoz qilingan 24,5 foizlik o‘sishdan yuqori natija qayd etdi.

Xitoyda ishlab chiqarilgan yarimo‘tkazgichlar va sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan texnologik mahsulotlarga yuqori talab eksport o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ichki iste’mol va investitsiya faolligi sust bo‘lgan sharoitda eksport hajmining oshishiXitoy sanoat ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Sentyabr oyida Xitoyning nodir yer metallari eksporti yillik hisobda 6,7 foizga o‘sib, 4,27 ming tonnani tashkil etdi. Biroq avgustga nisbatan eksport 9,8 foizga kamaydi. 2026 yil yanvar-sentyabr oylarida esa eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,6 foizga qisqarib, 43,7 ming tonnani tashkil etdi.

2026 yil yanvar-sentyabr oylarida Xitoy tashqi savdosining ijobiy saldosi 938,11 mlrd dollarni tashkil etdi. Eksportning hozirgi o‘sish sur’atlari saqlansa, yaqin oylarda ushbu ko‘rsatkich 1 trln dollardan oshishi mumkin.

Eksportning barqaror o‘sishi Xitoy iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlab, iqtisodiyotni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha davlat choralariga ehtiyojni kamaytirmoqda. 2026 yil uchun mamlakat YaIM o‘sishining maqsadli ko‘rsatkichi 4,5–5 foiz etib belgilangan. AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan yangi savdo cheklovlari joriy etilishi ehtimoli asosiy xavflardan biri bo‘lib qolmoqda.

XVJ: sun’iy intellekt jahon iqtisodiyoti o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda, biroq moliyaviy xavflar kuchaymoqda (NewsMarket)

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2026 yil uchun jahon iqtisodiyotining o‘sish prognozini 3,0 foizdan 3,1 foizga oshirdi. 2027 yil uchun prognoz esa 3,4 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Shu bilan birga, XVJ prognozlariga ko‘ra, 2026 yilda jahonda inflyasiya 4,7 foizni tashkil etadi. Sun’iy intellekt sohasiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, energiya resurslari narxlarining yuqoriligi, davlat qarzining ortishi va geosiyosiy xavflar o‘sishni cheklovchi omillar bo‘lib qolmoqda.

Prognozga ko‘ra, jahon iqtisodiyoti o‘sishining 95 foizi 32 ta mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu iqtisodiy faollik texnologik investitsiyalar o‘sishi va qulay tashqi iqtisodiy sharoitlardan foyda ko‘rayotgan mamlakatlarda tobora ko‘proq jamlanayotganini ko‘rsatadi.

XVJ global moliyaviy barqarorlik to‘g‘risidagi hisobotida uchta asosiy xavfni qayd etdi: sun’iy intellekt bilan bog‘liq kompaniyalarning bozor qiymati pasayishi ehtimoli, davlat obligatsiyalari daromadliligining oshishi hamda moliya tizimi faoliyatini izdan chiqarishi mumkin bo‘lgan yirik kiberhujumlar.

Jahon iqtisodiyotida yangi texnologik ishlab chiqarish zanjirlarida ishtirok etayotgan mamlakatlar bilan texnologiyalardan faqat foydalanuvchi mamlakatlar o‘rtasidagi tafovut tobora ortib bormoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar