Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

Xitoy fond bozorini qo‘llab-quvvatlash uchun 15 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratadi (Yonhap)

Xitoy Xalq banki oktyabr oyida CSI 300 fond indeksi 8,5 foizga pasayib, 2016 yildan buyon eng yomon natijani qayd etganidan so‘ng, fond bozorini qo‘llab-quvvatlash choralarini e’lon qildi.

Markaziy bank moliya tashkilotlariga aksiyalarni sotib olish uchun 15 mlrd dollardan ortiq likvidlik taqdim etadi. Shu bilan birga, kompaniyalarning o‘z aksiyalarini qayta sotib olishini moliyalashtirish dasturi bo‘yicha foiz stavkasi 1,25 foizdan 1 foizga tushirildi.

Xitoy regulyatori ma’lumotlariga ko‘ra, dastur ishga tushirilganidan buyon 66 mlrd dollarlik kredit shartnomalari tuzilgan bo‘lib, shundan 42 mlrd dollardan ortiq mablag‘ kredit sifatida berilgan.

Osiyo kompaniyalari AQShga investitsiyalarni oshirishda davom etadi (Reuters)

Yaponiya, Janubiy Koreya va Tayvan kompaniyalari global ta’minot zanjirlarining qayta tashkil etilishi sharoitida AQShga investitsiyalarni oshirishda davom etadi. Amerikaning Citigroup bank guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Amerikaga yo‘naltirilgan xalqaro kompaniyalar faoliyati hajmi yiliga kamida 10 foizlik sur’atlarda o‘smoqda. Yaponiya AQShga 550 mlrd dollar, Janubiy Koreya esa 350 mlrd dollar miqdorida investitsiya kiritish rejalarini e’lon qilgan.

Citigroup ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda Xitoy kompaniyalarining xorijiy bozorlardagi faoliyati bilan bog‘liq transchegaraviy moliyaviy operatsiyalar hajmi har yili 20 foizdan ziyod o‘sgan.

Samsung AQShda Nvidia va AMD chiplari uchun komponentlar ishlab chiqaradi (Maeil Business Newspaper)

Samsung Electronics AQShning Texas shtati Teylor shahrida Nvidia va AMD sun’iy intellekt chiplarida qo‘llaniladigan yuqori tezlikdagi HBM xotirasi uchun asosiy kristallar ishlab chiqaruvchi ikkinchi zavodini ishga tushiradi.

Korxona chiplarni ilg‘or 2 nanometrli texnologiya asosida ishlab chiqarish uskunalari bilan jihozlanadi. Zavod maydoni 251 ming kv. metrni tashkil etib, Tesla buyurtmalarini bajarayotgan Samsung kompaniyasining Teylor shahridagi birinchi zavodidan 1,5 baravar katta bo‘ladi.

Uskunalarni o‘rnatish 2029 yilda boshlanadi, seriyali ishlab chiqarish esa 2030 yilga rejalashtirilgan. Yangi zavodda ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun buyurtmalar oldindan qabul qilingan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar