Xitoy texnologiya kompaniyalari Nvidia chiplariga 35 mlrd dollarlik buyurtma berdi (Reuters)
Xitoyning ByteDance, Alibaba va Tencent kompaniyalari Nvidia’dan umumiy qiymati 35 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 3 mln donadan ziyod RTX PRO 5500 videokartasiga buyurtma berdi. Har bir videokartaning narxi 11,4 ming dollar atrofida baholanmoqda.
RTX PRO 5500 videokartalari Nvidia’ning sun’iy intellekt uchun ishlab chiqarilgan ilg‘or protsessorlariga nisbatan kamroq quvvatga ega, biroq AQSh eksport cheklovlariga tushmaydi va Xitoyga sotilishi mumkin.
Xitoy kompaniyalarining umumiy buyurtmalari 6 mln donadan oshgan. Yuqori talab sababli Nvidia yetkazib berishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkinligini bildirgan. Bu Xitoyda sun’iy intellektni rivojlantirish uchun hisoblash quvvatlariga talab yuqoriligini ko‘rsatadi.
Nvidia 2027 yilda jahon bozori uchun ko‘pi bilan 3 mln dona shunday videokarta ishlab chiqarishi mumkin. Dastlabki yetkazib berishlar 2027 yilning I choragida boshlanishi kutilmoqda.
Yirik neft kompaniyalari III chorak yakunlari bo‘yicha foydaning sezilarli o‘sishini kutmoqda (Financial Times)
Britaniyaning LSEG moliyaviy axborot guruhi baholashicha, BP (British Petroleum) kompaniyasining sof foydasi 2026 yilning III choragida 155 foizga oshishi kutilmoqda. Shell neftni qayta ishlashdan olinadigan marja bir barrel uchun rekord darajadagi 42 dollarga yetishini, TotalEnergies esa neftni qayta ishlash va neft-kimyo faoliyatidan pul oqimi ikki baravar oshib, 4 mlrd dollarga yetishini prognoz qilmoqda. ExxonMobil ushbu sohadagi foyda avvalgi chorakka nisbatan 4,5 mlrd dollarga ko‘payishi mumkinligini bildirgan.
Umuman, BP, Shell va TotalEnergies neftni qayta ishlash marjasi o‘tgan yilga nisbatan 3–4 baravar oshishini kutmoqda. Bunga energiya resurslari narxining ko‘tarilishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berishdagi uzilishlar ta’sir ko‘rsatmoqda.
Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, beshta yirik neft-gaz kompaniyasining (ExxonMobil, Shell, Chevron, TotalEnergies va BP) jami foydasi 2026 yilning birinchi yarmida 75 mlrd dollardan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 75 foizga o‘sgan. Kompaniyalarning erkin pul oqimi qariyb ikki baravar ko‘paygan. Eron bilan mojaro boshlanganidan buyon Yevropada gaz narxi 155 foizga, dizel yoqilg‘isi narxi esa ikki baravarga oshgan.
Izoh qoldirish