“Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5205-son, 30.07.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab 2022 yil 1 sentyabrga qadar “labor-migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga o‘qigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
- xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda (735 ming so‘m);
- yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda (490 ming so‘m);
- rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda (1 mln 225 ming so‘mgacha) kompensatsiya to‘lanadi.
Bunda:
- mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqaro “labor-migration” dasturiy majmuasi orqali masofaviy tarzda yoki bevosita Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Bandlikka ko‘maklashish markazlariga ariza bilan murojaat qiladi;
- ariza Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 1 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
2021 yil 1 sentyabrgacha:
- “labor-migration” dasturiy majmuasida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiyalarni olish imkonini beruvchi alohida sahifa tashkil qilinadi.
2021 yil 1 avgustdan transport kompaniyalarining (zaruratga qarab, tez tibbiy yordamning ko‘chma brigadalarining) mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrida jarohat olgan, baxtsiz hodisaga duch kelgan, o‘tkir yoki og‘ir kasalga chalingan fuqarolarni, shu jumladan ularning voyaga yetmagan farzandlarini O‘zbekistonga olib kelish bilan bog‘liq xarajatlari, shuningdek, ushbu fuqarolarni tibbiyot xodimi kuzatuvi ostida qaytarishda tibbiyot xodimining xizmat safari xarajatlari qoplab beriladi.
2021 yilda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasiga 52 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratiladi.
Izoh qoldirish