Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish choralari ko‘rib chiqildi

Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish choralari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimot qilindi.

Butun dunyoda ishchi kuchi ko‘chib yurishi tabiiy jarayon. Mamlakatimizda bunday fuqarolarni chet elga tartibli va xavfsiz jo‘natish bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda. Oxirgi ikki yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 70 ming kishi rivojlangan davlatlarga yuborilgan.

Lekin ayrim odamlar malaka talab qilmaydigan o‘lkalarga o‘zlari ham mustaqil ravishda ketayapti. Ularning mehnat va yashash sharoitlari, kasbi, daromadi turlicha.

Davlatimiz rahbari sohada fuqarolarga qulayliklar yaratish, mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarning bandligini ta’minlash vazifalarini qo‘ygan edi. Shu bois mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, Bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi davlat muassasasi shaklida boshqaruv organiga aylanadi. Agentlik direktori bir vaqtning o‘zida Bandlik vaziri o‘rinbosari bo‘ladi. U mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini ham boshqaradi.

Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Vengriya, Yaponiyadagi elchixona va konsulliklarda mehnat migratsiyasi bo‘yicha attashe, Saudiya Arabistonida agentlik vakili lavozimi joriy qilinadi. Xorijdagi fuqarolarimiz masalalarini tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalar va tegishli vazirliklarda 24 soat ishlaydigan “koll-markazlar” tashkil etiladi.

“Xorijga ish – mahalladan” tamoyili yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqaroni aniqlab, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Nomzodlar xorijdagi ish beruvchilar tanlovlariga jalb qilinadi.

Kasbiy malakasi yo‘q va tilni bilmaydigan fuqarolarni kasbga o‘qitish va profta’lim muassasalarida maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzurida fuqarolarni xorijiy tillarga o‘rgatish va ishlashga maqsadli tayyorlash markazi ochiladi.

Xorijda ishlash istagida bo‘lganlar muayyan xarajatlarga ham duch keladi. Shu bois endi migrantlarning ishchi viza, yo‘l chiptasi, xorijiy til va kasb bo‘yicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplanadi. Chet tili bo‘yicha xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikat olgan fuqaroga til o‘rganish uchun sarflagan xarajatining 50 foizi qoplab beriladi.

Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning bandligiga ko‘maklashish ham muhim masala. Shu bois, Sayxunobod tajribasi asosida ularga tomorqada mahsulot yetishtirib, daromad olishi uchun moliyaviy ko‘mak beriladi hamda boshqa turdagi bandlik xizmatlari ko‘rsatiladi. “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturiga muvofiq imtiyozli kreditlar ajratiladi. Tibbiy muassasalar migratsiyadan qaytgan shaxslar va ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. “Inson” markazlari tomonidan ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

Mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan oyiga 500 ming so‘m subsidiya beriladi. Ushbu tadbirlarga bu yil uchun barcha manbadan 100 milliard so‘m ajratiladi.

Davlatimiz rahbari bu tizimni samarali yo‘lga qo‘yib, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish, bandlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar