Migratsiya va iqtisodiy rivojlanish masalalari
XXI asr jahon iqtisodiyotining yangi darajaga ko‘tarilish davri bo‘ldi. Globalizatsiya davlatlar iqtisodiyotining ko‘plab sohalariga kirib borishi tufayli mehnat bozori va xalqaro mehnat migratsiyasi jarayonlarida ham qator o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbekiston Respublikasi mehnat bozorida ham tashqi mehnat migratsiyasi jarayoni o‘ziga xos xususiyat sifatida saqlanib qolmoqda. Mamlakatda ortiqcha ishchi kuchi mavjudligi, ish bilan ta’minlashdagi muammolar va nisbatan past ish haqi sababli aholining boshqa davlatlarda ishlash va yashash uchun ko‘chib ketish holatlari ko‘p kuzatiladi. Shu sababli bu jarayonni o‘rganish va davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha zamonaviy strategiyalarni taklif qilish lozim[1]. Ushbu maqolada asosan yillar kesimida migratsiya oqimini taqqoslash metodologiyasidan foydalanilgan.
Iqtisodiy lug‘atlarda “migratsiya” so‘ziga "odamlarning ish joyi va yashash hududi o‘zgarishi bilan bog‘liq ko‘chib yurishi”, deb ta’rif beriladi. Mehnat migratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi mehnat resurslari ko‘chishining vaqtinchalik xususiyati hisoblanadi. Insonlarning doimiy qulay hayot uchun intilish tendensiyasi migratsiya jarayoni ommalashishiga sabab bo‘lmoqda. Ish o‘rinlarining yetishmasligi, ish haqining kamligi yoki odamlarning rivojlangan joylarda yashash xohishi bu ko‘rsatkichni oshirmoqda. Mehnat resurslarining uni yetkazib beruvchi va qabul qiluvchi davlatlar iqtisodiyotiga ta’siri oqibatlarini aniqlash uchun nazariy yondashuvlardan foydalanishda mehnat bozoriga, inson kapitalini shakllantirishga va iqtisodiy taraqqiyotga taalluqli yondashuvlargagina tayanish kerak[2].
Jahonda tashqi mehnat migratsiyasi mehnat migrantlarini eksport va import qiluvchi mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’sir etuvchi asosiy omillardan biridir. Xalqaro migratsiyaning davlat mehnat bozoridagi, demografik jarayonlar va aholi bandligini ta’minlashdagi roli muntazam oshib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasining mustaqil davlatga aylanishi va uning xalqaro hamjamiyatga kirishi, bir tomondan, aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq istiqbolli rejalarni mustaqil ravishda emas, balki iqtisodiyotning globallashuv jarayonini hisobga olgan holda ishlab chiqishni taqozo etadi. Ikkinchi tomondan, migratsiya bilan bog‘liq bo‘lgan qarashlar tizimini va aholini ish bilan ta’minlash siyosatini ishlab chiqish, uning ustuvor vazifalarini belgilash ijtimoiy-iqtisodiy va hududiy xususiyatlarni hisobga olish lozim bo‘ladi. O‘zbekistonning turli integratsion tashkilotlarga a’zo bo‘lishi bilan bir qatorda ijtimoiy-siyosiy tuzilma barqarorligini ta’minlash maqsadida aholi bandligi va migratsiya muammolarini birgalikda hal etish ko‘zda tutilgan.
Shu munosabat bilan yangi ish o‘rinlari tashkil etish, mamlakatimiz aholisining iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish jarayonida faol ishtirokini ta’minlash masalasi dolzarb, ilmiy va amaliy ahamiyatga molik masala sifatida qaralmoqda. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida xalqaro mehnat migratsiyasining qonuniyatlarini aniqlash va uning O‘zbekistonda namoyon bo‘lish xususiyatlarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda migratsiyani tartibga solish amaliyoti
Mehnat migratsiyasi jarayonlarini boshqarish va ishchi kuchi migratsiyasining mehnat bozoriga ta’siri, ayniqsa, muhimdir. Ushbu muammoni hal qilish uchun aholi va migratsiyaga moyil jamiyat manfaatlarini hisobga olishga asoslangan nazariy yondashuvlar, uning mexanizmlari va usullarini tadqiq etish, mehnat migratsiyasi jarayonining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish, uni boshqarishning uslubiy yondashuvlarini tahlil qilish, ijtimoiy-iqtisodiy omillarning ta’sirini, umumiy va mintaqaviy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi farqni aniqlash muhim ahamiyatga ega[3].
Albatta, iqtisodiyotni liberallashtirish davrida mehnat resurslarining migratsiya jarayoni orqali taqsimlanishi aholi bandligini ta’minlashga, mehnat bozorini davlat tomonidan boshqarishga, mehnat migrantlarini xalqaro himoya qilish qonunchiligiga, mehnat migrantlarini himoya qilish mexanizmini shakllantirishga qaratilishi kerak. Bozor munosabatlari sharoitida ishchi kuchi migratsiyasining o‘ziga xos xususiyatlari yanada aniqroq namoyon bo‘ladi. Muammoning dolzarbligi shundan iboratki, oxirgi paytlarda mehnat resurslarining xalqaro migratsiyasi kengayib bormoqda, ya’ni mehnatga layoqatli aholining ish topish va daromad topish maqsadida bir mamlakatdan ikkinchi davlatga ko‘chib o‘tishi va chiqib ketishi holatlari ko‘p uchramoqda.
O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi ancha yillik faol jarayon va unda hozirgacha hal qilinmagan muammolar mavjud. Birinchi navbatda, asosan oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan mehnat resurslari eksport qilinadi va ularning oilaviy daromadining katta qismi chet eldan o‘tkaziladigan mablag‘dan iborat. Shaharlarda esa aksincha, oliy ma’lumotli malakali xodimlarning iqtisodiy rivojlangan davlatlarga ko‘chib ketish foizi yuqoriroq. Bu o‘z o‘rnida barqaror iqtisodiyotni rag‘batlantirsa-da, iqtisodiy o‘sish va qaramlikning kuchayishiga olib keladi. Undan tashqari, mehnat migratsiyasi sababli yuzaga kelayotgan ijtimoiy va demografik muammolar ham dolzarb hisoblanadi. Qishloq joylarida o‘rtacha daromad ko‘rsatkichlari past bo‘lganligi sababli chet davlatlariga chiqib ketuvchi erkaklar va asosan, yoshlar soni ko‘p. Bu qishloqlarda ishchi kuchi qarishi tendensiyasi vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Qolaversa, O‘zbekistondan chiqib ketuvchilarning katta qismi norasmiy yo‘llar orqali chiqib, mehnat huquqlari himoyalanmagan holda maoshlarning pastligi va ekspluatatsiya holatlariga duch kelishmoqda. Bularga sabab, xalqaro migratsiya shartlarini yengillashtiruvchi davlatlararo kelishuvlarning yetishmasligi va ishga joylash agentliklarining yetarlicha o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘ya olishmaganligi deb qarash mumkin
Migratsiya jarayonini tartibga solish va boshqarishni takomillashtirishga doir nazariy qarashlarni asoslash, mexanizm va vositalarni belgilash davlat va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi. Bunda migratsiya oqimlarini davlat tomonidan boshqarishda mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlarini hisobga olish, mehnat resurslarining migratsiya joylashuvining asosiy yo‘nalishlarini ochib berish zarur.
2024 yil 17 oktyabrda “Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni[4] qabul qilinishi va unga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashkil etilishi O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasiga yangicha yondashayotganining dalilidir.
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi Agentlikka o‘tkazilib, uning negizida migratsiya jamg‘armasi tashkil etiladi. Agentlik tashqi mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
2025 yil 1 yanvardan agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq nazorat tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat berildi va agentlik zimmasiga u tomonidan o‘tkazilgan har qanday tekshirish natijasi bo‘yicha tuzilgan bayonnomalar, aniqlangan qonun buzilishi holatlari soni va xususiyati haqidagi ma’lumotlarni majburiy tartibda 5 kunda “Xorijda ish” elektron dasturiga joylashtirib borish majburiyati yuklanadi.
1-rasm. 2023 yilda Respublikadan ko‘chib ketganlar soni[5].
Rasmlarda 13 yil ichida O‘zbekiston Respublikasidan boshqa davlatlarga ko‘chib ketganlar soni hududlar kesimida berilgan. Unga ko‘ra, 2010 yilda mamlakat poytaxti Toshkent shahridan ko‘chib ketishlar soni boshqa hududlarga nisbatan ancha ko‘proq bo‘lgan. Biroq 2023 yilga kelib, hududlarga nisbatan olib qaralganda ham eng yuqori ko‘rsatkich yana Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Bu ekologik yoki iqtisodiy qoloqlik sababli yuzaga kelgan vaziyat emas. Balki aholining turmush darajasi yaxshilanib borgani sari ularning yanada yaxshi sharoit va hududlarda yashash istaklari ham oshib boradi. 2010 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham aholi orasida ko‘chib ketuvchilar soni oshib borgan. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida ushbu hududdagi ekologik muammolar tufayli yashash sharoiti tobora yomonlashib borganligini aytishimiz mumkin.
Mamlakatda ishchi kuchining notekis taqsimlanishi va ishlab chiqarish fondining salmoqli qismini xorijiy davlatlarga o‘tkazish iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatmaydi. Viloyatlararo migratsiya darajasining notekisligi ayrim hududlarda sanoat va infratuzilmaning boshqalarga qaraganda ko‘proq rivojlanishiga sabab bo‘lib kelmoqda.
3-rasm. O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda ko‘chib kelishning eng yuqori va eng past darajasi qayd etilgan hududlar[7].
2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p muhojirlar Toshkent shahrida, ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyatida kuzatilgan. Eng kam migratsiya Namangan viloyatida qayd etilgan. Toshkent shahri boshqa viloyatlarga qaraganda infratuzilmaning yaxshi ekanligi, ish o‘rnining mavjudligi va ish haqining balandligi bilan ajralib turadi. Bu esa mamlakat aholisining poytaxtga intilishiga va ba’zi muammolarga sabab bo‘lmoqda. Yuqorida ta’kidlangan tendensiya ichki migratsiyaning sabablari sifatida qaralsa-da, tashqi migratsiyaning ham asl mohiyati shunga borib taqaladi hamda uni rivojlanmagan va rivojlanayotgan hududlardan rivojlangan mamlakatlarga migrantlar oqimi misolida ko‘rish mumkin. Bu esa dunyodagi ish kuchining notekis taqsimoti yoki mamlakatning iqtisodiy rivojlanishda orqada qolayotgani sababli migratsiyaning oshib kelayotganidan darak beradi.
Aholining asosan o‘rta ta’limli qismi ishchi kuchi sifatida xorijiy davlatlarga ketishi aniqlangan. Mehnat migratsiyasi darajasining oshishi iqtisodiy sabablar bilan bog‘liq bo‘lib, o‘z navbatida, aholi ham yuqori daromad izlaydi. Ma’lumki, mehnat muhojirlarining asosiy qismi Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiya Respublikalarida mehnat qilmoqda.
Xulosa va takliflar
Mamlakat aholisi soni tobora ko‘payib borayotgani, ushbu mamlakatda qo‘shimcha ishchi o‘rinlariga bo‘lgan talabni ham oshirib bormoqda. Yetarlicha ish o‘rinlari yaratilmaganligi, sarflangan ishchi kuchi uchun yetarlicha ish haqi berilmayotganligi hamda aholining yanada yaxshiroq hamda qulay hayotda yashash istaklarining oshib borayotganligi migratsiyani, ayniqsa, ishchi kuchi migratsiyasini oshirmoqda. Bular esa mamlakatimizdagi migrantlarga nisbatan yanada qulayliklarni yaratish hamda ularni qo‘llab-quvvatlashni talab etadi. Migratsiya siyosatini byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, viza arizalarini tezlashtirish, ishchi migrantlarning bir mamlakatdan boshqasiga ishga jo‘natish bilan bog‘liq ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish va xorijda ish beruvchi kompaniyalar bilan kelishuv asosida ishga qabul qilish imkoniyatlarini joriy etish orqali yaxshilashga erishish mumkin. Agar mamlakat ishchi kuchi eksportini iqtisodiyotining bir yo‘nalishi sifatida foydalansa, inson kapitalidan samaraliroq foydalanish va migrantlar duch kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarning oldini olish maqsadida hukumat tomonidan ta’minlanishi kerak bo‘lgan yondashuvlar mavjud. Bularga asosan, kasbiy ta’lim, migrantlar tashrif buyuradigan mamlakat til ko‘nikmalari va madaniy ogohlikni oshirish, shuningdek, xorijda migrantlarning haq-huquqlarini mehnat qonunlari va monitoring mexanizmi orqali himoyalashni misol sifatida aytish mumkin.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan yondashuvlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan turli loyiha va farmonlar ishlab chiqilmoqda. Shunday bo‘lishiga qaramay, ishchi migrantlarning huquqiy himoyasida kamchiliklar mavjud. Chunki xorijdagi migrantlar orasida ish haqi to‘lanmasligi yoki turli xil kamsitish holatlari ko‘payib bormoqda. Bu esa mamlakat aholisining huquqlari buzilishiga sabab bo‘ladi. Shu masala bo‘yicha qabul qilingan ko‘plab qonunlar ijrosi to‘liq ta’minlanmay qolishi va to‘g‘ri tatbiq etilmaslik holatlari ham uchrab turadi. Shu sababli, migrantlar orasida boshqa davlatlar fuqaroligini olish va o‘z huquqlarini himoya qilish tendensiyasi ommalashmoqda. Ish maqsadida ketgan kadrlarning o‘z mamlakatlariga qaytib kelish ishtiyoqi tushib boradi. Bu holatning davom etishi, ya’ni aqlli boshlarning xorijga oqimi mamlakatning iqtisodiy va siyosiy rivojiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.
Shu muammolarni hal etish va aholi uchun qulay hamda xavfsiz muhit yaratib berishni ta’minlash bo‘yicha quyidagi takliflar beriladi:
– Barcha mintaqalarda investitsion jozibadorlikni oshirish orqali sarmoyadorlarni jalb qilib, ish o‘rni va tadbirkorlik faoliyatlarini kengaytirish;
– Viza tizimi mavjud bo‘lmagan davlatlar bilan bu tizimni joriy etish. Bu orqali migrantlarni jo‘natuvchi va qabul qiluvchi mamlakat o‘zining tartibli migratsiya jarayonini ta’minlaydi. Migrantlar uchun bepul viza xarajatlarini va qisqa muddatli kasbiy ta’lim to‘garaklarini joriy etish, kasbiy ta’limni berish davomida migrantlarga kamida boshlang‘ich darajadagi tashrif buyuradigan mamlakatga tegishli bir tilni o‘rgatish va u davlatning o‘ziga xos madaniy urf-odatlari haqida ma’lumotni yetkazish ishlarini joriy qilish migratsiya jarayonini samaraliroq nazorat qilish va fuqarolarga ko‘proq qulayliklar yaratish imkonini beradi. Bu esa norasmiy tarzda chetga chiqib ketayotganlar sonining kamayishiga ham olib keladi;
– Asosiy ishchi kuchi eksport qilinadigan mamlakatlarda migrantlar uchun tibbiy sug‘urta agentliklari, shifoxonalar qurilishini davlat tomonidan ta’minlash, shu tashkilot va agentliklarning migrantlar bilan doimiy aloqasini ta’minlash.
Yuqoridagi takliflar xorij tajribalariga asoslangan va ularni joriy etish mamlakatda aholi uchun qulay ish o‘rinlari va yuqori ish haqi joriy etishga, ishchi kuchi sifatida chet elga ketganlar uchun xavfsiz va shaffof muhit barpo etishga ko‘maklashadi. O‘zbekiston Respublikasida ortiqcha mehnat resurslari mavjudligi va aholi sonining ortib borishi bu jarayon hali kamaymasligidan va dolzarblikni saqlab qolayotganidan dalolat beradi.
Mamlakatda / Migratsiya
Salayeva Umida Qudrat qizi,
Chinorova Shahodat Mansur qizi,
Mo‘minov Izzatillo Orifjon o‘g‘li,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari
"Iqtisodiy sharh" jurnali №1/2025
[1] [1] Abrayev SH.X. Oʻzbekistonda mehnat bozori asosiy koʻrsatkichlarining oʻzgarish tendensiyalari va ularning statistik tahlili. // “Yangi Oʻzbekistonda statistika nazariyasi va amaliyotidagi islohotlar: muammolar va yechimlar” xalqaro anjumani materiallari, 2023. 236-bet
[2] [2] “Mehnat bozorini tadqiq etish”, darslik. B.E.Tagaev. – T.: OʻzMU nashriyoti, 2022. 26-bet
[3] [1] Behzod Tagaev. “Mehnat migratsiyasining iqtisodiyotdagi roʻli va uni tartibga solish usullari”. “Belt and road” jurnali, 01.01.2022.
[4] [2] “Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-162-sonli Prezident Farmoni, 17.10.2024.
[5] Stat.uz
[6] Siat.stat.uz
[7] https://dtm.iom.int/reports/ozbekiston-migratsiya-vaziyatiga-oid-hisobot-2023-yil-aprel-sentabr
Izoh qoldirish