“Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (Agentlik);
- Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida 4 shtat birligidan iborat bo‘lgan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘limi (Bo‘lim);
Shuningdek, quyidagilar kiritiladi:
- kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining o‘rinbosari – Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori lavozimi;
- O‘zbekistonning Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalari shtat jadvaliga qo‘shimcha ravishda 1 ta shtat birligidan iborat mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi.
Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan:
“Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
- xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda;
- xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda;
- yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.
Sug‘urta tashkilotlariga – “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta 50 ming so‘mgacha miqdorda subsidiya to‘lanadi;
Xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan O‘zbekiston fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan hujjatlarni onlayn talab qilib olish bo‘yicha konsullik yig‘imlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi.
2024 yil 1 sentyabrgacha:
- mehnat migrantlariga yordam ko‘rsatish uchun tunu kun ishlaydigan Call-markaz faoliyati tashkil etiladi;
- chet eldan chiquvchi abonentlar uchun Call-markaz raqamiga qo‘ng‘iroqlarni bepul asosda amalga oshirish imkoni yaratiladi.
2025 yil 1 iyulgacha quyidagilar yaratiladi:
- O‘zbekistondan tashqariga chiquvchi va davlat hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi;
- mehnat migrantlari uchun bo‘lib turgan mamlakatlari va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi mobil ilova.
2024 yil 1 iyuldan xususiy bandlik agentliklariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston tashqarisida ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq undirishga ruxsat etiladi.
Farmonga muvofiq, 2024 yil 1 iyundan:
Mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir ishga olingan xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi (bundan byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno).
Bunda:
- subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi;
- mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi;
- mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda 3 va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar tushuniladi;
2024 yil 1 iyundan quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi:
- mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
- mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan, ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalingan shaxslarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga muvofiq bepul tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyoti.
Izoh qoldirish