Joriy yilning 18 fevral kuni Qohirada O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan «davra suhbati» bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Markaz rahbari o‘z nutqida so‘nggi yillarda iqtisodiy sohada O‘zbekiston-Misr munosabatlari faol rivojlanish bosqichiga o‘tganligini ta’kidladi. 2017 yildan buyon o‘zaro savdo va sarmoyaviy hamkorlik faollashib, ushbu yo‘nalishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Shuningdek, Misr Prezidenti janob as-Sisining 2018 yil 4 sentyabrdagi O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha qiymati 483 million dollarlik savdo va sarmoyaviy kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Markazning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi besh yilda uch barobardan ziyod, 2017 yilda qariyb 10 million dollardan 2022 yilda 30,5 million dollargacha oshdi. O‘zbekistonning Misrga eksporti 16 barobarga oshgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning Misrga eksporti tarkibiga to‘qimachilik mahsulotlari, transport uskunalari va xizmatlari, shu jumladan havo transporti xizmatlari kiradi. O‘zbekistonning 2022 yilda Misrdan amalga oshirilgan import tarkibiga oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo mahsulotlari, mashina va transport uskunalari va xizmatlar o‘rin olgan.
Markaz direktorining so‘zlariga ko‘ra, investitsion sohadagi hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Xususan, O‘zbekistonda Misrlik ishbilarmonlarning kapitali ishtirokida 29 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Misrning “Solifar” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatidagi "Bo‘stonliq-farm" EIZda farmatsevtika sohasida (qiymati 20 mln dollar) ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Qashqadaryo viloyatida gepatit C preparatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha (1,4 mln dollar) Misrning “One World Pharma” kompaniyasi bilan ishlar olib borilmoqda. «Kapo Agri» kompaniyasi bilan Namangan viloyatida baliqchilik sohasidagi loyiha bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tkazildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro savdo va investitsion ko‘rsatkichlari hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tahlili natijasida ushbu sohada hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud ekanligi alohida qayd etib o‘tildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, izchil va tizimli demokratik islohotlar haqida to‘xtalar ekan, Markaz rahbari mamlakatimiz oldiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 40 foizga oshirish va 120 milliard dollardan ortiq qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish maqsadlari belgilangani ta’kidlandi. Shu bilan birga, 2026 yil oxiriga kelib, xususiy banklarning ulushi banklarning umumiy aktivlarining 60 foiziga yetkazilishi, 2023 yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i 15%dan 12%gacha kamayishi va bank, moliya va telekommunikatsiya sohalaridagi korxonalar uchun daromad solig‘i 15%ga tushirilishi to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tildi.
Taqdimot yakunida Obid Hakimov tomonidan – “bularning barchasi Misrlik yirik investorlarga O‘zbekistondagi xilma-xil savdo-iqtisodiy loyihalarida ishtirok etish, Markaziy Osiyoning qoq Markazidagi jo‘g‘rofiy o‘rnini hisobga olgan holda qo‘shma investitsion loyihalarini amalga oshirish, bu esa unumdorlik va eksport imkoniyatlarini oshiradi”, deb ta’kidlandi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining jamoatchilik bilan aloqalar sho‘’basi
Izoh qoldirish