Mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirish uchun 25 so‘mgacha miqdorda maxsus yig‘im joriy etildi

Mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirish uchun 25 so‘mgacha miqdorda maxsus yig‘im joriy etildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9 dekabrdagi yo‘l xo‘jaligi tizimini chuqur isloh qilish to‘g‘risidagi farmoni bilan avtotransport vositalari egalari uchun ikki turdagi yig‘imni joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Hujjat bilan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirish uchun yoqilg‘i birligi uchun 25 so‘mgacha miqdorda maxsus yig‘im joriy etish huquqi berildi. Yig‘im avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, siqilgan va suyultirilgan gazni oxirgi iste’molchilarga realizatsiya qilishda olinadi.

Bundan tashqari, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga transport vositasi dvigatelining quvvatidan kelib chiqib, avtotransport vositasiga egalik qilish uchun yillik yig‘im joriy etish huquqi taqdim etildi.

Transport vositasiga egalik yig‘imi ushbu tuman yoki shaharning mintaqaviy yo‘llarini ta’mirlash va ekspluatatsiya ishlari uchun maqsadli foydalanishga yo‘naltiriladi.

Farmonda mazkur yig‘imlar keng jamoatchilik muhokamalari asosida, muayyan ma’muriy-hududiy birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olgan holda kiritilishi bergilandi.

Qo‘shimcha ravishda, Qoraqalpg‘iston Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar va poytaxt hokimiyatlariga yo‘l harakatini tartibga solish, mavjud yo‘l-transport infratuzilmasidan oqilona foydalanish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilari mas’uliyatini oshirish maqsadida avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘ylab avtomobil saqlash joylaridan foydalanganlik uchun to‘lov belgilash huquqi berildi.

Joriy etilayotgan tartibga ko‘ra, ular transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun yig‘imning bazaviy stavkalari miqdorlarini, shuningdek, yig‘imning bazaviy stavkasiga transport vositasi dvigateli quvvatidan kelib chiqqan holda toifalanadigan qo‘shimcha koeffitsiyentlarni belgilash huquqiga ega.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar