Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Davlat qarzi holati va dinamikasini taqdim qildi

Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Davlat qarzi holati va dinamikasini taqdim qildi

“2020yil 1 aprel holatiga, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 18,2 mlrd. AQSh dollari ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 31,3 foizni tashkil etdi”, deyiladi Moliya vazirligi Davlat ichki va tashqi qarzi departamentining 2020 yil 1-choragi uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat qarzi holati va dinamikasi sharhida.

Xususan, 1-chorakda davlat tashqi qarzi 0,5 mlrd. AQSh dollariga yoki yil boshiga nisbatan 2,9 foizga oshib, joriy yilning 1-aprel holatiga 16,11 mlrd. AQSh dollariga yoki YaIMga nisbatan 27,7 foizga yetgan.

Shundan:

– Hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz – 10,9 mlrd. AQSh dollari;

– Hukumat kafolatlagan tashqi qarz – 5,2 mlrd. AQSh dollari.

Davlat ichki qarzi 20,0 trln. so‘mni (2,1 mlrd. AQSh dollari) yoki YaIMga nisbatan 3,6 foizni tashkil etdi. Bunda Prezidentning 2019 yil 9 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra chaqirib olingan Hukumat kafolatlari ham inobatga olingan.

Shundan:

– Hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz – 1,7 trln. so‘m (0,2 mlrd. AQSh dollari);

– Hukumat kafolatlagan ichki qarz – 18,3 trln. so‘m (1,9 mlrd. AQSh dollari).

Vazirlik departamenti Davlat qarzining so‘ngi yillardagi o‘sishi dinamikasiga qaramay, xalqaro meʼyorlarga ko‘ra O‘zbekistonning Davlat qarzi (YaIMga nisbatan 31,3 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YaIMga nisbatan 27,7 foiz) mo‘’tadil darajada saqlanib qolayotganini ta’kidlamoqda.

“Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan 2020 yil 19 may kuni chop etilgan Qarz barqarorligi hisobotida respublikaning qarzga xizmat ko‘rsatish salohiyati yuqori, davlat tashqi qarzi esa mo‘’tadil darajadaligi qayd etilgan. Shuningdek, mamlakatimizning qarzni to‘lay olish salohiyatining umumiy indikativ ko‘rsatkichi (CI) 3,1 birlikdan 3,2 birlikka ko‘tarildi”, deyiladi Moliya vazirligi Davlat ichki va tashqi qarzi departamenti ma’lumotida.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar