XVJ O‘zbekistonning 2024 yildagi iqtisodiy faoliyati natijalari bo‘yicha so‘nggi hisobotida islohotlarni izchil amalga oshirish muhimligini ta’kidlab o‘tgan holda, ayniqsa, fiskal barqarorlik, tashqi savdo va davlat siyosatini modernizatsiya qilish sohalarida erishilgan yutuqlarni qayd etib o‘tdi.
Joriy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va risklar
O‘zbekistonda barqaror ichki talab iqtisodiyotining yuqori o‘sish (2024 yilda YaIM +6,5 foizga o‘sdi) templarining asosiy omili bo‘lib qolmoqda. XVJ inflyasiyaning pasayishini kutmoqda va iqtisodiy o‘sish 6% darajasida saqlanib qolishi kutilyapti. Energetikada subsidiyalarini qisqartirish va ijtimoiy xarajatlarning maqsadliligini takomillashtirish kelgusi islohotlarning asosi bo‘lib qolishi lozimligi takidlangan.
Soliq-byudjet siyosati
XVJ kuchli byudjet intizomi natijasida, taqchillikning YaIMning 3 foizi darajasida ushlab turish va tashqi qarz chegaralariga amal qilinayotganligini ijobiy baholaydi.
Shuningdek, 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan Davlat moliyasini boshqarish strategiyasini joriy etish bo‘yicha qadamlar kelgusida ijobiy natija berishi kutilmoqda.
Kelgusida daromadlarni oshirish maqsadida soliq-bojxona imtiyozlarini optimallashtirish, yashirin iqtisodiyot bilan kurash, pensiya tizimini isloh qilish va davlat qo‘llab-quvvatlashini unifikatsiyalash kabi islohotlarga ustuvorlik berilishi aytib o‘tilgan.
Pul-kredit siyosati
XVJ O‘zbekiston Markaziy bankini inflyasiya bosimiga javoban asosiy stavkani oshirish va monetar siyosat bo‘yicha aloqalarini yaxshilashga qaratilgan harakatlarini yuqori baholadi.
Inflyasiya belgilangan darajaga (5 foiz) yetguncha qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish, bosqichma-bosqich moslashuvchan almashinuv kursiga o‘tish va davlat banklarining xususiylashtirish dasturini davom ettirish qo‘llab quvvatlanadi.
Moliyaviy sektor
Yutuqlar qatoriga 2023-2024 yillarda kredit o‘sishini sekinlashtirgan makroprudensial choralar va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish tashabbuslari kiradi.
Strukturaviy va boshqaruv islohotlari
XVJ O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyati, jumladan, JSTga kirish yo‘lidagi yutuqlarni, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mintaqalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilish va Korrupsiyaga qarshi virtual akademiyaning tashkil etilishini yuqori baholadi.
Institutsional o‘zgarishlar tezlashishi, mehnat bozoridagi islohotlar (shu jumladan, ayollar bandligini oshirish), norasmiy sektor ulushini kamaytirish va inson kapitalini oshirish bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish kutilmoqda.
Shuningdek, energiya tariflarini isloh qilishni yakunlash, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash, o‘rmonlarni tiklash va statistika tizimini takomillashtirish davlat boshqaruvi organlari faoliyatining shaffofligi va barqarorligini mustahkamlaydi.
Xulosa
XVJ maslahatlashuvlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy sur’atlarini tasdiqlab, soliq-byudjet va pul-kredit siyosatida intizomni saqlash, tarkibiy islohotlarni kuchaytirish bo‘yicha xarakatlarni davom ettirishni qo‘llab quvvatlaydi. Ushbu harakatlar iqtisodiyotning tashqi ta’sirlarga chidamliligini mustahkamlaydi va barqaror o‘sishni ta’minlashda muhim qadamlar bo‘ladi.
Izoh qoldirish