Namanganda obodlik shukuhi hukmron

Namanganda obodlik shukuhi hukmron

Mamlakatimizning olis va chekka manzillaridagi ana shunday qishloq hamda ovullarda yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish, odamlarga munosib hayot sifati, turmush sharoitini yaratib berish borasida davlatimiz rahbari topshiriqlari asosida olib borilayotgan keng qamrovli amaliy ishlar Kosonsoy tumanidagi “Jar” mahalla fuqarolar yig‘inida ham o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsata boshladi.

Bu borada bajarilayotgan ishlar mantiqiy ketma-ketlikda, puxta reja va loyihalar asosida amalga oshirilyapti. Mahalla va qishloqlar obodligi, avvalambor, xonadonlar, ko‘chalar, obodligidan boshlanadi. Shu boisdan ham birinchi navbatda qishloqdagi mavjud 800 ga yaqin uylarning ichki va tashqi ko‘rinishini zamonaviy qiyofaga keltirish, pardozlash, ular hududida tozalash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini bajarish, tomorqalarga to‘liq ekin ekishni ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni, odamlarimizda “Shu uy, shu ko‘cha, shu mahalla meniki, uning obodligi uchun men mas’ulman”, degan qarash shakllantirilmoqdaki, bu ezgu tashabbus qisqa vaqt ichida o‘zining salmoqli natijasini namoyon etdi.

Qishloqning “Tinchlik”, “Bodom”, “Istiqlol”, “Jiyda” ko‘chalaridagi xonadonlarga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, markaziy tarmoqqa ulashga shay qilib qo‘yildi. Yaqin vaqt ichida shu kunga qadar suvni uzoqdan tashib ichgan odamlar yil davomida obi-hayot bilan uzluksiz ta’minlanadi. Hozirga kunga qadar deyarli barcha ko‘chalarda tosh-shag‘al yotqizish ishlari bajarilib, shag‘al qatlamni zichlash, tekislash yumushlari olib borilayotir. Eskirgan simyog‘ochlar o‘rniga yangi tayanch ustunlar, transformator o‘rnatish, sim tortish, tungi yoritish chiroqlarini montaj qilish ishlari olib borilyapti.

Mahallaning adir bo‘ylab yuqoriga yo‘nalgan “Tinchlik” ko‘chasining ikki tomonida turli yillarda yakka tartibda uy-joy barpo etish ajratilgan hududi tashlandiq holga tushib, chiqindixonaga aylanib qolgan edi. Sababi ichimlik va sug‘orish uchun suv yo‘qligi, elektr tarmoqlari tortilmagani tufayli reja bo‘yicha qurilishi kerak bo‘lgan 285 ta uydan bor-yo‘g‘i 54 tasi bunyod etilib, ko‘chib kirilgandi. Ularning turmush sharoitiga ham havas qilib bo‘lmasdi. Endilikda bu yerda loyihalar asosida suv va elektr tarmoqlari tortilib, yo‘l solinayotgani tufayli fuqarolar ham o‘ziga tegishli yer uchastkalarida qurilish ishlarini jadallashtirib yuborgan.

Ijtimoiy soha ob’yektlariga keladigan bo‘lsak, qariyb 900 nafar qishloq bolalari ta’lim-tarbiya olayotgan 54-maktab yangitdan bunyod etilganidan keyin dars jarayonlarini sifatli tashkil imkoniyatlari kengaydi.

Hududning o‘sish nuqtalarini to‘g‘ri belgilab olish, tadbirkorlikni rivojlantirish iqtisodiyot sohasidagi ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi barobarida manzillar obodligi, o‘tkir ijtimoiy muammolar yechimida muhim o‘ringa ega. Mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan tikuvchilik korxonasida tayyorlanayotgan sochiq mahsulotlari bugungi kunda nafaqat ichki bozor, balki xorijiy davlatlarga ham chiqarilmoqda. Ahamiyatlisi, bu yerda Xalq qabulxonalariga ish so‘rab murojaat qilgan fuqarolar, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ko‘plab yurtdoshlarimiz ham mehnat qilib, doimiy daromadga ega bo‘lmoqda.

Tadbirkorlikka qo‘l urgan Abduqahhor Karimov boshlagan ish ham aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi yangicha yondashuv natijasi deyish mumkin. U Xalq qabulxonasi va 1-sektor ko‘magida adirlikdagi suvsiz 1,5 gektar yerni o‘zlashtirib, issiqxona barpo etdi. Dastlabki ekin sifatida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida pomidor yetishtirmoqda. Eng muhimi, shu hududda yashovchi 7 nafar xotin-qiz mana shu issiqxonda ish bilan band bo‘lib, ro‘zg‘origa baraka kirityapti.

Uch nafar nafar voyaga yetmagan farzandlarini yolg‘iz o‘zi tarbiyalab, o‘stirayotgan Jamila Rustamova ana shu ayollardan biri. Bundan bir yarim-ikki oy ilgari ham ko‘rimsiz kulbada yashab kelgan bu oilaning turmush sharoiti butkul o‘zgardi. Tuman hokimligining amaliy ko‘magi bilan shinam boshpanaga ega bo‘ldi. Issiqxonadagi ishidan tashqari, o‘ziga yaqin maktabga ham ishga joylandi.

Yana bir tadbirkor Abbosxon Bahodirovning murojaati asosida bo‘sh turgan ikki qavatli bino foydalanish maqsadida unga ajratib berilgach, ob’yekt ta’mirlanib, penoblok ishlab chiqarish dastgohi o‘rnatildi. Hozir bu yerda mahallada yashovchi 4 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. Shular qatorida qishloqda umumiy ovqatlanish shoxobchalari, sartaroshxona, hammom singari aholiga xizmat ko‘rsatuvchi ob’yektlar qurilishi olib borilmoqda.

Bunday ishlarni tumanning boshqa mahallalarida ham kuzatish mumkin. Masalan, “O‘zbekiston” MFYda shinam mahalla guzari, xorijiy tillarni o‘rgatish markazi, kasb-hunarga o‘rgatish, monomarkaz ish boshlagan bo‘lsa, 140 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirilish arafasida.

Inson manfaatlarini amalda ta’minlash, aholi maskanlari me’moriy qiyofasini yangilash borasidagi katta qamrovdagi sa’y-harakatlar Yangiqo‘rg‘on tumani aholisi hayotiga ham yengillik olib kirib, odamlar roziligiga sabab bo‘lmoqda. Bunga tumanning chekka, tog‘lar bag‘rida joylashgan qishloqlarida bo‘lganingizda ham guvoh bo‘lishingiz mumkin. Tuman markazidan 36 kilometr, Namangan shahridan 70 kilometr masofada joylashgan “Mamay” va “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida 4 ming 400 dan ortiq aholi 930 xonadonda istiqomat qiladi. Dengiz sathidan 1 ming 200 metr balandlikda joylashgan bu qishloqlar o‘zining so‘lim tabiati, toza havosi, tanti va ochiqko‘ngil odamlari bilan mashhur. Havo harorati pastlikda joylashgan hududlarnikidan ancha-muncha farq qiladi. Namangan yoki Yangiqo‘rg‘onda daraxtlar qiyg‘os gulga kirgan pallada tog‘ qishloqlarida hali uyg‘onmagan bo‘ladi. Ammo odamlar yil-o‘n ikki oy harakatda, hamisha yumush bilan band.

Shu kunlarda ham aholi bir yoqadan bosh chiqarib, qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlariga hissa qo‘shmoqda. Ko‘chalarni, uylar tashqi devorlarni tartibga keltirish, pardozlash, yo‘llarni tekislab, shag‘al to‘shash yumushlariga kirishilgan. Odamlarni uzoq yillardan buyon qiynab kelgan ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olingan.

Hozirga qadar muddatini o‘tab bo‘lgan eski simyog‘ochlar o‘rnida 115 ta temir-beton tayanchlar, 3 ta yangi taqsimlash punkti o‘rnatilib, tarmoqlar tortildi. Qishloqdagi elektr tarmoqlarining to‘liq modernizatsiya qilinishi natijasida xonadonlar, muassasa va tadbirkorlar yorug‘lik bilan uzluksiz ta’minlanishiga erishiladi. Hududdagi qariyb 28 kilometr ichki yo‘llarda asfaltlash, shag‘allashtirish ishlari bajariladi, 8,4 kilometr piyodalar yo‘lakchasi barpo etiladi. Hududdagi 11 ta ko‘chada 16,8 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmoqlari tortiladi va 3 ta suv uzatish inshooti rekonstruksiya qilinadi. Aholi va infratuzilma ob’yektlarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan ta’minlash uchun 20 kilometr shisha tolali magistral tarmoq o‘tkaziladi.

Mahallalar hududidagi maktab o‘quv binosi hamda sport zalini, maktabgacha ta’lim tashkiloti, qishloq oilaviy poliklinikasi binolarini mukammal ta’mirlash, avtobekat faoliyatini yo‘lga qo‘yib, markaz bilan bog‘lovchi avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, davlat-xususiy sherikchilik asosida mahalla fuqarolar yig‘ini binosini qurish, tikuvchilik sexi, umumiy ovqatlanish shoxobchasi, savdo do‘koni, sartaroshxonani o‘z ichiga qamrab oladigan zamonaviy mahalla guzari barpo etish, mini futbol maydonchasi tashkil etish kabi ko‘pdan-ko‘p loyihalarning ro‘yobga chiqarilishi qishloqlar qiyofasiga ko‘rk bag‘ishlab, odamlar og‘irini yengil qiladi, ularni ish bilan ta’minlashda qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi albatta.

Aholi bandligi haqida so‘z ochilgan ekan, tog‘ qishlog‘i sharoitida oilaviy tadbirkorlik orqali farovon hayot kechirayotgan To‘laboyevlar oilasi to‘g‘risida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tish o‘rinli bo‘ladi. Gulnoza Ajiboyeva qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan shu mahallaga kelin bo‘lib tushganiga 27 yil bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘i Ahadjon To‘laboyev bilan to‘rt nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda. Farzandlarning ikkitasi oliygoh talabasi. Ellik sotixlik qora olxo‘rizor, o‘nlab yilqi, qo‘y-qo‘zi qarovi asosan oila boshlig‘i zimmasida. Biz xonadonda mehmon bo‘lgan kunimiz ham yumush bilan adirga chiqib ketgan ekan. Uy bekasi Gulnoza opa ham sira bo‘sh o‘tirmaydi. Uyda o‘tirgan qo‘shni ayollarni yoniga olib, kasanachilik asosida ko‘rpa-to‘shak, yostiq tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan. Ishning sifati yaxshi bo‘lsa kerakki, buyurtmaning keti uzilmaydi. Daromadga yarasha buromad deganlaridek, xonadonda yaratilgan sharoit hatto poytaxt uylaridagi qulayliklarda qolishmaydi. Bundan ko‘rinadiki, agar insonda intilish bo‘lsa, eng chekka joyda ham shahar darajasidan qolishmaydigan sharoitda yashash mumkin ekan.

Safarimiz davomida ana shunday fayzli yana ko‘plab xonadonlarda bo‘ldik. Mas’ullar esa bunday ilg‘or yurtdoshlarimizni boshqalarga o‘rnak va namuna sifatida ko‘rsatib, ularning tajribasini ommalashtirish orqali kambag‘allikni butkul tugatish yuzasidan tegishli choralarni belgilab olishgan. Ya’ni, kambag‘allikni tugatish obodlik ishlarining muhim tarkibiy qismi sifatida ko‘rilmoqda.

Chiroy ochib borayotgan obod manzillarda yashashning gashti o‘zgacha. Bunday keng ko‘lamdagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari aholining turmush madaniyatini yuksaltirish bilan birga, qishloqlarni zamonaviy qiyofaga keltirish, ularni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Uchqo‘rg‘on tumani “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini viloyat markazidan 52 kilometr olisda, chegaradosh hududda joylashgan. Go‘zal tabiati, toza havosi, zilol suvlari kishining havasini tortmasdan qolmaydi. Ammo bir necha o‘n yillar davomida e’tibor ko‘rsatilmagani tufayli qishloq taraqqiyot yo‘lidan chetga chiqib qolgan edi. Mamlakatimizdagi yangilanishlar epkini bu uzoq qishloqqa ham yetib keldi.

Xalq qabulxonalari, sektorlar ishchi guruhlarining mahallabay, xonadonbay o‘rganishlari, fuqarolarning murojaatlari chuqur tahlil etilib, mahallada “Obod qishloq” dasturi doirasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini bajarish reja qilib olindi. Avvalambor 1 ming 700 nafar kishi yashayotgan 307 ta xonadon obdon o‘rganildi, ularda uy egalari qiladigan ish hajmi aniqlab olindi va amaliy ishlarga kirishildi. Ya’ni, har bir oila, xonadon egasi o‘z uyi, o‘z hududi obod va ko‘rkam bo‘lishi uchun mas’ul. Kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalar ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Tumanning ichki imkoniyatlari hisobidan ularning uylarida ham ta’mirlash ishlariga kirishilgan.

Uylarni ta’mirlash va pardozlash ishlarini sifatli va puxta tashkil etishda mahallada yashovchi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigitlardan tashkil etilgan guruhlar yaxshi samara berdi. Ahamiyatlisi, ular ham o‘z qishlog‘i obodligiga hissa qo‘shmoqda, ham moddiy manfaat topmoqda.

Qishloqda elektr energiyasi ta’minotini sifatli yo‘lga qo‘yish, aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini ishonchli ta’minlash, suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ichki yo‘llarni asfaltlash, tosh-shag‘al yotqizish, piyodalar yo‘lakchalari barpo qilish, aloqa tarmoqlari tortish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlardan mahalla ahli mamnun.

Ta’lim sifatini yaxshilash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratishni ko‘zlab mahalladagi 35-maktab binosini rekonstruksiya qilish va qo‘shimcha korpus, kutubxona, faollar zali, oshxona barpo etish, kichik futbol maydoni tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Hozir mahalla idorasining o‘z binosi yo‘q. Bu muammo dastur doirasida hal bo‘ladi. Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida mahalla yig‘ini binosi, davlat xizmatlari markazi filiali, 100 o‘rinli tikuvchilik sexi yaxlit majmua ko‘rinishida qad rostlaydi. Aholiga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport-sog‘lomlashtirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

E’tiborlisi, dastur doirasida obodonlashtirish, aholi yashash sharoitini yaxshilash ishlari aholining ma’naviy olamini boyitish, ma’rifiy-targ‘ibot ishlari bilan hamohanglikda olib borilmoqda. Bunda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dagi xotin-qizlarga ko‘mak berish ham yo‘lga qo‘yilgan. Mohira Abdullayeva o‘zi kelin bo‘lib tushgan xonadonda ro‘zg‘orga ozgina bo‘lsa ham hissa qo‘shish maqsadida yurgan edi. Avval tomorqa bilan mashg‘ul bo‘ldi. Keyin imtiyozli ravishda zamonaviy tikuv mashinasi olib chevarchilikka qo‘l urdi, qo‘shimchasiga mahalla faollarining yordam bilan hududda yangi tashkil etilgan tikuvchilik korxonasiga ishga joylashdi. “Endi tomorqa, uydagi tikish-bichish, qolaversa, korxonadagi ish haqi bilan daromadim ikki barobarga ortdi”, deydi u.

Bir so‘z bilan aytganda, olis qishloqda boshlangan bunyodkorlik ishlari “Bo‘ston”ning ismi jismiga mos mahallaga aylanishiga asos bo‘ladi. Natijada bu yerda istiqomat qilayotgan 1 ming 700 ga yaqin aholining turmush tarzi tubdan o‘zgaradi. Shunda biz ham “Bo‘ston”da, to‘g‘rirog‘i “Yangi bo‘ston”da yana mehmon bo‘lamiz.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar