Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yillik inflyasiyaning oshishi juda tezlashgan. Xususan, Yevropa mamlakatlarida 2022 yil sentyabr oyida yoqilg‘i-energetika mahsulotlari narxi yillik hisobda qariyb 41 %ga, oziq-ovqat mahsulotlari qariyb 12 %ga oshgan.
Kuzatilayotgan inflyasion bosim ta’sirida qo‘shni davlatlarda 2022 yilning yanvar-avgust oylarida:
- un va don mahsulotlarining narxi 1,2 barobargacha (Rossiya Federatsiyasida 11%, Qozog‘iston Respublikasida 24%, Qirg‘iziston Respublikasida 21%);
- o‘simlik yog‘i narxi 11%gacha (Rossiyada – 11%, Qozog‘istonda – 11% va Qirg‘izistonda – 9%);
- piyoz mahsuloti narxi 1,8 barobargacha (Rossiyada - 33%, Qozog‘istonda - 47%, Qirg‘izistonda - 83%);
- go‘sht narxi qariyb 15%gacha (Rossiyada – 13%, Qozog‘istonda – 15%, Qirg‘izistonda – 10%)ga oshganligi ko‘zatiladi.
Umuman olganda, oldingi yillardagi ko‘rsatkichlar, shu jumladan mavsumiy omillar, shuningdek dunyodagi joriy vaziyat va ichki bozorda kutilayotgan tendensiyalar ichki iste’mol bozorlari indeksiga ta’sir o‘tkazmoqda.
Jumladan, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida (o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan) Navoiy viloyati bo‘yicha o‘rtacha inflyasiya ko‘rsatkichi 7,9%ni (respublika ko‘rsatkichi 8,1% yoki 0,2 punkt kam) tashkil etdi. Shundan,
- oziq-ovqat mahsulotlari 9,3% (respublika ko‘rsatkichi 10,0 % yoki 0,7 punkt kam);
- nooziq-ovqat mahsulotlari 8,7% (respublika ko‘rsatkichi 7,9% yoki 0,8 punkt ko‘p);
- xizmatlar ko‘rsatish 4,2% (respublika ko‘rsatkichi 4,8% yoki 0,6 punkt kam)ni tashkil etdi.
Bunda eng yuqori o‘sish restoran va mehmonxonalar xizmatlari 12,8%ga, sog‘liqni saqlash xizmatlari 11,4%ga, maishiy tovarlar va xizmatlar, ijtimoiy va turli tovarlar hamda boshqa xizmatlar 11,2%ga, dam olish, sport va madaniyat xizmatlari 9,4%ga, uy ruzg‘or asboblari, maishiy texnika va turar joylarga kundalik xizmatlar ko‘rsatish 8,9%ga oshgan.
Shu bilan birga, o‘tgan davrda viloyatda ayrim oziq-ovqat mahsulotlarning narxi sezilarli darajada oshgan. Jumladan:
- piyoz – 69,2% (respublikada o‘rtacha 74,9%)ga;
- shakar – 51,8% (respublikada - 53,8%)ga;
- bug‘doy uni – 44,1% (respublikada - 40,7%)ga;
- buxanka noni – 39,6% (respublikada - 51,0%)ga;
- barcha navdagi guruch – 17,5% (respublikada – 19,2%)ga;
- sabzi – 11,4% (respublikada – 8,7%)ga;
- paxta yog‘i – 10,5% (respublikada - 11,0%)ga;
- o‘simlik yog‘i – 10,3% (respublikada - 13,2%)ga.
O‘z navbatida, ushbu davrda o‘tgan yilning dekabriga nisbatan kartoshka narxi 8,4%ga arzonlashganligini ko‘rishimiz mumkin.
Bundan tashqari, shu yilning sentyabr oyida o‘tgan oyga nisbatan iste’mol narxlari indeksi 1,0%ga, shundan oziq-ovqat mahsulotlari 1,4%ga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,8%ga va xizmatlar 0,7%ga o‘sishi ko‘zatilgan.
Jumladan, mol go‘shti narxi 2,6%ga, barcha turdagi guruch 2,6%ga, tovuq go‘shti 2,4%ga, kartoshka 2,3%ga, shakar 2,2%ga, bug‘doy uni 2,1%ga, tuxum narxi 1,9%ga va kungaboqar yog‘i 1,9%ga yuqori o‘sish ko‘zatilgan, piyoz narxi 4,2%ga va sabzi 2,3%ga arzonlashgan.
Ta’kidlash joiz, prognoz parametrlariga ko‘ra joriy yil yakuniga qadar inflyasiya darajasi 12,0%gacha bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu inflyasion holatdan kelib chiqib, mahalliy hokimlik organlari aholi ehtiyoji uchun yetishmaydigan asosiy iste’mol tovarlari, ayniqsa kartoshka, piyoz, o‘simlik va paxta yog‘i, shakar va guruch mahsulotlari, zarur hollarda xususiy sektorni jalb qilgan holda muqobil bozorlardan import qilish orqali kafolatli ta’minlash hamda inflyasiyani ushlab turish yuzasidan zaruriy choralarni ko‘rish lozim hisoblanadi.
Izoh qoldirish