UzAuto Motors keyingi yillarda o‘zining samarali islohotlari bilan xaridorlar e’tiborini qozondi, deb xabar berdi O‘zA.
Ayniqsa, avtomobil xarid qilishdagi “berdi-berdi”larni tugatilgani, yangi turdagi avtomobillar ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yilishi hamda Trade-in dasturini amaliyotga tatbiq etilishi. Shuningdek, avtomobil xarid qilishda kredit tizimini keng joriy etilishi oddiy aholi tomonidan juda iliq kutib olindi.
Bu esa o‘z navbatida avtomobil ishlab chiqarishdagi o‘sishga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Shu o‘rinda, bevosita raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak:
2019 yilning yanvar-dekabr oylarida 51 824 ta “Damas” avtomobili (o‘sish sur’ati 149,7 %) ishlab chiqarilgan bo‘lsa, “Gentra” modeli 44 508 dona (o‘sish sur’ati 133,6 %), “Spark” 24 249 dona (o‘sish sur’ati 83,4 %), “Labo” 7 288 dona (o‘sish sur’ati 98,7 %) hamda “Tracker” rusumi 7 930 dona ishlab chiqarildi.
Shuningdek, o‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida eng xaridorgir model sifatida “Nexia 3” avtomobili tanlandi. UzAuto Motors mazkur rusumdagi avtomobildan yil davomida 73 151 dona ishlab chiqardi. Bu esa 2018 yilga nisbatan yilning mos davriga qaraganda 123,3 % ga oshganini ko‘rsatadi.
Qolaversa 2019 yilning yanvar-dekabr oylarida 56 211 dona “Cobalt” avtomobili ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 2018 yilning mos davriga nisbatan 149,4 % ga oshganini ko‘rsatadi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilning yanvar-dekabr oylarida 5 944 dona “Malibu” avtomobili ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davriga nisbatan olib qaraganda 89,7 % ga oshganini ko‘rsatadi.
Izoh qoldirish