Yangi bosqich: "ko‘p o‘lchovli kambag‘allik"ka qarshi kurash

Yangi bosqich:

Kambag‘allik chegarasini aniqlashga yondashuvlarda monetar va nomonetar usullar qo‘llaniladi. Shunday qilib, 2021 yilning may oyi oxirida O‘zbekistonda ilk bor aholining minimal iste’mol xarajatlari (MIX) qiymatining dastlabki hisob-kitoblari e’lon qilindi. MIX bir oila a’zosi uchun kishi boshiga bir oyda 440 000 so‘mni, shundan oziq–ovqat xarajatlari 69 foizni va nooziq - ovqat xarajatlari 31 foizni tashkil etdi. Shunday qilib, mamlakatda monetar kambag‘alligini o‘lchashga harakat qilindi.

Keyingi 5 yil davomida boshqa mamlakatlar tajribasidan foydalangan holda O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimi sezilarli darajada yaxshilanadi. Qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida kambag‘allikni o‘lchashning nomonetar usullarini paralel ravishda o‘rganish rejalashtirilgan. Xususan, YuNISEF usuli- Multidimensional Overlapping Deprivation Analysis (MODA) va BMTTD usuli - ko‘p o‘lchovli kambag‘allik Multidimensional Poverty Measure (MPM).

Shu maqsadda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida (Markaz) "O‘zbekistonda ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni o‘lchash" mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan YuNISEFning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi va YuNISEF tadqiqot markazi (Innochenti) ko‘magida tashkil etildi.

Markaz YuNISEF bilan hamkorlikda "O‘zbekistonda bolalar va onalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimlarini takomillashtirish" loyihasini tayyorladi va uning doirasida ekspertlar O‘zbekistonda kambag‘allikni ko‘p o‘lchovli o‘lchash metodologiyasini ishlab chiqadi. Ishlab chiqilayotgan metodologiya asosida O‘zbekistonda oila farovonligi indeksi joriy etiladi.

Tadbirda tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirok etdi. YuNISEF tadqiqot markazining (Innochenti) xalqaro ekspertlari Gvizer Ris (Gwyther Rees) va Alessandro Karraro (Alessandro Carraro) ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha xalqaro tajriba va eng yaxshi amaliyotlar bo‘yicha ma’lumot berdilar, Gruziya, Qozog‘iston va Chernogoriyadan amaliy misollar keltirdilar. Seminar ishtirokchilari taqdim etilgan metodlarning O‘zbekistonda joriy etilishini ham muhokama qildilar.

Xalqaro ekspertlar, shuningdek, dunyodagi ko‘plab mamlakatlar Bolalar farovonligi indeksini muvaffaqiyatli amalga oshira olmaganligini ta’kidladilar. Bu yo‘nalishda boshlangan ishlar esa albatta O‘zbekistonni yuqori darajaga olib chiqmoqda.

"Oila yoki bolaning farovonligi darajasini o‘lchashga qiziqish 1970 yillarda boshlangan. Bu YaIM va mamlakatning farovonligi oshishi bilan bog‘liq. Farovonligini o‘lchash uchun ko‘p o‘lchovli yondashuv so‘nggi o‘n yil ichida joriy etildi", - dedi Gvizer Ris.

Inson yoki oilaning farovonligi haqida umumiy e’tirof etilgan ta’rifning yo‘qligi qayd etildi. Odatda, bu kabi tushuncha bir necha tarkibiy qismlardan iborat: sog‘liqni saqlash, ta’lim, sifatli oziq-ovqat, uy-joy, bandlik va boshqa shunga o‘xshash imkoniyatlar.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda kambag‘allikni o‘lchash va kamaytirish usullaridan keng foydalanish e’tiborga loyiq.

Tadbir ishtirokchilari amaliy seminar o‘tkazish oila va bolalar farovonligi sohasidagi monitoring vositalari va siyosat bo‘yicha xalqaro ekspertlar bilan tajriba va fikr almashish imkoniyati ekanligini ta’kidladilar.

"Olingan ma’lumotlar, masalan, kelajakda bola nafaqalari miqdorini aniqlashda turli yondashuvlarni modellashtirishga imkon beradi, bu esa ularning zarur miqdorini aniqlashga yordam beradi. Uy-joy sharoitlariga nisbatan deprivatsiyalarni o‘lchash tegishli mahalliy ijro etuvchi organlar tomonidan foydalanish uchun ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash siyosatini o‘zgartirishga imkon beradi", dedi seminar tashkilotchilari.

Seminar ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni o‘lchash va Oila farovonligi indeksini hisoblash bo‘yicha milliy metodologiyani ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu o‘lchovlar O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirish va oilalar farovonligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash uchun foydali ma’lumotlar beradi.

Markaz iqtisodiyotning holatini va uning istiqboldagi rivojlanishini tahlil qiladi, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi, aholining turmush darajasi va sifatini oshirishda yordam beradi, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy strategiyasini amalga oshirishni ilmiy qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni baholaydi.

Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar