Obid Hakimov: Aholining qo‘liga pul berish kambag‘allikdan chiqarishda yaxshi samara bermaydi

Obid Hakimov: Aholining qo‘liga pul berish kambag‘allikdan chiqarishda yaxshi samara bermaydi
Foto: Kun.uz

Nobel sovrindorlari Abxijit Benarji va uning turmush o‘rtog‘i Ester Dyufloning kambag‘allikni qisqartirish borasida qo‘llagan eksperimentlaridan O‘zbekistonda foydalanish qanchalik qo‘l keladi? Mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurashish ishlari qanday davom etyapti? Ushbu savollarga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov javob berdi.

Ko‘pgina mamlakatlarda kambag‘allik absolyut o‘lchovlar orqali o‘lchanadi. Masalan, bitta odam ma’lum miqdordan kam daromad yoki kam iste’mol qilayotgan bo‘lsa, shu odam kambag‘al hisoblanadi. Butun dunyoda odam o‘zining minimal funksiyalarini bajarish uchun kerak bo‘ladigan kilokaloriyani(kkal) olish uchun iste’mol qilinadigan oziq-ovqat miqdori tushuniladi. BMT 1800 kkaldan past oziq-ovqat iste’mol qilayotgan odamlar haqiqiy kambag‘al hisoblanishini ta’kidlaydi. Kambag‘allikning nisbiy o‘lchamlarida ko‘p rivojlangan mamlakatlarda to‘yib ovqat yemaslik muammolari yo‘q. Ularda barcha aholining olayotgan daromadi taqsimotida eng past 20 foiz daromadli aholi kambag‘al sanaladi. Yana bir o‘lcham minimal iste’mol savatchasi bo‘lib, bu yerda faqat oziq-ovqat emas, xizmatlar, nooziq-ovqat mahsulotlar, minimal xizmatlar kabilar qo‘shiladi. Mamlakatlar o‘zlaridagi kambag‘allik darajasini mana shunday turli o‘lchamlar bilan aniqlab, so‘ngra aholi darajasini ko‘tarish bo‘yicha o‘z siyosatlarini amalga oshirishadi.

O‘zbekistonda kambag‘allik haqidagi gaplar 2020 yilning boshidan boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning parlamentga murojaatida bu masala ko‘tarildi. Davlat rahbari mamlakatdagi kambag‘allik ko‘rsatkichi 10-15 foiz oralig‘ida ekanini aytgandi. Bu raqam qayerdan kelgan? Ta’kidlanganidek, odamlarning kunlik minimal xarajatlari bor. O‘rta past daromadli mamlakatlar uchun ushbu mezon 3,2 AQSh dollarini tashkil etadi. Bunda 3,2 dollar aynan emas, shu qiymatda turli davlatlarda to‘lov qobiliyati mahalliy valyutadagi raqamga o‘zgartiriladi. Ya’ni xarid qilish qobiliyati paritetining konvertatsiya koeffitsiyenti (PPP conversion factor) har yili Jahon banki tomonidan e’lon qilinadi. Masalan, 2018 yil O‘zbekiston uchun 1 AQSh dollarining PPP qiymati 1784 so‘m etib belgilangandi. 2020 yilda bajarilgan hisob-kitobga ko‘ra, kishi boshiga 3,2 AQSh dollari, ya’ni 5,600 so‘m to‘g‘ri kelib, O‘zbekistonda shuncha mablag‘ ishlab topgan odam kambag‘al emas. Shu o‘lcham asosida, O‘zbekistonda kambag‘allik ko‘rsatkichi 9-10 foiz atrofida etib belgilangan.

Ma’lumot uchun, Xarid qilish qobiliyati paritetining konvertatsiya koyeffitsiyenti (Purchasing power parity conversion factor) har yili Jahon banki tomonidan e’lon qilinadi. Masalan, 2018 yil O‘zbekiston uchun 1 AQSh dollarning PPP qiymati 1784 so‘m deb belgilangan. Ya’ni AQShda 1 dollarga qancha maxsulot olish mumkin bo‘lsa, o‘sha mahsulotni O‘zbekistonda 1784 so‘mga xarid qilish mumkin.

O‘zbekistonda kambag‘allikni kompleks o‘rganish uchun shu yilning 29 sentyabr kuni prezident tomonidan O‘zbekistonda kambag‘allikni o‘rganish bo‘yicha jahon tajribasiga mos ravishda katta va keng tadqiqotlar o‘tkazishga topshiriq berildi. Bu tadqiqotlarga 2019 yilda Nobel mukofotini olgan Ester Dyuflo va Abxijit Benarjining tadqiqotlari asos qilib olingan. Bu bo‘yicha davlat xizmatchilari, kambag‘allikka qarshi kurashayotgan odamlarda kambag‘allik to‘g‘risida kompleks fikrlashni yo‘lga qo‘yish kerak edi. Ko‘pincha odamlar bilan suhbatda ma’lum bo‘ladiki, ish topib yoki kredit olib, biror ish qilish orqali kambag‘allikdan chiqib ketish mumkin, degan fikr bor. Aholining qo‘liga pul berish kambag‘allikdan chiqarishda yaxshi samara bermaydi. Chunki bunga kompleks yondashuv kerak. Bu masala bilan shug‘ullandigan xizmatchilarga aholi uchun ta’lim, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash masalalarining qanchalik dolzarb ekani haqida to‘liq ma’lumot berildi.

Kambag‘allikdan o‘zidan o‘zi daromad bilan chiqib ketish qiyin. Masalan, kimgadir pul bersam, u o‘z sohasi, sog‘lig‘i, uyidagi muhit, farzandlari sog‘lig‘i va ta’limiga e’tibor qaratmasa, o‘zini kambag‘allikdan chiqarish ustida ishlamasa, ertaga yana kambag‘allik qopqoniga tushib qolaveradi. Shuning uchun, kambag‘allikni qisqartirishga kompleks yondashish kerak.

Shuningdek, ijtimoiy himoya tizimimiz qanday bo‘lishi kerakligi ham inobatga olinishi kerak. Masalan, ijtimoiy himoya tizimimiz bu faqat berilayotgan yordam emas, kambag‘allikdan chiqarish uchun berilayotgan yordam hisoblanadi. Ko‘pgina mamlakatlarda fuqaro ijtimoiy himoyani olayotganda muayyan shartga rozilik beradi. Masalan, har 2 oyda bolalarini shifokor ko‘rigidan o‘tkazmasa, o‘z sog‘lig‘iga e’tibor qaratmasa, bolalarning maktabga borishini to‘liq ta’minlamasa, ijtimoiy nafaqa to‘xtatilishi haqida ogohlantiriladi. Xuddi shunday biz Bo‘ka va Chinoz tumanlarida 1100dan ortiq xonadonlarga borib, butun uyni to‘liq so‘rovnomadan o‘tkazdik va so‘rovnoma bo‘yicha tahlillarni amalga oshirayapmiz.

Manba: Kun.uz

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar