O‘zbekiston Respublikasining umumiy tashqi qarzi hajmi 2021 yil 1 aprel holatiga 34,2 mlrd. dollarni (joriy yilning 1 yanvar holatiga 33,8 mlrd. dollar) tashkil etdi.
Shulardan 21,2 mlrd. dollari (yil boshiga nisbatan 157 mln. dollarga kamaygan) davlat tashqi qarzi hamda 13,0 mlrd. dollari (yil boshiga nisbatan 467 mln. dollarga o‘sgan) davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz hisoblanadi.
2021 yilning I choragi davomida O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi ko‘rsatkichlarining shakllanishiga dunyoda 2020 yilda boshlangan koronakrizisning jaxon iqtisodiyotiga ta’siri bilan bog‘liq ichki va tashqi bozorlardagi o‘zgarishlar, tashqi savdo aylanmasining pasayishi, global biznes faoliyatining asta-sekinlik bilan tiklanishi va boshqa shu kabi omillar o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Yuqoridagi omillar ta’sirida 2021 yilning I choragi uchun joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 2,1 mlrd. dollar (2020 yilning I choragida 880,3 mln. dollar) miqdorida shakllandi. Bunda, savdo balansi (tovarlar va xizmatlar) va birlamchi daromadlarning manfiy saldosi (3,2 mlrd. dollar) ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi (1,2 mlrd. dollar) hisobiga qisman qoplandi.
Moliyaviy hisobning manfiy saldosi 2,1 mlrd. dollarni tashkil etib, mazkur holat rezidentlarning tashqi dunyo (norezidentlar) oldidagi moliyaviy majburiyatlari ortishi (1,1 mlrd. dollar) hamda aktivlarining qisqarishi (932,7 mln. dollar) oqibatida hosil bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining sof xalqaro investitsion pozitsiyasi 2021 yilning I choragida 18,5 mlrd. dollarni tashkil etdi. Chorak yakunlari bo‘yicha davlat boshqaruvi sektori hamda boshqa sektorlar “sof kreditor” pozitsiyasini saqlab qolgan bo‘lsa, bank sektori “sof qarzdor” pozitsiyasini egalladi.
Mavzuga oid materiallar:
Izoh qoldirish