Markaziy bank: Inflyasiya darajasi 9 foizdan kam bo‘lishi kutilmoqda

Markaziy bank: Inflyasiya darajasi 9 foizdan kam bo‘lishi kutilmoqda

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilning yakuniga qadar yillik inflyasiya prognozi 8-9 foiz darajada shakllanishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan kamroq (10%). Markaziy bankning Pul-kredit siyosati sharhiga ko‘ra, inflyasiyani prognoz trayektoriyasidan yuqoriga og‘ishiga sabab bo‘luvchi xatarlar va noaniqliklar mavjud.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yil yakuni bo‘yicha inflyasiya darajasining 8-9 foiz doirasida shakllanishi mumkin.

2022 yil yakuniga qadar iqtisodiyotda saqlanib qolayotgan “nisbatan qat’iy” pul-kredit siyosati, kredit qo‘yilmalari qoldig‘i o‘sishining nominal YaIM hajmi o‘sishiga mutanosib bo‘lishi, umumiy fiskal taqchillikning YaIMga nisbatan 3 foizgacha kamaytirish bo‘yicha amalga oshiriladigan choralar natijasi, shuningdek, iste’mol bozorida raqobat sharoitlarining yaxshilanishi hamda hukumat tomonidan inflyasiyaning nomonetar omillarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yillik inflyasiya ko‘rsatkichini prognoz doirasida bo‘lishiga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda, inflyasiyani prognoz trayektoriyasidan yuqoriga og‘ishiga sabab bo‘luvchi xatarlar va noaniqliklar mavjud bo‘lib, iste’mol tovarlari narxlariga oshiruvchi bosim joriy yilda ham
saqlanib qoladi.

Ushbu xatarlar asosan tashqi kon’yunkturaga bog‘liq bo‘lib, ularning o‘zgarishi ichki narxlarning ma’lum darajada tebranishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bunda, yalpi talab va taklifning shakllanishi ko‘lami hamda inflyasiyaga ta’siri, omikron shtammining tarqalishi, shuningdek, pandemiyaning keyingi evolyusiyasi kabi xavotirlar mavjud noaniqliklarni kuchaytirmoqda.

Biroq, keng ko‘lamli vaksinalash, shuningdek buster doza olishning jadallashishi karantin choralarining kuchaytirilishini oldini olishga xizmat qilsa, hamkor davlatlarda transchegaraviy yuk tashishlarning ma’lum muddatga sekinlashishi ayrim tovarlar narxlarining qimmatlashib borishiga olib kelishi mumkin.

2021 yilda bozorlarni tartibga solish choralari, eksport kvotalari va bojlari, sotish narxlarining oldindan belgilanishi, shuningdek Xitoyda ta’minot zanjirining uzilishi narxlar shakllanishida muhim ahamiyat kasb etganini inobatga olib, ishlab chiqaruvchilar va xomashyo narxlarining oshishi va yuk tashishning yuqori stavkalari 2022 yilda ham inflyasiyani oshiriruvchi ta’sirlaridan bo‘lishi mumkin.

2020 yilning ikkinchi yarmi hamda 2021 yilning birinchi yarim yilligida Xitoy tomonidan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan yuqori talab jahon bozoridagi talab va taklif muvozanatini izdan chiqarganini inobatga olsak, 2022 yilda Xitoy bozorida talabning tiklanib borishi bilan oziq-ovqat mahsulotlari narxlariga yana oshiruvchi bosim yuzaga kelishi mumkin.

Shuningdek, 2021 yil yakuni bo‘yicha asosiy hamkor davlatlarda inflyasiya ko‘rsatkichining yuqori darajada shakllangani, shuningdek, ushbu holatlar 2022 yilda ham davom etishi bo‘yicha kutilmalar ichki narxlarga oshiruvchi (import inflyasiyasi orqali) bosimni saqlab qolish bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Xalqaro tahlilchilarning tahlillariga ko‘ra, yaqin istiqbolda tashqi inflyasion bosimlarning nisbatan kamayishi kuzatiladi. Bu esa, mahalliy iste’mol tovarlar narxlariga tashqi omillarning oshiruvchi ta’sirlarning barqarorlashishiga xizmat qiladi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar