Siz yangi BAHO.GOV.UZ portali orqali davlat xizmatlari sifatini baholashingiz mumkin

Siz yangi BAHO.GOV.UZ portali orqali davlat xizmatlari sifatini baholashingiz mumkin

Akselerator barcha resurslarni mustahkamlash, zarur siyosat va qoidalarni ishlab chiqish orqali 100 kun ichida strategik maqsadlarni amalga oshirishda asosiy muammolarni tezkorlik bilan hal qilish uchun ishchi guruh tuzdi.

Guruhga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vazirligi, Adliya vazirligi, “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi, UZINFOCOM, IIV, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi vakillari kiritildi.

Dastlabki bosqichda Akselerator guruhi bugungi kunda O‘zbekistonda fuqarolarning bevosita fuqarolar bilan ishlaydigan vazirliklar va idoralar tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini baholashning o‘ziga xos mexanizmi yo‘qligini aniqladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi farmoyishiga muvofiq Akselerator oldiga fuqarolarning davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan qoniqish darajasini o‘lchash tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Xalqaro tajriba

Topshiriqni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun fuqarolarning davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini aniqlash bo‘yicha xorijiy davlatlar – Kanada, Rossiya, Qozog‘iston, BAA tajribalar o‘rganildi.

Kanada fuqarolarga xizmat ko‘rsatish instituti (Institute for Citizen-Centered Services) so‘rovnomalarlarga asoslangan holda (Common Measurements Tool) davriy ravishda fuqarolarning davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini o‘lchab, xizmatlar sifatini baholab boradi;

Rossiya Federatsiyasi – davlat xizmatidan foydalangan fuqarolar uning sifatini SMS-xabarlar yuborish, telefon orqali so‘rovga javob berish, ko‘p funksiyali markazlarda va Internet saytlarida elektron terminallar orqali baho berish va vashkontrol.ru saytida davlat xizmatlarini olishda o‘ziga yoqqan yoki yoqmagan jihatlar haqida fikr-mulohazalarini qoldirish imkoniyatiga ega.

Qozog‘iston – fuqarolarning davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini jamoatchilik monitoringi va ijtimoiy so‘rovnomalar orqali o‘rganib borilishi yo‘lga qo‘yilgan;

Birlashgan Arab Amrliklari – fuqarolarni davlat xizmatlaridan mamnunligini aniqlash bo‘yicha Happiness Meter internet portali ishga tushirilgan bo‘lib, mazkur tizim mamlakat bo‘yicha fuqarolar ko‘plab jamlanadigan joylarda planshetlar joylashtirilishi va ularga o‘z fikrlarini tegishli smaylikni belgilash orqali ularning qoniqish darajasini o‘lchab borish imkonini yaratadi. Mazkur tizimga muvofiq barcha fuqarolar davlat xizmatlarini emotikonlar (a’lo, qoniqarli va yomon) vositasi yordamida baholashlari mumkin. Yil yakuni bo‘yicha eng yaxshi va eng samarasiz ishlaydigan 3 ta vazirlik va idoralar aniqlanadi.

Natija

O‘rganilgan xorijiy tajribadan kelib chiqib, Akselerator guruhi tomonidan davlat xizmatlaridan fuqarolarning qoniqish darajasini o‘lchaydigan portal – BAHO.GOV.UZ portali konsepsiyasi ishlab chiqildi va ishga tushirildi.

Fuqarolar 5 ta mezon bo‘yicha maxsus QR-kod yordamida ushbu portal orqali davlat xizmatlari to‘g‘risida (1-5 gacha tizimda) o‘z fikr-mulohazalarini qoldirishlari mumkin:

  • murojaatni ko‘rishda muddatlarga amal qilish;
  • xizmat ko‘rsatish malakasi;
  • odob qoidalariga rioya qilish;
  • adolatli yondashuv;
  • murojaat qilish uchun sharoitlar mavjudligi.

BAHO.GOV.UZ portaliga bugungi kunda Toshkent shahridagi jami 223 ta muassasalar ulanishi ta’minlandi va ularga maxsus QR-kodlar o‘rnatildi.

44 ta IIV tizimidagi muassasalar (pasportni ID kartaga almashtirish, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasini olish, avtotransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish, avtotransport vositasiga davlat raqami olish markazlari);

167 ta SSV tizimidagi muassasalar (respublika darajasida ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari oilaviy poliklinika hamda kasalxonalar);

12 ta “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning filiallari (elektr ta’minot korxonalari).

6 oktyabr sanasiga BAHO.GOV.UZ platformasidagi barcha baholashlar soni 1490 tani, shundan ijobiy baholar 1229 tani, o‘rtacha baho 4,3 ni, salbiy baholar esa 261 tani tashkil qildi.

Markaz ekspertlari fuqarolar tomonidan qo‘yilgan salbiy baholar tegishli davlat organlari rahbarlariga mavjud holatni chuqur ko‘rib chiqib, tahlil qilish va tegishli choralar ko‘rish uchun jiddiy signal, deb hisoblashadi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, fuqarolar bergan baho baholanayotgan davlat organining umumiy reytingiga ta’sir qiladi. Davlat idorasiga berilgan baholar qanchalik ko‘p bo‘lsa, uni baholash natijalari shunchalik ob’yektiv bo‘ladi. Foydalanuvchilar tomonidan berilayotgan baholar platformada onlayn tarzda aks etib boradi.

“Istalgan shaxs ma’lum bir davlat organi reytingini kuzatishi mumkin. Bu esa mazkur platforma uchun jamoatchilik nazoratining samarali vositasi bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladi. Reytingning pasayishi - baholanyotgan davlat idorasi xodimlari va rahbariyati uchun salbiy ogohlantirish bo‘lib hisoblanadi. O‘z navbatida, reytingi pasayotgan davlat idoralari mazkur idoradagi mavjud muammolarni hal qilish uchun tegishli choralarni ko‘rishi kerak bo‘ladi, deydi Akselerator guruhi rahbari Muhammadjon Bobojonov.

Yuqoridagilarni inobatga olib, fuqarolarimizni va barcha jamoatchilik va OAV vakillarini, shuningdek, blogerlarni mazkur tizimdan aholini yanada ko‘proq xabardor qilishga va ko‘proq foydalanishga chaqirib qolamiz.

Platforma faoliyatini yanada takomallashtirish bo‘yicha takliflarni m.babadjanov@cerr.uz elektron pochta manziliga yuborish mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar