Prezident 14 iyul kuni «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [ПҚ-322-сон] qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hujjatga muvofiq, 1 sentyabrdan oilaviy nodavlat bog‘chalarda:
- qatnayotgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlari va maxsus kontingentlar soni tarbiyalanuvchilar sonining 70 foizidan kam bo‘lganda, yetmagan qismiga boshqa oilalarning bolalarini qabul qilishga ruxsat etiladi;
- tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchi lavozimlari uchun 4,5 tagacha shtat birligini ajratishga ruxsat etiladi;
- tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchilarga byudjetdan ish haqini qoplash uchun subsidiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu xodimlarning plastik kartasiga o‘tkazib beriladi;
Huddi shu sanadan davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan bog‘chalarda, oilaviy bog‘chalarda:
- byudjetdan to‘lanadigan subsidiya va kompensatsiyalarni hisoblashda 3 yosh va undan katta yoshdagi, lekin 7 yil 8 oydan katta bo‘lmagan yoshdagi tarbiyalanuvchilar hisobga olinadi;
- ota-onalar to‘lovi miqdorini mustaqil ravishda belgilab 3 yoshga to‘lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat etiladi;
Bundan tashqari, 1 sentyabrdan tabiiy gaz uchun kompensatsiya markazlashgan tabiiy gaz ta’minoti bo‘lmagan, lekin isitishning boshqa turlaridan foydalanayotgan DXSh asosidagi va nodavlat bog‘chalarga ham to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 7 martdagi farmoniga muvofiq, 1 apreldan boshlab to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qabul qilishga ruxsat berilgandi. O‘shanda mazkur xizmat pullik shaklda amalga oshirilishi ruxsat berilgandi.
Keyinroq, Maktabgacha ta’lim vazirligi 1 apreldan kuchga kirishi kerak bo‘lgan 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni bog‘chalarga qabul qilish tartibini ma’lum qilgandi.
Izoh qoldirish