Unga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab mahalliy hamda xorijiy tadbirkorlar qiymati 200 mlrd so‘m miqdoridan oshadigan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan davlat tomonidan ta’minlanishi hamda quyidagilar ularni moliyalashtirish manbalari etib belgilanmoqda:
- kirish avtomobil yo‘llari hamda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha 90 foizi – respublika ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi mablag‘lari va 10 foizi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari;
- elektr energiyasi va gaz tarmog‘ini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha – respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minotchi korxonalarga 5 foiz stavkada uch yil muddatda qaytarish sharti bilan ajratiladigan byudjet ssudasi mablag‘lari;
- aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha – ta’minotchi korxonalar va tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari.
Qiymati 200 mlrd so‘m miqdoridan oshadigan investitsiya loyihalari doirasida byudjet ssudasi mablag‘lari – elektr energiyasi tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJlarga, tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun “O‘ztransgaz” AJ va “Hududgazta’minot” AJlarga ajratiladi.
Mazkur qaror texnik-iqtisodiy asoslariga ko‘ra investorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish o‘zini oqlamaydigan investitsiya loyihalariga tatbiq etiladi.
Izoh qoldirish