Ommaviy qabul: davlat idoralari xalq xizmatida

Ommaviy qabul: davlat idoralari xalq xizmatida

“Ommaviy qabullar uch oyligi” doirasida Prezident Xalq qabulxonalari tashkil qilgan bu galgi ochiq muloqotlarga Respublika ishchi guruhi inson va jamiyat hayoti, davlat boshqaruvi bilan bog‘liq deyarli barcha kompleks mas’ullaridan iborat anchayin keng jamoa, katta kuch bilan keldi. Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Xalq ta’limi, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Markaziy bank, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta’minot”, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari, Kadastr agentligi, jami 20 ziyod vazirlik va idora rahbarlari murojaatchilar bilan yuzma-yuz o‘tirib, har bir masalani hududiy mas’ullar bilan birga muhokama qilmoqda, muammolarni hal qilish uchun bor kuch-imkoniyat ishga solinmoqda.

Bir misol: Furqat tumanining Yangiqishlog‘ida yashovchi Nilufarxon Qayumovaning arz qilishicha, u yerdagi elektr simyog‘ochlari ancha eski, kamiga odamlar qo‘lbola qilib qurishga majbur bo‘lgan. Bu esa elektr ta’minotida tez-tez uzilishlarga olib kelmoqda. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari murojaatni tinglagach, bu masalani tez kunda hal qilib berishni o‘z zimmasiga oldilar.

Muammo joyiga chiqib o‘rganilgach, ertasi kuni Yangiqishloqning eskirgan simyog‘ochlari yangi beton-ustunlarga almashtirildi.

O‘zbekiston tumani “Namuna” mahallasida yashovchi Doniyorbek Isoqov Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ullaridan Yaypan va Nurafshon shaharchalarini bog‘lovchi ko‘prikni ta’mirlashda amaliy yordam so‘radi. Mas’ullar bu masalani joyiga chiqib o‘rgandi, muammolarni ko‘zdan kechirdi, tahlil qildi. Natijada bu ko‘prikni kapital ta’mirlash masalasi 2023 yilgi davlat dasturiga kiritiladigan, piyodalar yo‘lagi esa tez kunlarda ta’mirlab beriladigan bo‘ldi.

Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi mas’ullariga kelib tushgan 201 ta murojaatning 92 tasi joyida hal qilindi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahri, Furqat, Beshariq, O‘zbekiston, Bog‘dod, Rishton, Uchko‘prik, Buvayda tumanlari sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 49 ta ish ko‘rib chiqildi. Aybini tan olgan, shunga mos belgilangan jazoning ma’lum qismini o‘tagan, qilmishiga ming pushaymon bo‘lib hayotini o‘nglab olish uchun yana bir imkon so‘ragan b u murojaatchilarning har birining ishi sudda batafsil ko‘rib chiqilib, barcha tomon tinglandi. Yakunda esa hududlardagi ichki ishlar organlari probatsiya guruhlari taqdimnomalari asosida 36 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod etildi.

Rishtonlik Bahodir Jiyanboyev esa xuddi shunday ommaviy qabullardagi murojaatlari asosida 6,5 yil tanaffusdan so‘ng yaqinda egniga yana ichki ishlar libosini kiydi. Bu yigit Rishton tuman ichki ishlar tizimida ishlagan paytida 2015 yil oxirlarida nohaq ishdan bo‘shatilgan ekan. Ko‘p yillik kurashlardan so‘ng Farg‘ona viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2022 yil 18 yanvardagi ajrimi asosida uni 2015 yilda xizmatdan bo‘shatish haqidagi buyruq g‘ayriqonuniy deb topildi va serjant Jiyanboyev Rishton tumani ichki ishlar bo‘limi katta inspektori lavozimiga ishga tiklandi, oradagi 6,5 yillik uzilish xizmat muddatiga qo‘shildi. Yana bir muhim jihat: Bahodirga majburiy yurgan progullari uchun 372 million so‘m ish haqi va ma’naviy zarar qoplab berildi.

Bosh prokuratura mas’ullari ko‘rib chiqqan 151 ta masalaning 69 tasiga joyida yechim topildi. Aytaylik, qo‘qonlik Habibaxon Mamatqulova murojaatidan so‘ng qizi Nodira Po‘latovaga sud qarori asosida ikki nafar farzandi qaytarilishi ta’minlandi. (Shu qismda)

Bog‘dodlik Shohista Yusupova va Hamidaxon Ro‘zmatova esa 25-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga tarbiyachi yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilindi.

Uch yil uy bog‘chasini boshqarib, sohada ancha tajriba to‘plagan buvaydalik Zarifaxon Jo‘rayeva esa endi faoliyatini yanada kengaytirishni maqsad qilgan ekan. Bu ayolning ham murojaatidan so‘ng 1 mlrd. so‘m qiymatdagi biznes-reja o‘rganilib, qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘ldi. Tadbirkor bu loyihani yarim mablag‘ini o‘z hisobidan, qolgan yarmini kredit evaziga amalga oshirmoqchi. Muhimi, Markaziy bank mas’ullari uni tingladi, masalani nazoratga oldi.

Rishtonlik Odiljon Qo‘shmatovning o‘zi yashayotgan “Qo‘rg‘oncha” mahallasini limonchilikka ixtisoslashgan hududga aylantirish g‘oyasi Markaziy bank mas’ullari bilan muloqotdan so‘ng loyiha tusini oldi . Bu bilan birgina shu qishloqda 200 ta xonadon tomorqasida kreditlar evaziga issiqxona qurish va kamida 200 dan ziyod oilalarni qo‘shimcha daromad manbaiga olib chiqish imkoni yaratiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari bilan muloqotlardan so‘ng o‘nlab ehtiyojmand oilalar farzandlarini davolatish uchun imtiyozli yo‘llanmalar, dori-darmonlar ajratilmoqda. Aytaylik, uchko‘priklik Ibrohim Abdullayevning 27 yoshli farzandlari Hasan va Husanda buyrak yetishmovchiligi bor. O‘tgan yili oila bor-yo‘g‘ini sarflab, donor topib, Hasanjonga buyrak qo‘ydirdi. Endi ota kichik o‘g‘liga o‘z buyragini bermoqchi, biroq murakkab jarrohlik amaliyoti uchun mablag‘i yo‘q. Murojaat asosida tez orada Husanjon poytaxtga chaqiriladigan va ixtisoslashtirilgan markazda bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Xuddi shunday murojaatlar tahlili asosida birgina So‘x tumanidagi ijtimoiy ahvoli og‘ir 50 dan ortiq insonlarning murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bilan bog‘liq muammolariga yechim topildi. So‘xlik oqsoqollarning jamoaviy murojaatidan so‘ng esa tog‘lar orasidagi anklav hududda yana bir katta masalaga yechim topildi. Gap shundaki, bahor oyoqlashi bilan So‘x daryosida suv toshib, ikki qirg‘oqdagi 4 km. uzunlikdagi kattagina ekin maydoniga zarar yetkazmoqda, daryoning 700 metr sohilidagi himoya dambasi yemirilgan. O‘rganishlardan so‘ng bu muammoni hal qilish uchun alohida loyiha ishlab chiqilib, amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Umumlashtirib aytganda, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri, O‘zbekiston, Dang‘ara, Furqat, Beshariq, Bog‘dod, Buvayda, Rishton, Uchko‘prik va So‘x tumanlari aholisi qamrab olingan ikki kunlik ommaviy qabullarda 1 ming 61 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 459 tasi joyida hal qilindi. 219 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 383 ta murojaatni hal qilish bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.

Farg‘ona viloyatidagi ommaviy qabullar davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar