Muloqotlarda Bosh prokuratura mas’ullari 340 ta masalaning 143 tasini joyida hal qildi. Qabulga kelgan insonlarning muammolari turfa, taqdirlari turli, biroq ularni birgina tuyg‘u – qonun ustuvorligi ta’minlanishi, adolat va haqiqat qaror topishiga ishonch, muammosiga yechim topish umidi birlashtirib turibdi.
Bu jarayonda Prezident Xalq qabulxonalari va sektor rahbarlariga ijtimoiy uy bilan ta’minlash bo‘yicha yo‘llangan murojaatlar mahalliy hokimliklar, hududiy maxsus komissiyalar bilan birga ko‘rib chiqilgani katta hayot yo‘liga chiqib olish uchun najot so‘rab kelgan to‘rt ayolning ham ko‘p yillik orzu-umidlarini ro‘yobga chiqardi. Deylik, xo‘jaylilik Azima Odilova ayni shu kabi murojaatlaridan so‘ng 60 yoshida o‘z boshpanohiga ega bo‘ldi. Ijarama-ijara yurgan ayolga doimiy foydalanish huquqi asosida turar-joy ajratildi.
Shu yerning o‘zida Azima opa kabi yana 2 nafar xo‘jaylilik og‘ir ijtimoiy ahvoldagi ayolning ham mushkuli oson bo‘lib, ularning-da ko‘p yillik dardu tashvishlari aridi. O‘tgan yili Sarvinoz Xudoybergenovaning turmush o‘rtog‘i vafot etgach, ikki farzandni ulg‘aytirish, ro‘zg‘or yuki ayolning yelkasiga tushdi. Holbuki bu oilani 2014 yildan buyon uy-joy masalasi qiynab kelar, to‘rt xo‘jalik bir xonali uyda kun kechirishga majbur edi. Bugungi ommaviy qabulga najot istab kelgan Sarvinoz va farzandlariga ham Xo‘jayli tumanidagi ijtimoiy shaharchadan bir xonali uy ajratib berildi.
Erkinoy Qilicheva ham turmush o‘rtog‘i va to‘rt farzandi bilan ijarama-ijara sarson yurgan edi. Kamiga katta farzandida bolalikdan nogironlik bor. “Inson qadri uchun” g‘oyasining amaliy ro‘yobi bu oilaga ham nur, yangi hayot olib kirdi. “Bugun men uchun mo‘’jiza ro‘y berdi”, - deydi Erkinoy quvonchini yashirmasdan...
Xo‘jaylilik Rita Qalbayeva esa qabulga bolalarining halol haqqi – bir necha oydan buyon to‘lanmagan aliment pullarini undirib berishni so‘rab kelgan edi. Murojaatidan so‘ng Majburiy ijro byurosi xodimlari bu masalani ayol kutmagan darajada hal qilib berdi. Sobiq turmush o‘rtog‘i ham mardlik qilib, 3 nafar farzandining aliment pullari evaziga ularga uy olib berdi.
Oliy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, tuman-shaharlar sudlari mas’ullari birgalikda 236 ta masalani ko‘rib chiqib, shuning 86 tasiga joyida yechim topdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Taxiatosh, Shumanay, To‘rtko‘l tumanlari va Nukus shahri sudlari murojaatlar asosida tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 37 ta ish ko‘rib chiqildi.
Albatta, bu murojaatchilarning barchasi aybini tan olgan, shunga mos belgilangan jazoning ma’lum qismini o‘tagan, qilmishiga ming pushaymon bo‘lib hayotini o‘nglab olish uchun yana bir imkon so‘raganlardir. Sud majlisida har bir ish batafsil ko‘rib chiqilib, barcha tomon tinglangach, hududlardagi ichki ishlar organlari probatsiya guruhlari taqdimnomalari asosida 28 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod etildi, 8 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi, taraflar yarashganligi munosabati bilan bitta jinoyat ishi tugatildi.
Ellikqal’alik Shodiya Rajabboyeva turmushdan ajrashgan bo‘lsa-da, voyaga yetmagan uch farzandini bag‘riga ololmay ovora bo‘lib yurgan ekan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudi bu ayolning ham murojaatini ko‘rib chiqib, uning da’vo arizasini qanoatlantirdi. Bolalar sud tartibida onasiga qaytariladigan bo‘ldi.
Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari surishtiruv va tergov, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulkni olib qo‘yish va qaytarmaslik kabi yo‘nalishlarga oid 140 ta masalani ko‘rib chiqdi, ularning 53 tasi joyida hal qilindi.
Ish bilan ta’minlash masalasida amaliy yordam so‘ragan 6 nafar insonga 30 sotix yer maydoni ajratildi, 22 nafar murojaatchi ishga joylashtirildi. O‘zini o‘zi band qilishi uchun og‘ir ijtimoiy ahvoldagi 30 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi va pishiriq tayyorlash pechlari, 2 nafar fuqaroga tomorqa yerlarini sug‘orishi uchun nasoslar, 5 nafar murojaatchiga parrandachilik inkubatorlari olib berildi. Bo‘zatovlik Paraxat Yusupov ham endi tomorqasiga suv chiqarib, dehqonchilik qiladigan va bu bilan ro‘zg‘origa baraka kiritadigan bo‘ldi.
Qabullarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, Vazirlar kengashi, mahalliy hokimliklar, adliya, soliq, bojxona, Milliy gvardiya boshqarmalari mas’ullari ham 307 ta masalaning qariyb 100 tasini joyida hal qildi, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatildi, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil qilindi.
Umumlashtirib aytganda, uch kunlik ochiq-jonli muloqotlarda 1 ming 116 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 404 tasi joyida hal qilindi, 237 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 475 ta murojaat bo‘yicha esa aniq muddat va mas’ullar belgilanib, Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.
Izoh qoldirish