– Siz bilan ilk bor o‘tgan yil “Mahallabay ishlash tizimi” rubrikasi ochilgan paytda suhbat qilgan edik. Oradan deyarli bir yarim yil vaqt o‘tdi. Shu vaqt davomida siz ishlayotgan mahallada qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
– Mahallamizda o‘tgan vaqt davomida katta ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Eng avvalo, mahallamiz infratuzilmasi har tomonlama yaxshilandi. Bir qancha yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etildi, natijada, mahalladagi ishsiz aholining bandligi ta’minlanib, doimiy daromadga ega bo‘lishdi. Bunday ijobiy natijalarning barchasiga “mahallabay” usulida tizimli ishlash orqali erishilmoqda, desam adashmagan bo‘laman.
– 2023 yildagi faoliyatingiz natijalari, ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilgani haqida gapirib bersangiz. O‘tgan yil mahalla va o‘zingiz uchun qilgan qaysi ishni eng muhimi deb bilasiz?
– Mahallada 2023 yil davomida 168 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Xususan, ularning 113 nafari doimiy ishlarga, 55 nafari o‘zini-o‘zi band qilish va 1 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 69 ta jismoniy va yuridik shaxsga 1 454,8 mln so‘mlik kreditlar ajratildi.
Bundan tashqari, tikuvchilik va to‘quvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun mahalla binosidan bitta xona ajratilgan bo‘lib, bu yerda ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turuvchi 25 nafardan ziyod xotin-qizga bepul kasb-hunar o‘rgatilib, ularning bandligi ta’minlandi. O‘tgan yil “Ayollar daftari”ga kiritilgan 8 nafar xotin-qizga mehnat qurollari sotib olish uchun 71,3 mln so‘mlik subsidiyalar ajratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi 2023 yil 13 iyuldagi PQ-228-son qaroriga asosan, 2023 yil davomida yo‘naltirilgan 500 mln so‘m mablag‘ hisobidan mahallaning eng asosiy infratuzilma muammolari hal etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 sentyabrdagi 500-sonli qaroriga asosan, 1.3 km uzunlikdagi ichki yo‘llarga qum-shag‘al aralashmali asfalt yotqizildi. Shuningdek, hukumatning 2023 yil 2 fevraldagi 52-sonli qaroriga asosan mahallada og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli uy-joylarning tom qismini ta’mirlash (yopish) bo‘yicha 10 ta oila yashaydigan uylarning tom qismi ta’mirlab berildi. Bu qilgan ishlarimizning eng muhim yo‘nalishlaridan biri, deb hisoblayman.
– Mahallangizda o‘tgan vaqt davomida aholini ish bilan ta’minlash borasida qanday yangi imkoniyatlar yaratildi? Hududda kambag‘allik darajasi pasaydimi? Kambag‘al oilalarni kambag‘allikdan chiqarish uchun qanday ishlar amalga oshirildi?
– Kambag‘al oilalarni bu holatdan olib chiqish bo‘yicha “Individual dastur”lar tuzish orqali 33 ta oilaning 54 ta a’zosi kambag‘allikdan chiqarildi. Jumladan, ularning 22 nafari doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lgan bo‘lsa, 24 nafariga imtiyozli kreditlar ajratilib, 8 nafari kasb-hunar va tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga yo‘naltirildi.
– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda ayting-chi, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, sizning hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada kamaytirish uchun qo‘shimcha qanday ishlar qilish kerak?
– Kambag‘allik holatlarining kelib chiqishi, birinchi navbatda, doimiy ishning yo‘qligi, ya’ni ishsizlik, ma’lumotga ega bo‘lmaganlik, shuningdek, tadbirkorlik qilish uchun bilim va malakaning yetishmasligi bilan bog‘liq. Bugungi kunda mahalla aholisi orasida kambag‘allikka duch kelgan oilalarning aksariyati – bu nogironligi bo‘lgan shaxslar, nafaqaxo‘rlar va bola parvarishi bilan band bo‘lgan ayollar istiqomat qilayotgan oilalar ekanligi aniqlandi. Shuningdek, mazkur holat fuqaroning biron-bir ishni boshlashidan oldin (masalan, imtiyozli kredit yoki subsidiya olmoqchi bo‘lgan) uning shu sohaga qiziqishi va tushunchasi bo‘lmasligidan ham kelib chiqmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish borasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar negizida “Inson qadri uchun” tamoyili yotadi. Misol sifatida ishsiz va ehtiyojmand fuqarolar uchun ajratiladigan subsidiyalar, moddiy yordamlar, imtiyozli kreditlarni aytish mumkin. Ishsiz fuqarolarni bepul asosda mehnat bozorida katta talabga ega bo‘lgan kasb-hunar turlariga o‘qitish tizimining mavjudligi ham aholining bandligi, shu bilan bir qatorda, daromadini oshirishga qaratilgan ijobiy harakatdir.
– 2023 yilda hokim o‘rinbosarlari faoliyatiga oid qator qarorlar qabul qilindi. Mahallalarning reytingi, yakka tartibdagi dasturlar amaliyoti joriy etildi, mahallalarning faol a’zolari soni 5 nafardan 7 nafarga oshirildi, mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengashlar tashkil etildi. Ushbu qarorlar munosabati bilan mahallangizda qanday ishlar amalga oshirildi? Yangi tarkibdagi faollarning ishi qanday kechyapti? Bu qarorlar faoliyatingiz samaradorligiga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?
– Mahalla boshqaruvi xodimlari soni soliqchi va ijtimoiy xodim qo‘shilishi hisobiga 5 tadan 7 taga ko‘paydi. Mahallaning o‘zida 70 dan ortiq masala, jumladan, moddiy yordam va kreditlar masalasi hal etilmoqda. Tizim esa to‘liq raqamlashtirilgan.
Mahallalarda hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi kabi yangi mutaxassislar ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Biroq ularning faoliyati natijasi qisqa vaqtdayoq yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Buni aholining mahallaga ilgarigidek moddiy yordam so‘rab emas, ko‘proq tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun murojaat qilayotgani, xotin-qizlar va yoshlar o‘z huquqlarini tobora chuqur anglab, yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanishga intilayotgani yaqqol isbotlaydi.
Aholining bu boradagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahallada yangicha tashabbuslar yoyilmoqda. Xonadonlarda suhbat o‘tkazish, muammolarni o‘rganish hamda hal etish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Har haftada mahalladagi “beshlik” tomonidan aniqlangan, lekin bartaraf etilmagan muammolar bo‘yicha ma’lumotlar tegishli davlat organlari va tashkilotlarga kiritiladi. Uyma-uy yurish orqali obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishsiz aholini obodonlashtirish va mavsumiy ishlarga jalb qilish, ularga haq to‘lash vakolati mahalla raisiga berildi. Vakant o‘rinlar haqidagi ma’lumotlar tuman mehnat bo‘limlari tomonidan mahallaga taqdim etib borilmoqda. Mahalla raisi o‘z hududidagi ishsizlarni tanlab ishga joylashtiradi. Shuningdek, tumandagi soliq inspektorlari ham mahalladagi “beshlik tizimi”ga biriktirildi. Endi hokim yordamchilari tadbirkorlar loyihasi “yurib ketishi”ga ko‘maklashyapti, soliq inspektori ularga buxgalter sifatida yordam beryapti. Shu asosda joylardagi muammolarni hal qilishda mahallaning roli kuchaytirilib, “mahalladagi yettilik” tizimiga o‘tildi.
– Joriy yilda mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor? Hozirgacha nimaga erishildi va kelgusida nimalar qilish kerak?
– Joriy yilda mahallani rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi 2023 yil 13 iyulda tasdiqlangan PQ-228-son qaroriga asosan, 2023 yil davomida yo‘naltirilgan 500 mln so‘m mablag‘ hisobidan “Markazobod” MFY ma’muriy binosiga umumiy qiymati 28 mln so‘mga 3 kVtlik quyosh paneli o‘rnatildi, umumiy qiymati 4,9 mln so‘mlik 1 ta PTZ kamerasi o‘rnatildi. Shuningdek, “Bog‘yop” kanaliga umumiy qiymati 24,9 mln so‘mlik tomorqa maydonlarini sug‘orish uchun zamonaviy sug‘orish nasosi o‘rnatildi. Alisher Navoiy ko‘chasiga qiymati 131,1 mln so‘mlik 30 ta quyosh panelli tungi yoritgichlar qo‘yildi, Sh.Rashidov va Navoiy ko‘chalari kesishmasiga umumiy qiymati 69,9 mln so‘mlik svetofor o‘rnatildi. Bundan tashqari, “To‘rtko‘l” ko‘chasidan Beruniy ko‘chasigacha umumiy qiymati 91,6 mln so‘mlik 900 m havo elektr liniyasi tortildi, “To‘rtko‘l” ko‘chasi markazida joylashgan umumiy qiymati 146,2 mln so‘mlik kurant soati zamonaviy tipda ta’mirlandi. Kelgusida 1,6 km ta’mirtalab ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizish rejalashtirilgan. Bundan tashqari 0,5 km ichimlik suvi quvurlarini rekonstruksiya qilish, 94 ta eski simyog‘ochlarni beton simyog‘ochlarga almashtirib, SIP kabellar o‘rnatish hamda elektr energiyasi kuchlanishi past bo‘lganligi sababli transformatorni yangilash ishlari olib boriladi.
– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. O‘tgan vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi? Qanday qo‘llab-quvvatlash choralari va innovatsion usullar qo‘llanildi? Muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.
– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davrimda mahallada 53 ta yangi korxona tashkil etilib, ulardan 26 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlar hisoblanadi. Yangi tashkil etilgan korxonalarga borib, tadbirkorlar bilan muntazam aloqada bo‘lib, mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirib, ularning dolzarb muammolari tizimli ravishda o‘rganib borilmoqda.
Masalan, muvaffaqiyatga erishib kelayotgan tadbirkor Muborak Saitova sartaroshlik xizmatlari, manikyur, pedikyur, kosmetolog xizmatlari va shunga o‘xshash boshqa xizmatlar bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bu yerda 5 ta yangi ish o‘rni yaratib, o‘zining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.
– Mahallangizda tajribali tadbirkorlar bormi va ular bilan qanday ishlayapsiz? Bunga misollar keltira olasizmi?
– Albatta, bunday tadbirkorlarimiz bor. Masalan, mahallamizda tajribali tadbirkor Barno Hojiyeva uy sharoitida qandolatchilik va non mahsulotlari ishlab chiqaradi. U tayyorlayotgan mahsulotlarga qo‘shni tumanlar, hattoki Xorazm va Buxoro viloyatlarida ham xaridorlar ko‘p. Bu yerda “ustoz-shogird” an’anasi asosida 20 dan ziyod qiz hunar o‘rganib, ular egallagan bilimlari asosida o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirib kelmoqdalar. Mahalladagi boshqa muvaffaqiyatli tadbirkorlarning ham tajribasini keng yoyish maqsadida ular bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ularning o‘z bizneslarini boshlashi va mahalliy iqtisodiyotga muvaffaqiyatli integratsiyalashuviga yordam berish uchun nimalar qilinmoqda?
– Xorijda mehnat qilayotgan 30 nafar fuqaro Vatanga qaytishdi. Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarimizni daromadli ish bilan ta’minlash hamda o‘z bizneslarini boshlashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. 2 nafariga 53 mln so‘mlik imtiyozli kredit ajratilib, o‘z bizneslarini boshlashlari uchun imkoniyat yaratib berildi. Yana 14 nafari mehnat migratsiyasiga yuqori daromadli ishlarga jalb qilindi, 5 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi. Shuningdek, 9 nafari bugungi kunda norasmiy sektorda bo‘lib, ularning faoliyatini legallashtirish uchun o‘zini-o‘zi band qilgan holda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Faoliyatimizni yuritish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Taklifim shuki, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishida banklar tomonidan skroning tizimi soddalashtirilsa, ko‘plab yangi tadbirkorlik sub’yektlari yaratilib, aholi farovonligi yanada oshgan, shuningdek, byudjet tushumlari yanada ko‘paygan bo‘lar edi.
– Ishingizdan qoniqyapsizmi? Yaqin kelajakda o‘z oldingizga qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz?
– Ishimdan qoniqaman! Maqsadim – yaqin kelajakda mahalla tizimidagi mavjud muammolarni mahallaning o‘zida hal qilib, fuqarolarga amaliy yordam berish orqali mahallani yuqori darajaga ko‘targan holda yangi marralarni zabt etish!
Jamoliddin Turdimov, CERR
"Iqtisodiy sharh" jurnali №7/2024
Izoh qoldirish