– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?
–Men Nukus shahri “Do‘stlik” MFYda 2022 yil yanvar oyidan ish boshlaganman. Birinchi navbatda mahalla aholisi bilan tanishib, ularning oilaviy sharoitlari, iqtisodiy ahvoli va qiziqishlarini o‘rgandim. Bu ishga kelishimdan oldin Nukus shahri hokimligining mahalla bo‘limida ishlaganman. Shu davrlarda mahallalardagi murojaatlar bilan ishlab, bir qancha tajriba orttirdim. Shu sababli ham mahallada ishlash menga ancha yengil kechdi. Aholi bilan tezda muloqotga kirishib ketdim, jarayon men uchun qiyin bo‘lmadi.
– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infratuzilma ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?
– Men mas’ul bo‘lgan mahalla Nukus shahrining o‘rtasida joylashgan. Hududda mavjud bo‘lgan infratuzilma ob’yektlari quyidagilar: 1 ta umumta’lim maktabi, 5 ta oilaviy va xususiy bog‘cha. So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shu jumladan, Nukus shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani, mazkur ishlarga katta mablag‘lar ajratilayotgani sababli mahallamiz tabiiy gaz, toza ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlangan. Mahallamizda yirik ishlab chiqarish korxonasi ham mavjud bo‘lib, hududda istiqomat qiluvchi aholining bir qismi bu yerda ish bilan ta’minlangan. Aholini ish bilan ta’minlashda asosan xizmat ko‘rsatish sohasi va kichik biznes sub’yektlari muhim rol o‘ynamoqda. Mahalla fuqarolarining bir qismi ana shu ob’yektlarda ish bilan band. 2025 yilning 6 oylik yakuniga ko‘ra, 38 nafar ishsiz fuqaro ish bilan ta’minlandi, ayni paytda mahallada ishsiz aholi soni 63 nafarga tushdi.
– Yo‘l boshida eng qiyin bo‘lgan narsa nima bo‘ldi va siz uni qanday yengdingiz?
– Har qanday ishning qiyinchiliklari bo‘ladi, albatta. Lekin uni yengish uchun ishni “bu mening ishim” deb qabul qilib ishlasa, shuning o‘zi yetarli. Hokim yordamchilarining ish faoliyati tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilganligi, har taraflama ishlab chiqilgani, barcha jarayonlar ochiq va tartibli ravishda amalga oshirilishi belgilanganligi sababli ishni boshlash menga uncha qiyinchilik tug‘dirmadi.
– Mahallangiz rivojlanishining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?
– Mahallamizning rivojlanishi uchun asosiy drayver sifatida savdo-sotiq va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi tanlab olingan. Sababi, mahallamiz shahar o‘rtasida joylashgan va 4 ta katta mahalla bilan chegaradosh. Asosiy istiqomat qiluvchi fuqarolar savdo va xizmat ko‘rsatish ishlari bilan shug‘ullanadi. Shu sababli tadbirkorlikda ushbu yo‘nalishlarda tezkor rivojlanish maqsadi belgilangan. Xususan, bu yo‘nalishlarda mahallamizda bolalar bog‘chalari, tikish-bichish sexlari, servis xizmatlari ko‘rsatuvchi kichik xizmat nuqtalari, avtomashinalarni ta’mirlash xizmatlari kabilar faoliyat yuritmoqda.
– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi?
– Mahallamiz rivojlanishi uchun mamlakatimizda ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan. Shulardan biri – tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yengillashtirilgan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratish. Shu asosida Akfa rusumidagi romlar ishlab chiqarish sexi, “jalyuzi” ishlab chiqarish sexi va shirinliklar ishlab chiqarish sexlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Uy sharoitida konditerlik mahsulotlari ishlab chiqarish, tikish-bichish sexlari yo‘nalishlarida tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilmoqda. Buning natijasida bir qancha ish o‘rinlari yaratildi va o‘zini o‘zi band qilganlar ko‘paydi. 2022-2025 yillar mobaynida mahallamizda 100 ga yaqin korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlik tashkil etildi va ular muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
– Xonadonbay o‘rganish natijasida qanday yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqladingiz?
– Xonadonbay o‘rganish natijasida mahallamizning qo‘shimcha drayveri sifatida ishlab chiqarish yo‘nalishi aniqlandi. Shundan kelib chiqqan holda, mahallada kichik korxonalar – ishlab chiqarish sexlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga harakat qildik. Masalan, aholi tomonidan xonadonlarni ta’mirlash ishlari doimiy ravishda amalga oshirib kelinadi. Buning uchun zarur qurilish ashyolari va xizmatlarga talab mavjud. Bu talabga javob berish maqsadida mahallada Akfa romlar ishlab chiqarish sexi ochildi. Bundan tashqari, ichki imkoniyatlarni o‘rgangan holda mahallada o‘zini o‘zi band qilish orqali yangi ish o‘rinlari yaratildi. Masalan, bir necha fuqarolarga kichik savdo nuqtalari ochib berishga ko‘maklashildi. Mahallani obodonlashtirish ishlari ham amalga oshirildi. Xususan, mahalla hududiga 200 tup mevali va manzarali ko‘chat ekildi.
– Biror ehtiyojmand oilani yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, ular hayotida aniq o‘zgarish qilgan holatni keltirib o‘tsangiz.
– Mahallamizni o‘rganish natijasida kam ta’minlangan oilalar borligi, ularni kam ta’minlangan muhitdan qanday chiqarish mumkinligi o‘rganildi. Masalan, Zaripov Baxtiyor aka oilasi bilan (ikki farzandi va turmush o‘rtog‘i) yashaydi. Uyining tashqi fasadi va oynalarini ta’mirlash maqsadida homiy topildi va ta’mirlash ishlari bajarildi. Uning doimiy kasbi bo‘lmagani uchun kasbga o‘qitildi va jamoat ishlariga jalb qilindi. Shuningdek, Turg‘anbayeva Nargiza ismli qizimiz tadbirkorlik qilish istagini bildirdi. Unga 33 mln so‘m miqdorida kredit ajratilib, shirinliklar ishlab chiqarish tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga yordam berildi. Qo‘shimcha ravishda u hozirda shahrimizdagi “Mono markaz”da ishlab, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha dars berib kelmoqda.
– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?
– Hokim yordamchisi sifatida tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, kambag‘allikning asosiy sababi – ishsizlikdir. Bundan tashqari, ayrim fuqarolarda uchrab turadigan boqimondalik kayfiyati va dangasalik holatlari ham fuqarolarning kambag‘allikka tushib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Fikrimcha, kambag‘allik holatlarini kamaytirishning samarali usullaridan biri – fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni doimiy ish bilan ta’minlash hamda mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda o‘zini o‘zi band qilishi uchun sharoitlar yaratishdan iboratdir. Masalan, hozirgi paytda chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib yurgan fuqarolarimizdan bir nechtasi yurtimizga qaytib kelib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish orqali o‘z faoliyatini boshlab, aholini ish bilan ham ta’minlanmoqda.
– Ish tajribangizdan kelib chiqib ayting-chi, odamlar sizni ko‘proq qaysi muammolar bo‘yicha izlashadi? Misol keltira olasizmi?
– Fuqarolar mahallaga, xususan, menga asosan tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, biron ishga joylashish, kasb-hunarga o‘qish maqsadida murojaat qilishadi. Shundan kelib chiqqan holda ularga mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib baholiqudrat har tomonlama yordam berib kelmoqdamiz. Murojaatlarning barchasi ijobiy hal etilmoqda.
– Ishsizlikni qisqartirishda qanday innovatsion yondashuvlar samara berdi?
– Mahallamizda ishsizlikni qisqartirish maqsadida, avvalo, ishga joylashish niyatida bo‘lgan fuqarolarning ish ko‘nikmalari, qanday kasb-hunarlari borligi o‘rganildi. Shundan kelib chiqqan holda keyin ular mahalla hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga biriktirilib, ish bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, bir necha kishiga o‘z tadbirkorligini boshlash uchun imtiyozli asosda moddiy yordam ajratildi.
– Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mahallangizda qanday chora-tadbirlar va innovatsion usullar qo‘llandi? Mahalladagi muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.
– Mahallamizda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha misol keltiradigan bo‘lsam, mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolarimizdan biri Yerejepova Sayyora o‘zining non va shirinliklar ishlab chiqarish sexini ishga tushirib, mahallamizdagi “Xotin-qizlar daftari”ga kiritilgan ishsiz ayollarni o‘z yoniga olib, ish bilan ta’minladi.
– Agar sizda byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallangizda qaysi loyihani amalga oshirgan bo‘lar edingiz?
– Hokim yordamchisi sifatida ishlaganimdan juda xursandman. Oilam ham meni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Prezidentimiz tomonidan hokim yordamchilarining samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Endi savolga kelsak, agarda zarur resurslardan hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallamizdagi barcha ishsizlarni ish bilan ta’minlagan bo‘lardim.
– 2025 yilda o‘z oldingizga mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz? Siz ishlayotgan mahalla 5 yildan keyin qanday bo‘lishiga ishonasiz?
– 2025-yilda mahallamizni rivojlantirish uchun birinchi navbatda ishsizlikni bartaraf etishni maqsad qilib olganman va bunga erishmoqdaman. Bundan tashqari, mahalladagi tadbirkorlik sub’yektlari sonini oshirish, yanada ko‘proq fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish, mahalla infrastrukturasini yanada yaxshilash kabilarni ham rejalashtirganmiz. Yaqin 5 yil ichida mahallamiz yashash va ishlash uchun yanada qulay hududga aylanishiga ishonaman.
– Bu tizimdagi ish tajribasidan so‘ng, o‘zingizni kelajakda qayerda tasavvur qilasiz? Shaxsiy rivojlanishingiz uchun mahallada ishlash qanday foyda berdi? Ayol kishi sifatida ham oilani tebratish, ham hokim yordamchisi bo‘lib ishlash qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?
– Hokim yordamchisi bo‘lib ishlaganimdan juda ham xursandman. Bir vaqtning o‘zida ham oila, ham ish bilan mashg‘ul bo‘lishimga umr yo‘ldoshimning ham hissasi katta. Yelkama-yelka menga yordam berib kelmoqda. 2 o‘g‘limiz bor. Katta o‘g‘lim – velosport bo‘yicha O‘zbekiston chempioni. Kichigi – maktab o‘quvchisi. Mahalla tizimida 2018 yildan beri ishlayman. Bu tizimda ishlash juda ham maroqli. Fuqarolarning rahmatini eshitish ularning ishlariga ko‘maklashishdan zavq olaman. Kelajakda o‘zimni yuqori mas’uliyatli ishlarda ko‘rishni istar edim. Vatanga xizmat qilishdan ortiq oliy baxt yo‘q.
Jamoliddin Turdimov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №8/2025
Izoh qoldirish