Joriy yilning 5 iyun kuni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida (Markaz) Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) «Yerdan foydalanish va qishloq xo‘jaligida iqlim ambitsiyalarini oshirish (SCALA)» loyihasining ilk natijalariga bag‘ishlangan mas’ul vazirlik va idoralar ishtirokidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston mamlakatda iqlim o‘zgarishlarining oqibatlariga eng sezgir hududlardan biri hisoblanadi. Ushbu mintaqada o‘rtacha harorat har 10 yilda taxminan 0,29°C gacha oshib bormoqda. Bugungi kunda yoz faslidagi eng yuqori harorat +50°C gacha, qishda esa -30°C gacha va undan past haroratlar kuzatilmoqda. Bundan tashqari yer maydonlarining taxminan 90%ga yaqin qismi yuqori va o‘rta darajada sho‘rlangan, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi esa qishloq xo‘jaligining mahsuldorligini sezilarli darajada kamaytiradi.
Amudaryo daryosining suv zaxiralarining kamayishiga doir prognostik xulosalar alohida xavotir uyg‘otmoqda. Bunday vaziyat hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi barobarida, fermer xo‘jaliklarining xarajatlarini ham oshirishga sabab bo‘lmoqda.
Mutaxassislar suvni tejaydigan va “aqlli” agrotexnologiyalarni joriy etish, hamda barqarorligi yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlariga bosqichma-bosqich o‘tish zarurligini alohida ta’kidlashdi. Hududning iqlimiy o‘zgarishlarga nisbatan yuqori darajadagi zaifligini inobatga olgan holda, SCALA loyihasi Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish yo‘lida muhim vosita sifatida baholanmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqot doirasida uchta asosiy yo‘nalish ko‘rib chiqildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari tahlili mosh, kunjut va poliz mahsulotlari (qovun, qovoq) kabi ekinlar yuqori salohiyatga ega ekanini ko‘rsatdi. Ushbu ekinlarning hosildorlik ko‘rsatkichlari, bozor narxlari, qayta ishlash darajasi va eksport imkoniyatlari o‘rganildi. Bu esa suv resurslarini ko‘p talab qiluvchi an’anaviy ekinlarga bog‘liqlikni kamaytirish imkonini beradi.
1000 dan ortiq fermer xo‘jaliklari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma iqlim o‘zgarishlarining amaliy oqibatlarini aniqlash imkonini berdi. Jumladan, haroratning oshishi, suv tanqisligi va tuproqlarning degradatsiyasi kabi holatlar qayd etildi. Shuningdek, moslashuvchan agrotexnikaviy usullarni qo‘llash samaradorligi ham baholandi.
Qo‘shimcha qiymat zanjirlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashning hozirgi darajasi, kreditlash imkoniyatlari hamda eksportga chiqishdagi mavjud to‘siqlar tahlil qilindi. Mahalliy hokimliklar va moliya sektori vakillari bilan o‘tkazilgan muhokamalar investitsiya kiritish uchun ustuvor yo‘nalishlar va o‘sish nuqtalarini aniqlashga yordam berdi.
Tadqiqot natijalari Qoraqalpog‘iston agrar sektorida barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan keyingi chora-tadbirlar uchun, ayniqsa iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarni hisobga olgan holda, mustahkam ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish