Prezident Administratsiyasi hamda Xalq qabulxonasi vakillari boshchiligida Sirdaryo viloyatida sud-huquq sohasi bo‘yicha tashkil qilingan ikki kunlik ochiq-jonli muloqotlarda jami 488 ta masala ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularning 212 tasi joyida hal qilindi, 125 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 151 ta murojaat bo‘yicha esa aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.
Xususan, Sudyalar oliy kengashi va Oliy sud mas’ullari viloyat, tuman-shaharlar sudlari bilan birga 124 ta masalani ko‘rib chiqdi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Sayxunobod, Guliston, Sardoba, Mirzaobod, Xovos tumanlari va Yangiyer shahar sudlarida 17 nafar shaxsning ishlari ko‘rib chiqildi, 16 nafari ichki ishlar organlarining probatsiya bo‘linmalari taqdimnomalari asosida jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod etildi. Bir nafar mahkumga nisbatan belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi esa yengilrog‘iga almashtirildi.
Muloqotlar natijasida 26 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hay’atlariga hal etish uchun o‘tkazildi.
Bosh prokuratura mas’ullari tadbirkorlik, tergov-surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, ijtimoiy himoya, uy-joy va moddiy yordam ajratish, qurilish va kommunal sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash, mansabdor shaxslar xatti-harakatlari yuzasidan zarur choralar ko‘rish kabi masalalarga oid 165 ta murojaatni ko‘rib chiqib, ularning 100 dan ziyodiga yechim topdi. E’tiborlisi, bu jarayonda ko‘plab tadbirkorlarning bank kreditlari olish bilan bog‘liq muammolari ham hal qilindi.
Masalan, Rustam Tog‘ayevning ham murojaati asosida tomorqa xizmatini tashkil etish uchun so‘ralgan 150 million so‘m kredit hujjatlari bilan bog‘liq muammo hal qilinib, bank tizimiga yangidan ariza rasmiylashtirildi. Boyovutlik Xadicha Shodmonqulovaga esa xususiy bog‘chasini jihozlashi uchun kredit ajratilishida amaliy yordam berildi. Muloqotlar davomida 16 nafar murojaatchiga 289,3 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi ta’minlandi.
Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ko‘rib chiqqan 71 ta masalaning ham 42 tasi joyida hal qilindi. Murojaatlarning asosiy qismini surishtiruv va tergov, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jazodan muddatidan avval ozod etish, jazoni ijro etish,ichki ishlar organlari xodimlarini ishga qayta tiklash, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulkni olib qo‘yish va qaytarmaslik kabi yo‘nalishlar tashkil etdi.
Bir misol, mirzaobodlik 44 yoshli Abduhakim Ismoilov ham Ichki ishlar vazirligi mas’ullari oldiga adolat so‘rab keldi. Murojaatchining aytishicha, bir oy avval tanishlaridan biri uni ko‘chada do‘pposlab, tan jarohati yetkazgan. Bu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ammo jabrlanuvchi aybdorga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasidan norozi bo‘lmoqda. Bu masala ham to‘plangan hujjatlar asosida o‘rganilgach, aybdorga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Ikki kunlik qabullarda viloyat hokimligi, adliya, soliq, bojxona, Milliy gvardiya boshqarmalari mas’ullari ham ko‘plab murojaatlarni qabul qilib, qator masalalarga yechim topdi.
Sud-huquq sohasi bo‘yicha ochiq-jonli muloqotlar boshqa hududlarda ham davom ettiriladi.
Izoh qoldirish