Moliya vazirligi 2020 yil uchun Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan navbatdagi “Fuqarolar uchun byudjet” nashrini e’lon qildi. Nashr Moliya vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning “O‘zbekistonda Barqaror Rivojlanishni Moliyalashtirish” nomli qo‘shma loyihasi doirasida tayyorlangan.
Qayd etilishicha, 2020 yilda Davlat byudjeti ijrosi koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatda amalga oshirildi.
2020 yilda Davlat byudjeti daromadlar tushumi prognoz parametrlaridan oshib ketdi hamda 2019 yilning ko‘rsatkichlariga nisbatan ko‘tarildi.
2020 yilda Davlat byudjeti xarajatlari ham tasdiqlangan parametrlardan oshib ketdi. Qo‘shimcha xarajatlarning aksariyat qismi - Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining global inqiroz xolatlarining salbiy ta’siri va koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha xarajatlaridir.
Nashrning alohida bir bo‘limi davlat qarziga bag‘ishlangan. Nashrning so‘nggi bo‘limida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining tashkil etilishi va jamg‘armaning xarajatlari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etilgan.
2020 yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasining jami davlat qarzi 5,5 mlrd dollarga oshdi hamda 2021 yilning 1 yanvar holatiga 23,3 mlrd dollarni (YaIMga nisbatan 40,4%ni) tashkil etdi.
Davlat byudjetining 2020 yil uchun dastlabki tasdiqlangan parametrlarida O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb qilish bo‘yicha yangi imzolangan bitimlarning umumiy hajmi 5 mlrd AQSh dollari hisobida tasdiqlandi.
Biroq COVID-19 ga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish zaruriyati tufayli tashqi qarzning chegaraviy miqdori 5,5 mlrd AQSh dollarga hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash va loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2,5 mlrd AQSh dollarigacha oshirildi.
“Fuqarolar uchun byudjet” nashri bilan davlat va rus tillarida moliya vazirligining rasmiy saytida (www.mf.uz), shuningdek, "ochiq byudjet" axborot portalida (www.openbudget.uz) tanishishingiz mumkin.
Izoh qoldirish