Olib borilayotgan soliq-byudjet siyosati natijasida mahalliy byudjetlarning moliyaviy imkoniyatlari kengayib bormoqda. Xususan, mahalliy byudjetlar ixtiyorida qolgan mablag‘lar 21 foizga oshib, 2,2 trln so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, hududlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga 1,1 trln so‘m mablag‘lar o‘tkazildi.
Hududlar kesimida Toshkent shahrida 858 mlrd so‘m, Farg‘ona viloyatida 243 mlrd so‘m, Samarqand viloyatida 210 mlrd so‘m, Toshkent viloyatida 157 mlrd so‘m hamda Buxoro viloyatida 132 mlrd so‘m mablag‘lar mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldi.
Shuningdek, yer maydonlarini sotish va xususiylashtirish jarayonlari natijasida mahalliy byudjetlar ixtiyorida qo‘shimcha 572 mlrd so‘m mablag‘ shakllandi.
Tuman darajasida moliyaviy mustaqillikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Jumladan, tuman mahalliy byudjetlari ixtiyorida 1,4 trln so‘m mablag‘ qoldi, bu o‘tgan yilning mos davridagi 346 mlrd so‘mga nisbatan qariyb 4,2 barobarga ko‘pdir. Xususan, Olmazor va Yunusobod tumanlarida 57 mlrd so‘mdan, Sergelida 54,3 mlrd so‘m, Olotda 34,4 mlrd so‘m, Pskentda 23,3 mlrd so‘m hamda Navoiy shahrida 22,3 mlrd so‘m mablag‘lar shakllandi.
Soliq tushumlari bo‘yicha ham ijobiy natijalar qayd etildi. I chorakda Soliq qo‘mitasi tomonidan byudjetga 63,6 trln so‘m tushum ta’minlanib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari 15 foizga oshirib bajarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga yoki 12,1 trln so‘mga ko‘pdir.
Hududlar kesimida soliq tushumlari 25 foizga yoki 5,4 trln so‘mga oshdi. Xususan, Navoiy viloyatida o‘sish 44 foizni, Sirdaryo viloyatida 39 foizni, Toshkent va Xorazm viloyatlarida 28 foizni hamda Samarqand viloyatida 27 foizni tashkil etdi.
Bojxona organlari tomonidan ham byudjet tushumlari barqaror oshirilmoqda. Hisobot davrida 19,4 trln so‘m tushum ta’minlanib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 trln so‘mga yoki 20 foizga ko‘paydi.
Qayd etilgan natijalar mamlakatda amalga oshirilayotgan soliq-byudjet islohotlari samaradorligini, hududlarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish va iqtisodiyotda barqaror o‘sishni ta’minlash bo‘yicha izchil siyosat olib borilayotganini tasdiqlaydi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish