Yevropa Ittifoqining uchta davlati biznes jarayonlarini soddalashtirish mexanizmini yaratadi (Politico)
Politico nashrining yozishicha, Fridrix Mers, Jorja Meloni va Bart de Vever biznes jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Xususan, Germaniya, Italiya va Belgiya Yevropa parlamentida yangi qonunlarni qabul qilish jarayoniga aralashish, zarurat tug‘ilganda esa hukumatlar va biznes uchun ortiqcha yuk keltirib chiqaradigan tashabbuslarni to‘xtatib turish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
YeI mamlakatlari yetakchilarining fikricha, bunday mexanizm Yevropa Ittifoqining so‘nggi vaqtlarda zaiflashib borayotgan iqtisodiy raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Maktubda, shuningdek, Yevropa Ittifoqining maqsadi ortiqcha tartibga solish natijasida “Yevropa sanoatining ishlab chiqarish quvvatlari tiklab bo‘lmas darajada yo‘qotilishi, investitsiyalarning yanada qisqarishi va raqobatbardoshlikning pasayishi”ga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat bo‘lishi lozimligi ta’kidlangan.
Maktub mualliflari “rejalashtirish va tasdiqlash tartib-taomillarini sezilarli darajada tezlashtirish”, shuningdek, yangi “ustuvorlik qoidasi” doirasida “ayrim normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishini muayyan muddatga to‘xtatib turish”ga chaqirgan.
Xitoy ishlab chiqaruvchilari sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan chiplar bozorida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda (Reuters)
IDC (International Data Corporation) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida Nvidia kompaniyasining sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan tezlatkichlarini Xitoyga yetkazib berish hajmi 44 foizga qisqarib, 678 ming donani tashkil etdi. Amerika kompaniyasining bozordagi ulushi 34 foiz bo‘ldi. Mazkur pasayish AQSh tomonidan joriy etilgan eksport cheklovlari hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan muqobil mahsulotlardan foydalanishning kengayishi bilan bog‘liq.
IDC baholariga ko‘ra, Xitoyning 11 ta kompaniyasidan 9 tasi mahsulot yetkazib berish hajmini o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshirgan. Huawei kompaniyasi yetkazib berish hajmini ikki barobardan ziyod oshirib, 572 ming donaga yetkazgan va bozorning 28 foizini egallagan. Boshqa ishlab chiqaruvchilar orasida T-Head (Alibaba) kompaniyasining bozordagi ulushi 7 foiz, Cambricon — 5 foiz, Kunlunxin (Baidu) — 4 foiz va Hygon — 3 foizni tashkil etgan.
Xitoyda sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan tezlatkichlarni yetkazib berishning umumiy hajmi 2,008 mln donani tashkil etdi. Shu bilan birga, grafik protsessorlar (GPU) yetkazib berish hajmi 26 foizga qisqarib, 991 ming donaga tushgan bo‘lsa, ixtisoslashtirilgan tezlatkichlar (Non-GPU) yetkazib berish hajmi qariyb 80 foizga o‘sib, 1,016 mln donaga yetdi va birinchi marta grafik protsessorlar yetkazib berish hajmidan oshdi.
Xitoyning to‘rtta kompaniyasi (Huawei, T-Head, Kunlunxin va Cambricon) hissasiga Non-GPU segmentining 95 foizi to‘g‘ri keldi. Ushbu mahsulotlarning asosiy iste’molchilari davlat muassasalari, internet kompaniyalari va aloqa operatorlari hisoblanadi. IDC baholariga ko‘ra, raqobatda asosiy e’tibor protsessorlar unumdorligidan hisoblash klasterlarining samaradorligiga qaratilmoqda.
Xitoydan Yevropa Ittifoqiga gibrid avtomobillar eksporti uch barobar oshdi (Reuters)
Xitoy bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida Yevropa Ittifoqiga gibrid avtomobillar eksporti uch barobarga oshib, 2,5 mlrd dollardan 7,5 mlrd dollarga yetdi. 2021 yilga nisbatan esa eksport 9 barobarga oshgan. 2021 yilda ushbu ko‘rsatkich 845 mln dollarni tashkil etgan.
2024 yilda Yevropa Ittifoqi Xitoy elektromobillariga qo‘shimcha bojxona bojlarini joriy etganidan so‘ng, Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari mazkur bojlar tatbiq etilmaydigan gibrid avtomobillar eksportiga yo‘nalish oldi.
Jefferies ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoydan Yevropa Ittifoqiga gibrid avtomobillar yetkazib berishning 90 foizdan ortig‘i SAIC, BYD va Chery kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Schmidt Automotive Research baholariga ko‘ra, 2026 yilning ikkinchi choragida Xitoy brendlari Yevropa elektromobillar bozorining 15 foizini ilk bor egalladi. Elektr tarmog‘idan quvvatlanadigan gibrid avtomobillar segmentida esa ularning ulushi 25 foizga yetdi.
Joriy yilning 9 oktyabr kuni Xitoy va Yevropa Ittifoqi Xitoy gibrid avtomobillari eksportini cheklash bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Car Industry Analysis baholariga ko‘ra, yangi shartlar Xitoy ishlab chiqaruvchilari faoliyatini murakkablashtirishi mumkin, biroq ularning Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytirish jarayonini to‘xtatmaydi. Shu munosabat bilan Xitoy kompaniyalari Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, Changan kompaniyasi 2027 yilda mintaqada avtomobil ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda.
Rivojlangan mamlakatlarda byudjet taqchilligi COVID-19 pandemiyasidan keyingi eng yuqori darajaga yetadi (Financial Times)
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda rivojlangan mamlakatlar tomonidan sof davlat qarz mablag‘larini jalb qilish hajmi YaIMning 5,2 foiziga yetishi kutilmoqda. Bu COVID-19 pandemiyasi sababli byudjet xarajatlari keskin oshgan 2021 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Jamg‘arma prognozlariga ko‘ra, byudjet taqchilligining eng yuqori darajasi AQSh va Xitoyda kuzatilishi kutilmoqda. Ushbu mamlakatlarda taqchillik YaIMning qariyb 8 foizini tashkil etishi yoki mazkur darajadan oshishi mumkin. Byudjet taqchilligining ortishi davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari va yangi qarz mablag‘larini jalb qilishga bo‘lgan ehtiyojning ko‘payishi bilan birga kechmoqda.
XVJ baholariga ko‘ra, 2025 yilda jahon YaIMning qariyb 94 foizini tashkil etgan global davlat qarzi 2029 yilga borib 100 foizga yetishi mumkin. Mazkur ko‘rsatkich Ikkinchi jahon urushi tugaganidan buyon qayd etilgan eng yuqori darajalarga yaqinlashadi.
XVJ davlat qarzi yuki va qarz jalb qilish hajmining ortishi hukumatlarning qo‘shimcha xarajatlarni moliyalashtirish hamda iqtisodiy inqirozlarga qarshi choralar ko‘rish imkoniyatlarini cheklashi haqida ogohlantirmoqda. Jamg‘arma davlat moliyasining barqarorligini ta’minlash maqsadida izchil byudjet konsolidatsiyasini amalga oshirishni tavsiya etmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish