Joriy yilning 2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masatsugu Asakava bilan videokonferensiya tarzida muzokara o‘tkazdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
OTBning O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorligi uzoq muddatli xarakterga egaligi hamda mamlakatda Bank ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar portfelining qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lib, boshqa barcha rivojlanish bo‘yicha hamkorlar orasida eng yirigi ekanligi ta’kidlandi. Ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish orqali Bank O‘zbekistonda dasturiy islohotlarni amalga oshirishda texnik va maslahat yordamini ham ko‘rsatib kelmoqda.
Shu o‘rinda OTBning O‘zbekiston bilan 2019-2023 yillar uchun shakllangan hamda O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi bilan korrelyasiyaga ega Hamkorlik strategiyasining maqsad va vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha kelgusida hamkorlik qilish yo‘llari muhokama qilindi. Ikkala hujjatda ham xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, hududiy hamkorlikni rivojlantirish, inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirish orqali tengsizlikni qisqartirish va boshqa muhim sohalarga ustuvorlik berilgan.
Infratuzilmaviy rivojlanish, energetika, uy-joy kommunal xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalarida OTB bilan birgalikda amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 5 milliard dollarlik 29 loyihaning hozirgi holati ko‘rib chiqildi. OTBning 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan mamlakatlar bilan operatsiyalarning biznes-rejasi doirasida O‘zbekistonda umumiy qiymati 2,8 milliard dollarga teng bo‘lgan 27 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 524 million dollarlik 3 loyiha 2022 yilda hayotga joriy etiladi. Tomonlar ma’qullangan tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish va ko‘rib chiqilayotgan loyihalarni kelishish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib oldilar.
Qo‘shma loyihalarni tayyorlash va hayotga tatbiq etish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilandi. Bu yo‘nalishda OTB hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi. Agentlik loyiha siklining barcha bosqichlarida, jumladan, ustuvorliklarni belgilash, loyihalash, loyihani baholash, xaridlarni amalga oshirish va loyihani hayotga joriy qilishda asosiy muvofiqlashtiruvchi bo‘g‘in bo‘lib hisoblanadi. Agentlikning salohiyatini yanada oshirish va institutsional rivojlantirish bo‘yicha konsultatsiyalar berish uchun ekspertlarni O‘zbekistonga yuborish orqali OTB tomonidan texnik yordam ko‘rsatilishiga kelishildi.
Mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida amalga oshirilayotgan loyihalarni ilgari surish borasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. OTB bilan birgalikda energetika sohasida keng ko‘lamli loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda erishilgan yutuqlar ta’kidlandi. Xususan, hozirgi kunda O‘zbekistonda quyosh energiyasini rivojlantirish bo‘yicha OTBning umumiy quvvati 1 GVt teng bo‘lgan alohida Dasturi faol amalga oshirilmoqda. Tomonlar ushbu sohadagi hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, suv ta’minoti, elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish, sog‘liqni saqlash va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida DXSh vositalarini joriy etishni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, OTB bilan O‘zbekistonda xususiy sektor va tijorat banklari loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yo‘l infratuzilmasini kengaytirish loyihalarini amalga oshirish, texnologiya, muhandislik va matematika sohalaridagi o‘quv dasturlarini takomillashtirish orqali o‘rta va kasb-hunar ta’limini rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini modernizatsiya qilish, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Bank rahbariyati Toshkent xalqaro investitsiya forumi va u doirasidagi tadbirlarda ishtirok etishga taklif qilindi.
Muzokaralar yakunida ikki tomon uchun ustuvor bo‘lgan qator yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Izoh qoldirish