O‘zbekistonda 2022–2026 yillarda yalpi ichki mahsuloti o‘sish sur’ati 6 foizdan kam bo‘lmasligi aytildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri Nozimjon Ortiqov Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish sur’ati 7 foiz prognoz qilinyapti. Keyingi 2022–2026 yillarda yalpi ichki mahsuloti o‘sish sur’ati 6 foizdan kam bo‘lmasligi rejalashtirilgan. Buning uchun jami 1,6 baravar oshirish va YaIM jon boshiga nisbatini 2800 dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
«Osiyo taraqqiyot banki yaqinda prognozlarini yangiladi. Pandemiya bilan bog‘liq ravishda vaziyat juda tez o‘zgaryapti. Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki prognozlari 2021 yil uchun 4–5 foiz atrofida bo‘lgan edi, lekin Osiyo taraqqiyot banki noyabr oyi oxirlarida prognozlarini yangiladi. Bunda Markaziy Osiyodan tashqari butun Osiyo mintaqasi uchun iqtisodiy prognozlar pasaytirilgan. Agar mintaqalar kesimida qaraydigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo davlatlari uchun iqtisodiy prognozlar yangilangan. O‘zbekiston, Ozarbayjon, Tojikiston kabi davlatlarda 2021 yilda 3 chorakda kuzatilgan kuchli iqtisodiy o‘sish hisobiga bu prognozolar yangilangan», — deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziy sektor mudiri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilga kelib, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 100 milliard kv soatdan oshirish reja qilingan. Agar iqtisodiy o‘sish 5–6 foizga rejalashtirilgan bo‘lsa, yillik elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi ham shu atrofda bo‘lishi kerak. Bu aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
«O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ham katta potensiyalga ega. Ushbu tarmoqdagi yillik o‘sish sur’atini kamida 5 foiz atrofida ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bu mehnat unumdorligi yuqori bo‘lgan ekinlar ekishga o‘tish, paxta-g‘alla yetishtirishni kamaytirish hisobiga issiqxonalar orqali meva-sabzavotlarni yetishtirish va eksport hajmini 2026 yilga kelib, 5 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan», — deydi Nozimjon Ortiqov.
Bundan tashqari, metallurgiya sohasida keyingi 5 yil ichida oltin va kumush ishlab chiqarishni 26 va 42 foizga oshirish, mis va qora metall ishlab chiqarishni 2 barobarga oshirish, tabiiy gazni qayta ishlab chiqarishni bugungi kundagi 8 foizdan 20 foizga yetkazish, gaz-kimyo sanoatida mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga ko‘ra, kamida 70 milliard dollar atrofida xorijiy investitsiyalarini o‘zlashtirish, jami 120 milliard dollar atrofida umumiy investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.
Manba: Bugun.uz
Izoh qoldirish